Ishlari Oliy suddan qaytayotgan sudyalarga nisbatan javobgarlik kuchaytirilishi taklif etilmoqda
O‘zbekiston konstitutsiyasiga kiritilayotgan o‘zgartirishlarda to‘g‘ridan to‘g‘ri sudlarga daxldor islohotlar amalga oshirilishi ko‘zda tutilmagan. Kun.uz huquqshunoslarning bu boradagi fikrlari bilan qiziqdi. Suhbat davomida sud tizimidagi muammolar tahlil qilindi.
– Konstitutsiyaviy islohotlarni kuzatar ekanmiz, nima uchundir sudlar faoliyatiga oid o‘zgartirishlar ko‘zga tashlanmaydi. Prezident administratsiyasi rahbari tanqidiy yig‘ilishda ham aholining sudlar faoliyatidan norozi ekanini ta’kidladi. Oliy sud raisi bejiz o‘zgargani yo‘q. Faoliyatida yo‘l qo‘ygan kamchiliklari tufayli ishdan olingani aytilyapti. Nima deb o‘ylaysiz, shunday vaziyatda sudlarning mustaqilligini tom ma’noda ta’minlaydigan islohotlarga qo‘l urilmayapti?
Rasul Kusherboyev, deputat, huquqshunos:
– Bilasizmi, fikrimcha, Konstitutsiyada sudga oid belgilangan normalar shundoq ham yetarli. Gap uni ishlatishda qolgan. Uning mustaqilligi ham ko‘rsatilgan va hokazo. Boshqa qonunlarimizda ham ko‘zda tutilgan. Lekin ular amalda mustaqil bo‘la olmayotgandir. Siz menga birgina misolni aytyapsiz. Balki ijobiy holatdir, lekin oddiy mantiqiy savol kelib chiqadi. Administratsiya rahbari nega Oliy sudga borib tanqidiy yig‘ilish o‘tkazyapti?
– Nega?
– Bu tashkilot Oliy suddan yuqori turuvchi organmi degan savol paydo bo‘ladi? Nima uchun uning maqomi Konstitutsiyada shunday deb ko‘rsatilmagan?
Birgina Oliy sud raisining o‘zi sud tizimining bu ahvolga tushib qolishiga sababchimi? Yo‘q. Tizim shunaqa bo‘lib qoldi. Qonunda boshqacha, amalda umuman boshqacha tizimni o‘zimiz yaratib qo‘ydik-ku. Oqibatda sudyalarning ko‘pchiligida jur’at yo‘q, qo‘rqoq.
– Chunki bosim bor...
– Bosim bor. Shu paytga qadar ular fuqarolarning konstitutsion huquqini buzadigan normalar qabul qilayotganini ular bilmasdi deb o‘ylaysizmi? Ular juda yaxshi bilardi, faqat ular juda qo‘rqoq edi. Jur’atsiz edi. Ular shunday qaror qabul qilib qo‘ysa, ertaga uni ishdan bo‘shatib yuborishini yoki nimadir uyushtirib, ayblab, qamab qo‘yishlari mumkinligini doim his qilib yashadi ular. Oqibatda qo‘rqoqlardan iborat korpusni shakllantirganmiz.
O‘ylaysizki, birgina raisni almashtirgan bilan tizim o‘zgarib qoladimi? Yo‘q. Ularga, avvalo, jur’atni qaytarish kerak. Ishonch, jur’at o‘ziga qaytmagunicha foydasi yo‘q. Birgina mana shu administratsiya vakillarining Oliy sudga kelib tanqidiy yig‘ilish o‘tkazishining o‘zi Oliy sud mustaqilmi degan savolni yuzaga keltirmaydimi?
Konstitutsiyaga kiritilayotgan o‘zgarishlarni sudlarga tegishli emas deb ayta olmaymiz. Bevosita sud hokimiyati institutiga tegishli bo‘lganlari kamdek ko‘rinishi mumkin. Lekin boshqa o‘zgarishlar, masalan, inson huquqlariga oid o‘zgarishlar kiryaptiki, bu bevosita barcha davlat organlari qatorida sud organlariga ham tegishli hisoblanadi.
Sudlarning hayotimizdagi ahamiyati juda muhim. O‘zim sud va adolat so‘zlarini sinonim deb tushunaman. Sudlarning muhimligi shundaki, har qanday huquqbuzarlik, nizo yoki kelishmovchilik bo‘ladimi uning oxirgi yechimi borib ushbu idoralarga taqaladi. Ya’ni oxirgi nuqtani sud qo‘yadi.
Shu sababli agar sudlarda ham adolat topilmaydigan bo‘lsa, bu jamiyatdagi ijtimoiy keskinlikni keltirib chiqaradi. Sudga ishonmagan fuqaro, davlatga ham ishonmaydi. Shu uchun ham sudlarga bo‘lgan ishonchni oshirish, sudlovdagi professionallikni ta’minlash bilan bog‘liq bo‘lgan masalalar o‘zining yechimini to‘liq topadi. Sudlarning mustaqilligini amalda ta’minlashimiz kerak deb o‘ylayman.
– Qanday qilib ta’minlash mumkin, sizningcha?
– Viloyat sudlari bor, tuman sudlari bor, Yana Oliy sud bor. E’tibor berib qaraydigan bo‘lsak, ko‘p ishlarimiz tuman va viloyat sudlarida o‘tadi-da, e’tibor beradigan bo‘lsangiz, tuman sudlarida kimningdir aralashmovchilik holatlari bor-da. Tumanda kim aralashishi mumkin? Buni ko‘pchilik yaxshi biladi, ammo men falon lavozimdagilar deb aniq ayta olmayman. Nimagaki, buni aytsam dalillar bilan isbotlab berishim kerak.
Tajribamdan kelib chiqib o‘z fikrimni aytmoqchimanki, tumanlarda bor shu narsa. Viloyatda ham o‘tishi mumkin. Lekin Oliy sudga kelib, o‘sha narsa bekor bo‘lib qaytarilyapti. Bu bugungi kundagi tabiiy fakt. O‘sha yerning o‘z tergovchisi bor, o‘zining prokurori bor. Lekin o‘sha yerda qandaydir manfaatlar ko‘zlanadimi, endi bu narsani aniq ayta olmayman, biroq tuman va viloyat sudlarining mustaqilligi, qonunan ishlashi, yakuniy natijaga nuqta qo‘yib bersa, korrupsiyaning oldi olingan bo‘ladi deb o‘ylayman.
Nimagaki, so‘nggi nuqtani sud qo‘yyaptimi, sudgacha tergov olib borgan tergovchi o‘ylab ish qiladi. Bizda o‘sha ish o‘tib ketadi, ular ham biladi o‘tib ketishini, balki Oliy sudda sinishini ham bilar, lekin shu yergacha o‘tib ketadi-ku degan ma’noda ish ko‘radi va kimlardir buning orqasidan jabr tortadi.
– Hududlarda, tumanlarda olib qaraydigan bo‘lsak, haligacha hokimning ta’siri seziladi. Nomi aytilmaydigan, aytilsa qo‘rqadigan idoralar bor. O‘sha yerda ishlovchi xodimlarning bosimi bor sudyalarga nisbatan. Ulardan qo‘rqishadi. Nima qilinsa shu qo‘rquv yo‘qoladi?
– Rahbarni yoki bir-ikki xodimni almashtirish bilan ish bitmaydi. Haqiqatan attestatsiya qilish kerak. Tizimning o‘zi o‘z-o‘ziga savol berishi kerak: shunday ikkiyuzlamachilik qilib yashayveramizmi yoki biror o‘zgarish qilamizmi? Chunki ikkiyuzlamachilik qiyofasi axborot texnologiyalari rivojlanib borayotgan, axborotga to‘siq qo‘yish imkonsiz bo‘lib borayotgan bir vaqtda butun bir jamiyatga, butun bir dunyoga oshkora ko‘rinib qolyapti.
Bu nafaqat O‘zbekistonda, balki boshqa davlatlarda ham shunaqa. Oshkora ko‘rinib turibdi-da. Shuning uchun ham o‘sha tashkilot betimning qattiqligi, jonimning huzuri tarzida faoliyat yuritaveramizmi yoki yuzimizni yorug‘ qilish vaqti keldimi degan savollarga javob bera olishi kerak. Yo‘q, bo‘ldi, o‘zgaramiz, ikkiyuzlamachilik qilmaymiz deyiladigan bo‘lsa, uning yechimi qiyin emas.
Ishni qayerdan boshlashni hamma bilib turibdi. Faqat muammo shunda, tan olmaslikda va o‘zining qulay turmush sharoitida yashash, to‘q yashash va nafsning yuqoriligi oqibatida shunaqa davom etyapti. Agarki, yo‘q, umumjamiyat, umumdavlat manfaatlari yo‘lidan yuriladigan bo‘lsa, ko‘p narsadan tiyilishimiz kerak. Tan olish kerak, kerak paytda to‘xtatish kerak. Yo‘q, og‘aynilar, shu yerda to‘xtashimiz kerak, bu yerda qonun bor deya olishi kerak.
– Muammolar aynan nimalardan iborat? Qaysidir huquqni muhofaza qiluvchi idoralar ta’siridan sudyalar haligacha qutula olmayaptimi? Shunday holatlarni ko‘ramizki, tergovchilar yoki ayblovchilar tomonidan e’lon qilinadigan ayblov xulosasi bilan sud qarori hattoki tinish belgilarigacha bir xil. Sal o‘zgartirish bilan sud qaroriga aylantirilgan holatlar bor. Yana qanday muammolarni sanab o‘tgan bo‘lardingiz?
Farhod Primov, yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori:
– Endi sudlar faoliyati bo‘yicha mutaxassislar o‘z fikrlarini bildirib borishyapti. Albatta, hammaning o‘z fikri bor bu jarayonda. Sudlar faoliyatini ham isloh qilishda ba’zi bir omillarni inobatga olishadi deb o‘ylayman.
Masalan, sudyalarning soni bo‘yicha to‘xtalmoqchi edim. Endi sudning bir ishni to‘liq va batafsil ko‘rib chiqishi uchun ularning vaqti bo‘lishi kerak. Ba’zi holatlarda sudlarning ma’muriy, jinoiy va fuqaroviy ishlari ko‘payib ketadiki, sudning vaqti yetishmasa, bu albatta, sifatga ham ta’sir qiladi.
Aytganingizdek, tergovchi ishni yakunlayotganda ayblov xulosasi bilan yakunlanadi. Ayblov xulosasida o‘sha ishga oid barcha tafsilotlar xulosa qilinadi. Ya’ni uning ayblari isbotlangani, qaysi modda bilan javobgarlikka tortish mumkinligi to‘g‘risidagi yakuniy hujjat hisoblanadi.
– Lekin u o‘zining nuqtayi nazarini ifoda etadi.
– Albatta, tergovchi o‘zining vakolatlaridan kelib chiqqan holatda qonunga binoan tayyorlaydi bu hujjatni. Ba’zi holatlarda ayblov xulosasi va sud hukmi bir xil bo‘lib qolyapti deb aytyapsiz. Lekin haqiqat bitta bo‘ladi hamisha. Uni tergovchi ham, sud ham qaysi yo‘l bilan isbotlamasin, baribir bir to‘xtamga kelinadi.
Shu nuqtayi nazaridan ular bir-biriga o‘xshash bo‘lishi mumkin deb o‘ylayman. Shu bilan birgalikda, sudyalar ko‘rib chiqishi kerak bo‘lgan ishlarning soni ko‘p, ammo vaqti kamligini yana bir marta ta’kidlab o‘tmoqchiman. Agar sudyaning vaqti bo‘lmasa, ko‘p holatlarda bu ishning sifatiga ham ta’sir qilishi mumkin.
– Birinchi instansiyada ko‘rgan ishlari Oliy suddan qaytayotgan, boshqacha aytganda, “sinayotgan” sudyalarga nisbatan ham qandaydir chora ko‘rilishi mumkinmi?
Ilyos Yusupov, advokat:
– Nima bo‘lgan taqdirda ham sudyalarimiz adashmasligi kerak. Chunki buning ortida inson taqdiri yotibdi. Sudya shunday qaror qabul qilishi kerakki, o‘sha chiqargan qarori insonparvarlik prinsipiga ham, odillik prinsipiga ham, qonuniylik prinsipiga ham mos bo‘lishi kerak.
O‘ylaymanki, o‘sha bildirilgan sabablar, to‘g‘ri, u yerda himoya taraf ham bor, tortishuvli prinsip asosida sudlar amalga oshirilishini hammamiz bilamiz. Ayblov tarafi aybdor deb hisoblash bo‘yicha o‘zining dalillarini, fikrlarini bayon qiladi. Himoya taraf aybsizligi bilan bog‘liq yoki jinoyatni sodir etishga undovchi sabablarni bayon qiladi. Sudlar esa barcha holatlarni sinchkovlik bilan o‘rganib, odillik va insoniylik tamoyillari asosida jazo tayinlashi kerak.
Bilamiz, qonunda yozib qo‘yilgan, qonunlarimizda belgilangan jazo uni qiynash uchun emas, balki tarbiyalash uchun beriladi deyiladi. Ya’ni berilayotgan jazoning miqdori shu insonni tarbiyalash uchun yetarli bo‘lishi kerak degan fikrlar bor. Agar sudlarimiz ana shunga asoslanib, adolatli va to‘g‘ri qaror chiqaradigan bo‘lsa, o‘sha qarorlar ustidan shikoyat qilish holatlari ham keskin kamayadi.
Shu bilan bir qatorda, himoya tomondan bildirilayotgan sabablarga, ayblov tomonidan bildirilayotgan sabablarga va jabrlanuvchi va ayblovchi tomonning bildirayotgan sabablarining asosli ekanini sud qarorlarida asoslab ko‘rsatib ketishi kerak. Ana shunda o‘sha holat bo‘yicha shikoyatlar birmuncha kamayadi.
Yo‘q bo‘lib ketadi deb aytmayman. Baribir bir xillar norozi bo‘ladi, shikoyat qiladi. Ikkinchidan, yuqori turuvchi sudlarga shikoyatlar yozganimizda ma’lum bir sabablar ko‘rsatamiz. Himoyamiz ostidagi shaxsga nisbatan ilgari surilayotgan ayblovni inkor qiluvchi sabablarni o‘n varaq va ba’zan besh varaqdan iborat matnda keltirib beramiz. Lekin sudning hal qiluv qarorida bizning e’tirozlarimiz, taqdim etgan dalillarimiz negadir batafsil bayon etilmaydi, ikki qator so‘z bilan ifodalanadi va bu tabiiyki himoyada e’tirozlarni yuzaga keltiradi.
Biz bir nechta ma’lumotni keltirib, bu asossiz deb ko‘rsatsak, u yerda uning aybi belgilangan hujjatlar bilan o‘z tasdig‘ini topadi deb qo‘yiladi, shu bilan biz yana shikoyat qilishimizga to‘g‘ri keladi.
Shuning uchun intizomiy jazoni kuchaytirish kerak. Agar sudyalarimiz tomonidan shu sudyaning bilimi yetarli darajada bo‘lmagani uchunmi yoki biror bir xatolikka yo‘l qo‘yilgani sabablimi adolatsiz qaror chiqarib qo‘yib va bu adolatsiz chiqarilgan sud qarori yuqori sudlar tomonidan bekor qilinsa yoki o‘zgartirilsa, sudyaga nisbatan intizomiy jazo choralarini ma’lum bir darajada kuchaytirilsa, sudyalarimiz ham o‘z ustida ishlab, adolatli qaror qabul qilishga zamin yaratgan bo‘lar edi.
– Ya’ni ishi Oliy sudda yoki yuqori instansiya sudida ko‘rib chiqilib rad etilsa, sudyalarga qandaydir ta’sir choralarini qo‘llash kerak, deb hisoblaysiz?
– Endi bu narsa balkim ularning tizimida bordir. Hozir sudyalar oliy kengashi bor. Sudyalarning adolatli va qonunchilikka binoan hukm chiqarishini nazorat qiladigan idora bor. Balkim ularda shu narsa bordir.
Masalan, hozir Sudyalar oliy kengashi faoliyat yuritmoqda, u sudyalarning qonunlarga rioya etishi, adolatli qaror chiqarishini nazorat qilib boradi. Balki men aytayotgan mexanizm allaqachon yo‘lga qo‘yilgandir, lekin biz bu haqda bilmaymiz, fuqarolarning ham xabari yo‘q.
Jamshid Niyozov suhbatlashdi.
Mavzuga oid
17:49 / 06.12.2024
Oliy sud: 10 oyda 4 934 kishi sud zalida qamoqdan ozod qilindi
19:20 / 21.10.2024
Toshkentda sudyalar uchun Germaniya va Sloveniya tashkilotlari hamkorligida seminar-trening boshlandi
14:44 / 21.09.2024
Senatda Oliy sud raisiga o‘rinbosarlar saylandi
21:57 / 23.07.2024