12:22 / 11.10.2022
9521

Jahon bozorida bug‘doy narxi qimmatlashdi

Rossiya-Ukraina munosabatlaridagi keskinlikning kuchayishi don eksporti bo‘yicha yaqin oylarda muddati tugaydigan ikki tomonlama kelishuvning uzaytirilishini xavf ostiga qo‘ymoqda.

Foto: Vitaliy Timkiv

Rossiya qo‘shinlari Ukrainaning bir qancha yirik shaharlariga zarba bera boshlashi fonida jahon bozorida bug‘doy narxi 6,6 foizga o‘sdi va iyun oyidan keyingi eng maksimal darajaga yetdi.

«Agar asosiy ishlab chiqaruvchilar qiyinchiliklarga duch kelsa yoki Qora dengiz mintaqasidagi vaziyat yaxshilanmasa, biz oziq-ovqat xavfsizligi bilan bog‘liq keyingi muammolarni istisno eta olmaymiz», deydi Hightower Report tahlilchilari.

Urushayotgan tomonlar butun dunyo bo‘ylab asosiy bug‘doy eksport qiluvchi mamlakatlar hisoblanadi. Shuningdek, AQSh, Yevropa Ittifoqi, Hindiston va Argentina kabi boshqa yirik ishlab chiqaruvchi davlatlarda kuzatilgan anomal issiq ob-havo ham hosildorlikka salbiy ta’sir o‘tkazgan.

Ma’lumot uchun, 22 iyul kuni Istanbulda BMT va Turkiya vositachiligida RF va Ukraina o‘rtasida kelishuv imzolangandi, uning maqsadi Ukraina portlarini don olib chiqish uchun ochib qo‘yishdan iborat. Ushbu kelishuv doirasida Qora dengizda Ukraina qirg‘oqlaridan Bosfor bo‘g‘ozigacha bo‘lgan xavfsiz yo‘laklarni yaratish ko‘zda tutilib, bug‘doy eksporti Ukrainaning uchta portidan - Odessa, Chernomorsk va Yujniydan amalga oshirilishi belgilangandi.

Rossiya-Ukraina munosabatlaridagi keskinlikning kuchayishi don eksporti bo‘yicha yaqin oylarda muddati tugaydigan ikki tomonlama kelishuvning uzaytirilishini xavf ostiga qo‘yishi mumkin. Bu esa jahon bozorida bir qancha turdagi oziq-ovqat mahsulotlarining qimmatlashishiga va Ukraina bug‘doyiga qattiq bog‘langan davlatlarga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi.

 

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top