16:46 / 14.02.2022
14596

“Tabiiy boyliklarni kimyoviy boyitib, narxini 10 barobargacha ko‘tarish mumkin” - 6ta xalqaro patent olgan o‘zbek kimyogari

“Koreyadagi 7,5 yillik faoliyatim davomida 267 turdagi yangi qotishmalar kashf qilganman, bulardan oltitasi xalqaro patent olgan”, deydi o‘zbekistonlik kimyogar Elyorjon Jumayev. NASA agentligi, Hyundai va Samsung kompaniyalarining loyihalarida qatnashgan olim Kun.uz bilan suhbatda kasbiy faoliyati va kimyo fanining ahamiyati haqida so‘zlab berdi.

Elyorjon Jumayev, Janubiy Koreyaning Sejong universiteti

Elyorjon Jumayev hozir Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi Yangi O‘zbekiston universiteti prorektori vazifasida ishlaydi. Yaqinda uning “Yuqori darajada mustahkamlik va egiluvchanlikka ega nikel asosli yangi superqotishmalar” ixtirosi xalqaro miqyosda patentga loyiq topildi. Bu ixtiro aerokosmik va avtomobilsozlik sohalari uchun muhim yangilik bo‘ldi. Yangi superqotishma yengil bo‘lishi bilan birga, juda yuqori haroratga bardoshli hisoblanadi.

“Bolaligimdan elektromobillar va aerokosmik kemalarga qiziqqanman”

— Bolaligimda avtomobilsozlik, ayniqsa, aerokosmik kemalarga juda qiziqardim. Shu sohada qandaydir yangilik qilish fikri menga tinchlik bermasdi. Shu istak ortidan Toshkent texnika universitetining material texnologiyasi yo‘nalishiga o‘qishga kirdim. U paytlar elektromobillar endi chiqayotgan edi. Shularga qiziqqanman va 2014 yilda bakalavrni bitirib, Germaniya qo‘shma korxonasida ham qisqa vaqt muhandis bo‘lib ishladim. 2014 yil oxiridan Koreyada Sejong universiteti nanotexnologiyalar va ilg‘or materiallar texnologiyasi yo‘nalishiga magistraturani boshlab, 2016 yil oxirida bitirdim. 2017 yildan doktoranturada o‘qiganman va 2021 yilda texnika fanlari doktori unvonini oldim.

Koreyadagi faoliyati, Hyundai Motors va NASA loyihalaridagi ishtiroki haqida

— Koreyada tahsilim davomida Samsung Electronics’da telefonlar vaznini pasaytirish bo‘yicha yangi turdagi nanomateriallarni ishlab chiqarish loyihasida ham 2 yil faoliyat yuritdim. Va yana Hyundai Motors, NASA loyihalarida qatnashdim. Batareya quvvatini saqlash bo‘yicha Tesla'dan keyingi o‘rinda turuvchi Ioniq 5 elektromobillari bo‘yicha takliflar ishlab chiqqanman.

NASA bilan ishlagan loyiham haqida ma’lumot berolmayman, chunki bu kasb siri hisoblanadi. NASA bilan hamkorligim hozir ham davom etyapti.

Elyorjon Jumayev, Janubiy Koreyaning Sejong universiteti

Magistratura davomida menda uchyoqlama o‘ylash qobiliyati shakllana boshlagan. Bajarayotgan tajribamni 3 tomonlama tasavvur qilishni o‘rganganman. Zamonaviy ilmda ham uchyoqlama o‘ylash juda katta rol o‘ynaydi. Buni so‘zda ifodalash qiyin. Bunda bajarayotgan ishingizni his qilish ham muhim. Shuning uchun Koreyadagi ilmiy rahbarim meni O‘zbekistonga qo‘yib yuborishi qiyin bo‘lgan.

Yangi ixtironing sanoatdagi ahamiyati

— Yaqinda patent olgan “Yuqori darajada mustahkamlik va egiluvchanlikka ega nikel asosli yangi superqotishmalar” ixtirosida ham uchyoqlama o‘ylashdan foydalanilgan. Bu erkin asosli superqotishma uzoq ishlaydigan, masalan, avtomobilsizlik, ichki yonuv dvigatellari, aerokosmik ishlab chiqarishda foydalaniladi.

Hozir dunyo davlatlarida inconel degan nikel asosli qotishma bor. Bu rivojlangan avtomobilsozlikda ko‘p ishlatiladi. Asosan Chevrolet, Hyundai, Kia'lar motorida shunday material ishlatiladi.

Nikel asosli super qotishma, avtomobilsozlik uchun tayyorlangan shakl
 Nikel asosli super qotishma, vakuumda tayyorlangan varianti

Yangi ixtiro nikel asosli superqotishmalar oilasiga mansub bo‘lgan metall kompozitsiya hisoblanadi. Uning afzalligi oksidlanish darajasi yo‘qligida, ya’ni korroziyaga uchramaydi, shu sabab uzoq muddat yaroqli bo‘ladi. Zichligi pastligi hisobiga yengil, lekin bu mo‘rt degani emas. Ya’ni u yengil, mustahkam, egiluvchan, har xil harorat va iqlimlarda sinib ketmaydi, tashqi muhit ta’sirini olmaydi.

Bu ixtiro ustida 4 yildan beri, Hyundai Motors'dagi ilmiy loyihada bo‘lim boshlig‘i bo‘lgan paytlarimda ishlashni boshlaganman. Shuningdek, bu – doktoranturadagi ishimning davomidir. Uni patentlashga ham 2 yilcha vaqt ketdi. Patentlashda xalqaro patent agentligi tomonidan men yuborgan natijalar birma-bir tekshirilib, ixtironing noyob ekani isbotlanishi kerak edi.

“Kimyoda tajriba o‘xshashi uchun 3-4 sekund ham muhim”

— Ixtiro patentlangandan keyin, bu materialdan mening ruxsatim bilan foydalanishadi. Patentda qanaqa turdagi qotishma ekani aytiladi, lekin bu materialni tayyorlash formulasini mendan boshqa kishi bilmaydi.

Kimyoda biror tajriba qilinayotganda, u o‘xshashi uchun 3-4 sekund ham katta rol o‘ynaydi. Buni ixtiro muallifi seza oladi. Shu sabab boshqa kishi materialni tayyorlashni uddalay olmaydi.

Koreyada 7,5 yil faoliyat ko‘rsatgan bo‘lsam, shu vaqt ichida 267 turdagi yangi qotishmalar kashf qilganman. Bulardan oltitasi patent olgan. Har bir patentda 45taga yaqin yangi turdagi qotishmalar qilganmiz.

Elyorjon Jumayev, Janubiy Koreyaning Sejong universiteti

Birinchi marta 2016 yilda patent olganman va o‘shandan beri yuqori haroratda ishlaydigan nanotexnologiyalar bilan ishlayman. Bundan tashqari, yuqori legirlangan qotishmalar bilan ko‘p ishlaganman va ularning 2ta muhim guruhiga asos solganman. Bu izlanishlar asosida hozirgacha 100dan ortiq olim moddaning yangi xususiyatlarini sinab ko‘rgan.

O‘zbekistonda kimyo nega rivojlanmayotgani haqida

— Kimyoviy kashfiyotlarimiz yo‘qligiga sabab ko‘p. Masalan, dunyoda kimyoviy laboratoriya va kimyoviy izlanishlar ancha qimmat turadi. Bu uchun juda katta pul ajratish kerak. Hatto Koreyaning o‘zida davlat ilm-fanga ajratayotgan mablag‘ katta hisoblanadi.

O‘zbekistonda ham kimyoviy izlanishlar uchun katta pul ajratilishi kerak. Balki bizda ham ajratilar, ammo natija ko‘rinmayapti. Balki o‘rtada uzilish bo‘ladi, ehtimol o‘sha mablag‘ to‘g‘ri joyiga yetib bormayapti yoki bu sohaga yana ham ko‘proq mablag‘ ajratish kerakdir.

Bizda kimyoviy yangiliklar kamligiga olimlarimiz ko‘proq nazariyaga e’tibor berishi ham sabab bo‘ladi. Chunki ilm-fanda nazariy tajribaning muvaffaqiyatsiz chiqish ehtimoli baland. Kimyo texnologiyalari bo‘yicha yangicha laboratoriyalarimiz ham yo‘q. Hammasi sovetcha uslubda qolib ketgan.

Bundan tashqari, bizda haliyam po‘lat, cho‘yan bilan ishlashadi. Bularni hozir dunyoda hech kim ishlatmaydi. Vaholanki, O‘zbekiston – tabiiy boyliklarga boy hudud. Biz asosan sof elementni eksport qilamiz. Ko‘proq o‘rganilsa, uni boyitib, qo‘shimcha elementlarni qo‘shib, narxini 10 barobargacha ko‘tarsa bo‘ladi.

“O‘zbek kimyogarlari jamoasini tuzishni niyat qilganmiz”

— Koreyada qilayotgan ishimdan o‘sha davlat foyda ko‘rardi. Kashfiyotlarim bilan o‘zim non-tuzini yegan, ulg‘aygan davlatni rivojlantiradigan bo‘lsam, bundan oilam, qarindoshlarim yoki yaqin o‘rtoqlarim foyda ko‘rishi mumkin. Shuning uchun ham O‘zbekistonga qaytganman. Sharoit bo‘lsa, u yoqda qilgan ishimni bu yoqda qilaveraman.

Masalan, hozir Yangi O‘zbekiston universitetida kimyo laboratoriyalarini tashkil qilyapmiz. Shu paytgacha qilgan kashfiyotlarimni O‘zbekistondagi laboratoriyada sinash va buni o‘zbek talabalariga o‘rgatib, O‘zbekistonda ham kimyogarlar jamoasini tashkil etishni niyat qilganmiz. O‘zbek olimlari bilan jamoa tuzib ishlaydigan bo‘lsak, bu O‘zbekistonning dunyo reytingidagi o‘rniga ham katta ta’sir qiladi.

“Dasturlashning asosida ham kimyo yotadi”

— Bizning bolalarda kimyo, fizika deganda qo‘rquv bor. Undan matematika oson deb, hozir hamma o‘zini dasturlashga uryapti. Lekin o‘sha dasturlashning negizi kimyoligini hamma ham tushunmayapti. Masalan, Koreya dunyoda mikrochiplar bo‘yicha 1-o‘rinda turadi. Mana, Koreyada pandemiya sabab zavodlar ishlamay qoldi, butun dunyoda mikrochiplar tanqisligi yuzaga keldi. Mikrochiplar ishlab chiqarish bevosita kimyo muhandisligiga bog‘liq soha hisoblanadi.

Biz o‘qitayotgan talabalar ham boshida dasturlashga qiziqib o‘qishga kirgan bo‘lsa, o‘sha dasturlash ostida ham material yotishini ko‘rib, kimyoga qiziqishni boshladi. Hozir birinchi kursdanoq ular o‘z startap loyihalariga ega. Talabalarning ko‘zida olov ko‘rasiz.

Zuhra Abduhalimova suhbatlashdi.

Mavzuga oid
Top