16:18 / 09.09.2022
31702

Charlzdan yoshi kattaroq qirol bo‘lganmi? Uning valiahdi kim? Britaniya monarxiyasi kelajagi haqidagi savollarga javoblar

Foto: Getty Images

Buyuk Britaniya qirolichasi Yelizaveta II 8 sentabr kuni 96 yoshida vafot etdi. O‘lim kuni qirollik oilasi a’zolari Shotlandiyadagi Balmoral qal’asiga, London aholisi esa Bukinghem saroyi oldida to‘plana boshladi. Qirolicha vafotidan keyin Vindzor qasrida davlat bayrog‘i motam belgisi sifatida pastga tushirildi. Buyuk Britaniyada 10 kunlik milliy motam e’lon qilindi, u dafn marosimiga qadar davom etadi. 73 yoshli shahzoda Charlz yangi qirol deb e’lon qilindi.

Yangi qirolning ismi nima? Buni kim aniqlaydi?

Qirolning ismi Charlz III bo‘ladi – nomni shahzoda Charlzning o‘zi tanlagan. Bu uning taxtdagi birinchi qarori bo‘ldi. Umuman olganda, monarx o‘zining to‘rtta ismidan istalgan birini tanlashi mumkin edi – Charlz, Filipp, Artur yoki Jorj.

Qirol ismidagi raqam ham ketma-ket tanlanadi. Tarixda Charlz I va Charlz II kabi qirollar o‘tgani sababli, yangi monarx III raqamini tanlagan.

Qirol ismi turli tillarda har xil shaklda qo‘llanmoqda. Masalan, ispancha – Karlos, portugalcha – Karlush, fransuzcha – Sharl, chex tilida – Karel, mojar tilida – Karoli, ruminchada – Karol, italyanchada – Karlo va h.k. Nemis tilida ham Charlz, ham Karl ishlatilyapti. Rossiyada, XIX asrning oxiridan buyon shakllangan an’anaga ko‘ra, Britaniya qirollari nemischa tarzda nomlanadi: Jorj emas, Georg, Uilyam emas, balki Vilgelm, Charlz emas, Karl sifatida.

MIRRORPIX / GETTY IMAGES

Nega Charlz matbuotda qirol deb nomlanmoqda? Toj kiyish va boshqa rasmiyatchiliklarni kutish kerak emasmi?

Yo‘q, qirolicha vafot etgan vaqtda, taxt zudlik bilan va hech qanday marosimsiz merosxo‘riga, Uels shahzodasiga o‘tdi.

O‘rta asr ingliz huquqida Rex nunquam moritur tamoyili bor edi, bu ibora «qirol hech qachon o‘lmaydi» deb tarjima qilinadi.

«Qirol o‘ldi, yashasin qirol!» iborasi esa o‘rta asrlarda fransuz tilidan ingliz tiliga ko‘chib o‘tgan. U siyosiy tamoyil hisoblanadi: taxtdagi shaxs o‘lishi mumkin, ammo siyosiy fenomen sifatidagi suveren abadiy mavjud. Bu qoida oliy hokimiyatni topshirishda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan asoratlar va kelishmovchiliklarning oldini olish uchun joriy qilingan.

Qirol qanday tasdiqlanadi?

Keyingi o‘n kunlik marosimlarning aksariyati qirolicha Yelizavetaga bag‘ishlanadi. Shu bilan birga, bitta rasmiy protsedura baribir o‘tkaziladi – qirolicha o‘limining ertasi kuni soat 10:00 da, Sent-Jyeyms saroyida Taxt vorislik kengashi to‘planadi va Charlz III Britaniyaning yangi qiroli bo‘lgani e’lon qiladi.

Kengash parlamentning amaldagi va sobiq deputatlari, zodagonlar vakillari, Londonning lord-meri, Britaniyaning hamdo‘stlik mamlakatlaridagi elchilari, qirollikning oliy komissarlari va boshqa yuqori martabali davlat xizmatchilaridan iborat. Unda qirolning taxtga chiqishi rasman tasdiqlanishi kerak. Tadbirda 700 dan ortiq kishi ishtirok etishi mumkin. Odatda qirolning o‘zi bunda qatnashmaydi.

Vorislik kengashi so‘nggi marta 1952 yil fevralida, Yelizaveta II taxtga o‘tirganida yig‘ilgan edi.

Qirol qasamyod qiladimi?

Taxt vorislik kengashi yana bir marta ertasi kuni yig‘iladi. Bu safar tadbirda qirol ham ishtirok etadi.

Britaniya qirollarining hukmronligi boshlanishida hech qanday qasamyod bo‘lmaydi. Bu boshqa davlat rahbarlarining, prezidentlarning lavozimga kirishishiga o‘xshamaydi.

Ammo, yangi qirol deklaratsiya o‘qiydi. XVIII asrda shakllangan an’anaga ko‘ra, u cherkov manfaatlarini himoya qilishga va’da beradi.

Tantanali musiqa sadolari yangraganidan so‘ng, Sent-Jyeyms saroyi boloxonasida, omma oldida Charlz yangi qirol deb e’lon qilinadi. Bosh geroldmeyster «Xudoyim asragin qirolni» deb hayqiradi va madhiya yangraydi.

Qirolicha va valiahd shahzoda parlamentning rasmiy ochilishi vaqtida, 2019 yil. Foto: Getty Images

Britaniyaning «Xudoyim asragin qirolichani» madhiyasi nima bo‘ladi? Qayta yoziladimi?

Yo‘q, aslida madhiya qirol Jorj II sharafiga XVIII asrda yozilgan. Keyinchalik ayol hukmdor taxtga o‘tirganida, madhiyadagi olmosh o‘zgartirilgan va «King» (qirol) so‘zi «Queen» (qirolicha) bilan almashtirilgan. Bu safar ham shunday qilinadi.

Toj kiydirish marosimi qachon o‘tkaziladi?

Toj kiydirish marosimi yaqin oylarda o‘tkazilmasa kerak, deb yozmoqda Britaniya matbuoti. Chunki tadbir juda puxta tayyorgarlikni talab qiladi. Qirolicha Yelizaveta II 1952 yil fevralda monarx bo‘ldi, lekin faqat 1953 yil iyun oyida toj kiygan edi.

So‘nggi 900 yil davomida toj kiydirish marosimi Vestminster abbatligida o‘tkazildi. U yerda toj kiygan birinchi monarx Uilyam Fotih edi, Charlz esa qirqinchisi bo‘ladi.

Tadbir diniy marosim shaklida o‘tkaziladi. Uning yakunida Kenterberi arxiyepiskopi Charlzning boshiga 1661 yilda sof oltindan yasalgan Avliyo Edvard tojini kiydiradi. U Londonning Tauer qal’asida saqlanadi. Monarx tojni faqat mana shu marosimda kiyadi, chunki u 2,23 kg og‘irlikka ega.

Qirol oilasida o‘tkaziladigan to‘ylar va boshqa tantanalardan farqli o‘laroq, toj kiydirish marosimini tashkil qilish va o‘tkazish xarajatlari hukumat tomonidan qoplanadi. Chunki u davlat miqyosidagi tadbir hisoblanadi. Marosimga taklif qilinadigan mehmonlar ro‘yxati ham hukumat tomonidan tuziladi.

Millatlar Hamdo‘stligi rahbari

Charlz Millatlar Hamdo‘stligi – 2,4 milliard kishi istiqomat qiluvchi 56 mustaqil davlat birlashmasi rahbari bo‘ladi. Buyuk Britaniyadan tashqari u 14 ta davlatda hukmronlik qiladi: Avstraliya, Antigua va Barbuda, Bahama orollari, Beliz, Kanada, Grenada, Yamayka, Papua-Yangi Gvineya, Sent-Kristofer va Nevis, Sent-Lyusiya, Sent-Vinsent va Grenadina, Yangi Zelandiya, Sulaymon orollari va Tuvalu.

Charlzning rafiqasi endi qirolicha Kamillami?

Yo‘q, u qirolicha-konsort bo‘ladi (ing. consort - «sherik, hamroh») – bu Bukinghem saroyining Yelizaveta II vafotidan keyin berilgan bayonotida alohida ta’kidlangan.

Qirolicha deb odatda qirolning rafiqasi emas, balki to‘liq hukmdorga aylangan ayolga aytiladi. Kamilla – to‘liq hukmdor ayol emas. Xuddi qirolicha Yelizavetaning marhum eri, Edinburg gersogi Filipp ham to‘liq hukmdor bo‘lmagani va qirol unvonini olmagani kabi.

Vorislik tamoyiliga ko‘ra, Kamilla kelajakda taxtga da’vogarlik qila olmaydi, shu tufayli, Charlzning hamrohi, qirolicha-konsort hisoblanadi. Shu bilan birga, amaliyotda Kamilla unvoni baribir qisqartirilib, «qirolicha» deb nomlanaversa kerak, chunki bunday nozik tamoyil borligini hamma ham bilmaydi.

Endi kim Uels shahzodasi bo‘ladi?

Uels shahzodasi – ingliz taxtining erkak vorisiga beriladigan unvon bo‘lib, qirol unvonidan farqli o‘laroq, avvalgi monarxning vafoti paytida avtomatik ravishda o‘tmaydi. Yangi qirol uni bir necha oydan (ba’zi hollarda bir necha yildan) keyin tayinlaydi.

Shu bilan birga, Charlzning to‘ng‘ich o‘g‘li shahzoda Uilyam allaqachon taxt vorisiga aylandi, garchi hali Uels shahzodasi unvonini olmagan bo‘lsa-da.

Britaniya tarixida bu unvonni olmagan, ammo keyinchalik baribir qirol bo‘lganlar bor. Masalan, XV asrda qirol bo‘lgan Henri VI.

Unvonni berish marosimi qirol Edvard II (1284-1312) tug‘ilgan joy – Uelsdagi Karnarvon qal’asida o‘tkaziladi. Unda yangi qirol merosxo‘rning boshiga toj kiydiradi.

Qirolicha shahzoda Charlzga Uels shahzodasi maqomini beruvchi tojni kiydirmoqda, 1969 yil.  Foto: GETTY IMAGES

Nega Uelsda?

Afsonaga ko‘ra, XIII asrda Eduard I ayyorlik bilan Uelsni Angliya vassali qilib oladi — bu o‘lkadagi harbiy muvaffaqiyatlardan keyin u mahalliy zodagonlar bilan muzokaralarga kirishadi. Knyazlar Eduardni syuzeren (hukmdor) sifatida tan olishga rozi bo‘lishadi, ammo Uels shahzodasi inglizcha bilmaydigan mahalliy aholi vakili bo‘lishini talab qilishadi.

O‘shanda Eduard ularga o‘z o‘g‘lini — shu kunlarda Karnavoneda tug‘ilgan bo‘lajak qirol Eduard II’ni olib boradi va xitob qiladi: «Mana sizlarga Uels shahzodasi, u shu yerlik va ingliz tilida biror so‘z bilmaydi!»

Tarixchilar qayd etishicha, aslida Eduard I boshqaruvi davrida Angliyadagi aristokratiya eski fransuz tilida (oddiy odamlar so‘zlashgan ingliz tilida emas) gaplashishgan, ammo Eduard II chindan ham Karnarvoneda tug‘ilgan, uning otasi bu vaqtda o‘sha hududda harbiy kampaniya olib borayotgandi.

Shahzoda Charlz juda uzoq vaqt taxt vorisi bo‘lgan, endi u eng keksa qirolmi?

Ha, 73 yoshli Charlz Britaniya tarixida taxtga o‘tirgan eng keksa inson bo‘ldi. Bungacha eng keksa qirol Uilyam IV bo‘lgan. 1830 yilda taxtga o‘tirganida u 64 yoshda edi va 71 yoshda vafot etdi.

Buyuk Britaniya hayotida yana nima o‘zgaradi?

Yelizaveta II vafotidan keyin muomalaga chiqarilgan tangalar va banknotalarda yangi qirolning surati joylashtiriladi – bu an’ana qadimdan davom etmoqda. Eski tangalar va banknotalar asta-sekin yangilari bilan almashtirilgunga qadar muomalada qoladi.

XVII asrda joriy qilingan qoidaga ko‘ra, yangi qirol banknotalarda o‘zidan oldingi monarxga nisbatan qarama-qarshi tomonga qaraydi. Qirolicha Yelizaveta banknotlarda o‘ng tomonga qarab turgan bo‘lsa, Charlz chap tomonga qaragan holda tasvirlanadi. Shuningdek, pochta markalarida ham yangi qirol suratlari bo‘ladi.

Bundan tashqari, butun mamlakat bo‘ylab qirollik shifri o‘zgaradi. Bu monarxning ismi va unvoni bosh harflarining monogrammasi bo‘lib, turli narsalarga bosilgan – qizil pochta qutilaridan tortib politsiya kiyimlarigacha. Hozirgi shifr Avliyo Edvard gerbi yonida joylashgan «EIIR» shaklida. 

Top