Jahon | 11:04 / 12.08.2022
3997
5 daqiqa o‘qiladi

Shryoder imtiyozlardan mahrum qilingani uchun bundestagni sudga berdi

Bundestag budjet qo‘mitasining Shryoderni parlamentdagi byurosidan mahrum qilish to‘g‘risidagi qarori noqonuniydir, deya xabar berdi Germaniya sobiq kanslerining yuridik jamoasi. Shryoder nomidan ariza Berlin ma’muriy sudiga yuborilgan.

Foto: Wiki

Germaniya sobiq kansleri Gerhard Shryoder Germaniya parlamenti – bundestag ustidan sudga murojaat qilib, sobiq hukumat rahbarining may oyida qisman bekor qilingan imtiyozlarini tiklashni talab qildi. Shryoder sobiq kansler ofisini unga qaytarishni va xodimlar shtatini tiklashni so‘ramoqda. Bu haqda 12 avgust, juma kuni Shryoderning gannoverlik advokati Mixael Nagel dpa nemis agentligiga ma’lum qildi. 

Nagelning so‘zlariga ko‘ra, Shryoder nomidan da’vo arizasi Berlin ma’muriy sudiga yuborilgan. Bundestag budjet qo‘mitasining Shryoderni parlamentdagi byurosidan mahrum qilish haqidagi qarori noqonuniydir, deyiladi dpa tomonidan olingan advokatlik byurosining bayonotida. 

Shryoderning gannoverlik advokati Germaniyada jinoyat ishlari bo‘yicha eng mashhuri advokatlardan biri hisoblanadi, deya qayd etgan agentlik. U Germaniya sobiq federal prezidenti Kristian Vulfning manfaatlarini himoya qilgan. 

May oyida bundestagdagi hukmron koalitsiya 78 yoshli Shryoderning ofisini yopish bo‘yicha kelishuvga erishgani ma’lum bo‘ldi. Bundan buyon sobiq kanslerlarning alohida ta’minoti ularning maqomi bilan emas, balki o‘z majburiyatlarini bajarishi bilan asoslanadi, deya ma’lum qildi bundestag budjet qo‘mitasi. 

Qo‘mita fikricha, Shryoder endi bunday majburiyatlarni bajarmaydi. Sobiq kanslerning pensiya va himoyasi saqlanib qoladi. OAV hisob-kitoblariga ko‘ra, Shryoderning xodimlariga xarajat bir yilda 400 ming yevroni tashkil qilgan. O‘tgan yili uning byurosida besh nafar xodim ishlagan, ofis rahbari esa oyiga 10 ming yevrodan ko‘proq maosh olgan, deb xabar berdi Handelsblatt. 

2022 yil mart oyida ayrim xodimlar sobiq kanslerning Rossiya haqidagi pozitsiyasiga norozilik sifatida u bilan ishlashdan bosh tortdi. Ular bundestag apparatining boshqa joylariga o‘tkazildi. Ofisning ko‘p yillik rahbari va sobiq kanslerning spichrayteri ham ketdi. 

Rossiya Ukrainaga qarshi urush boshlaganidan so‘ng, Germaniya Sotsial-demokratik partiyasi (GSDP)ning mintaqaviy bo‘linmalari Shryoderni partiya safidan chiqarish talablarini ilgari surdi. Biroq, Gannoverdagi GSDP maxsus komissiyasi Germaniya sobiq kanslerini tanqid qilish yoki partiyadan chiqarib yuborish uchun hech qanday asos ko‘rmadi. 

Germaniyada Shryoder Putindan uzoqlashishdan bosh tortgani va Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishini qat’iy qoralab chiqmagani uchun keskin tanqid qilinyapti. «Tajovuzkor, Putin kabi urush qo‘zg‘atuvchisi bilan hech qanday ish olib borish kerak emas. Sobiq kanslerga kelsak, gap uning shaxsiy hayoti haqida ketmayapti. Ayniqsa, hozirgi vaziyatda», - deya Shryoderni tanqid qildi Sotsial-demokratik partiya (GSDP) raisi Lars Klingbayl. «Men Gerhard Shryoder tarixning to‘g‘ri tomonini tanlashini istardim. Lekin u noto‘g‘ri tomonni tanladi», - deya qo‘shimcha qildi u. 

«Gerhard Shryoderning Rossiya energetika kompaniyalaridagi faoliyati Yevropada, ayniqsa Sharqiy Yevropadagi qo‘shnilarimiz o‘rtasida mamlakatimizga nisbatan ko‘plab savollar tug‘dirdi. Bunda yaxshi narsaning o‘zi yo‘q», - dedi Germaniya federal prezidenti Frank-Valter Shtaynmayyer.

Mart oyida Shryoder Gannoverning faxriy fuqarosi maqomidan va mahalliy «Gannover 96» futbol klubi boshqaruvi faxriy a’zoligidan mahrum qilingan edi. May oyida Yevropa parlamenti Shrederni rossiyalik oligarxlarning sanksiyalar ro‘yxatiga kiritishga chaqirdi. 

Shundan keyingina sobiq kansler 2017 yildan beri ishlab kelgan «Rosneft» direktorlar kengashi raisi lavozimini tark etayotgani ma’lum bo‘ldi. Biroz vaqt o‘tgach, Shryoder «Gazprom»ning konserni direktorlar kengashiga a’zo bo‘lish taklifini rad etdi. Sobiq kansler Rossiya energetika kompaniyalarida ishlagani uchun yiliga bir million yevro olgan, deb yozadi The New York Times gazetasi. 

Mavzuga oid