O‘zbekiston | 15:00 / 15.09.2022
10624
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev: Toshkent xalqaro kinofestivalining dunyodagi nufuzi oshib bormoqda

Kinochilar uyida “Ipak yo‘li durdonasi” XIV Toshkent xalqaro kinofestivalining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Foto: Kinematografiya agentligi

Ochilish marosimida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning festival qatnashchilariga yo‘llagan tabrigi o‘qib eshittirildi.

“Yarim asrdan ortiq tarixga ega bo‘lgan Toshkent xalqaro kinofestivali bugun – Yangi O‘zbekiston sharoitida yangicha mazmun va qiyofaga ega bo‘lib, san’at olamidagi nufuzi yanada ortib bormoqda”, — deyilgan O‘zbekiston Prezidenti tabrigida.

Ochilish marosimi oldidan qizil yo‘lakcha tashkil etildi. Undan o‘zbek va jahon kinosining 800 ga yaqin yulduzlari o‘tdi. Marosimda O‘zbekiston Kinematografiya agentligining kino-produksiya bo‘yicha xorijiy hamkorlari, shuningdek, O‘zbekiston Kinematografiya agentligi bilan hamkorlik qilishni rejalashtirgan o‘nlab mamlakatlarning kinematografiya sohasi rahbarlari ham ishtirok etdi.

Sevimli yulduzlarini kutib olish va olqishlash uchun yuzlab toshkentliklar va poytaxt mehmonlari kelishdi.

Tadbirni amerikalik aktyor Armand Assante olib bordi. Ochilish marosimi doirasida O‘zbekiston Prezidentining kinofestival ishtirokchilarga tabrigi o‘qib eshittirildi, shuningdek, “Jahon kinematografiyasi rivojiga qo‘shgan hissasi uchun” mukofoti sovrindorlari taqdirlandi.

Mukofotlar Armand Assante, Elyor Ishmuhamedov, Takeshi Kitano, Kshishtofu Zanussi, hind aktyorlari Umesh Mehra va Zinat Amanga topshirildi.

Ochilish marosimida Lyuk Besson, Sergey Bezrukov va Burak O‘zchivit kabi mashhur kinoaktyorlar ishtirok etishdi.

O‘zbekiston Kinematografiya agentligi rahbari Firdavs Abduxoliqov “Ipak yo‘li durdonasi” XIV Toshkent xalqaro kinofestivalining ochilishi haqida rasman e’lon qildi.

Agentlik rahbari so‘zining yakunida  kinofestival ishtirokchilari nomidan yangilangan kinofestival, samimiy tabrik, ko‘rsatilayotgan e’tibor, yaratib berilayotgan shart-sharoitlar uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga chuqur minnatdorlik bildirdi.

Kinematografiya agentligining axborot xizmati Ⓣ

Mavzuga oid