17:02 / 05.12.2021
8063

“Homiylik niqobi ostida xizmat ko‘rsatish...” – Akmal Burhonov shahar hokimligiga sovg‘a qilingan Mercedes haqida

Xalqaro press-klubning 2 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan sessiyasida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burhonov Toshkent shahar hokimligi fuqarodan Mercedes-Benz S500 avtomobilini sovg‘a sifatida qabul qilganiga to‘xtalib, qonunchilikda bu masala ochiq qolganini ta'kidladi.

“Jamoatchilik vakillari va blogerlar tomonidan bu masala ko‘tarilayotgani – korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha idoralarga signal. Afsuski, oxirgi paytlarda haqiqatan ham ayrim davlat xizmatchilari, ayniqsa, mahalliy davlat hokimiyati idoralari tomonidan mana shunday dabdabaga berilish yoki bo‘lmasa qaysidir homiylar orqali yoxud homiylik niqobi ostida qanaqadir qurilishlarni amalga oshirish, xizmatlarni ko‘rsatish holatlari ham kuzatilyapti. Albatta, bularning barchasida ham g‘araz niyatlar, maqsad bo‘lmasligi mumkin. Lekin ayrimlarida afsuski shunaqa holatlar ham bor.

Tan olib aytish kerak, O‘zbekistonda mana shu masala ochiq qolgan. Ya'ni sovg‘a siyosati, davlat xizmatida sovg‘alarni olish-berish, homiylik masalasi, eng ko‘p ko‘tariladigani bu – davlat xizmatida manfaatlar to‘qnashuvi masalasi. Bu ham ishga qabul qilishdagi, mansab pillapoyalaridan ko‘tarilishdagi yoki bo‘lmasa xaridlarni amalga oshirishdagi manfaatlar to‘qnashuvini ko‘p ko‘ryapmiz.

Bir narsani alohida ta'kidlamoqchimanki, bu masala davlat rahbarining alohida diqqat-markaziga tushdi va biz davlat rahbaridan bu masalalarni keskin tartibga solish bo‘yicha aniq topshiriq oldik. Bu bo‘yicha dastlabki natijalarimiz bor. Ya'ni hozir ishlab chiqilayotgan “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonunga sovg‘a siyosati deb nomlangan alohida bob kiritilmoqda. Unda davlat xizmatchilariga beriladigan sovg‘alarning miqdori belgilanmoqda, umuman, bu jarayon tartibga solinmoqda.

Ikkinchisi, manfaatlar to‘qnashuvi. Kuni kecha ishlab chiqib, jamoatchilik muhokamasiga qo‘ydik bu masalani. Ya'ni davlat xizmatiga qabul qilishda qarindosh-urug‘chilik, nepotizmning oldini olish, Mehnat qonunchiligi va boshqa qonun hujjatlarini o‘zgartirish, eng muhimi, bunga yo‘l qo‘yganlik uchun javobgarlikni belgilash masalasi ham qo‘yilyapti.

Yaqinda Yevropada xizmat safarida bo‘ldik. Xorijiy hamkorlarimiz bilan Germaniya tajribasi asosida O‘zbekistonda aynan davlat xizmatchilariga, umuman, davlat xizmatida homiylik masalasini tartibga solish ham kun tartibida turibdi. Ya'ni bugun jamoatchilik buni ko‘tardi va eng muhimi bunga javob beradigan, reaksiya qiladigan taraf borligi, siyosiy iroda borligini alohida ta'kidlamoqchiman. O‘ylaymanki, bu masala yaqin kunlarda tartibga solinadi, qonunchilikdagi bo‘shliq to‘ldiriladi”, deb aytgan agentlik rahbari.

Eslatib o‘tamiz, internetda 30 noyabr kuni Ziyoda Latipova ismli fuqaro Toshkent shahar hokimligiga 250 000 dollar turadigan Mercedes-Benz S500 avtomobilini sovg‘a qilgani haqida xabarlar tarqaldi. Bu xabar jamoatchilik faollari o‘rtasida muhokamalarni keltirib chiqardi.

Jumladan, bloger Umid G‘afurov Jahongir Ortiqxo‘jayev 10 oktyabr kuni MotorFest tadbiriga aynan shunday raqamli mashinada tashrif buyurganiga e'tibor qaratib, shahar hokimi o‘z mashinasini shu yo‘l bilan hokimlik balansiga o‘tkazganini taxmin qilgandi.

Mazkur holat amaldagi qonunchilikka qanchalik muvofiqligini tekshirgan Aksilkorrupsiya agentligi direktori Akmal Burhonov Gazeta.uz’ga Toshkent shahar hokimligiga Mercedes-Benz sovg‘a qilinishida qonun buzilishi holati bo‘lmaganini ma'lum qilgandi.

Top