138 nafar hokim va o‘rinbosarlari, mingdan ortiq hokim yordamchilari qonunga zid ravishda biznes qilmoqda - Aksilkorrupsiya agentligi
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi o‘tkazgan tekshiruvlarga ko‘ra, 10 ta viloyatda jami 1378 nafar davlat xizmatchisi davlat xizmati bilan birga rahbar yoki ta’sischi sifatida tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanib kelmoqda. Shuningdek, yuzlab holatlarda davlat tashkilotlarining mansabdor shaxslari va qarindoshlariga tegishli korxonalar davlat xaridlarida g‘olib bo‘lgan.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi 2022 yil sentabr-oktabr oylarida Buxoro, Samarqand, Jizzax, Navoiy, Sirdaryo, Qashqadaryo, Surxondaryo, Namangan, Farg‘ona va Xorazm viloyatlarida davlat xizmatchilari tomonidan tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanib kelinayotgani holatlarini o‘rgandi.
Ma’lum qilinishicha, ushbu 10 ta viloyatda jami 1378 nafar davlat xizmatchilari: 138 nafari hokim va hokim o‘rinbosarlari, 148 nafari davlat banklari boshqaruvchisi va ularning o‘rinbosarlari, 1092 nafari hokim yordamchilari davlat xizmati bilan birga rahbar yoki ta’sischi sifatida tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanib kelmoqda.
Agentlik «biznes» qilayotgan hokimlar va yordamchilarini tumanlar miqyosida ochiqlamagan.
Shuningdek, davlat xaridlari sohasida o‘tkazilgan o‘rganishlarda hududlarda davlat tashkilotlarining mansabdor shaxslari va ularning yaqin qarindoshlariga tegishli korxonalar davlat xaridlarida ishtirok etib, g‘olib bo‘lgani aniqlandi.
Xususan, 2021-2022 yilning 6 oyi davomida Buxoro viloyatida 340 ta holatda 34,3 mlrd so‘mlik davlat xaridlaridan 19 ta holatda tashkilot rahbari va moliyaviy masalalar bo‘yicha o‘rinbosarlari, 72 ta holatda buxgalteriya xodimlari, 24 ta holatda ombor mudiri va ta’minot xodimlari, 30 ta holatda injyener va texnik nazoratchilar, 20 ta holatda shartnomalar huquqiy ekspertizasini amalga oshiruvchi yuristlar va qolgan holatda boshqa xodimlar xarid ijrochisining ta’sischisi (benefitsiari) bo‘lgan.
Surxondaryo viloyatida esa 155 ta holatda 16,1 mlrd so‘mlik davlat xaridlaridan 67 ta holatda bosh hisobchi, hisobchi va iqtisodchilar, 60 ta holatda xo‘jalik va ombor mudirlari, 28 ta holatda bo‘lim boshliqlari va boshqa xodimlar xarid ijrochisining ta’sischisi (benefitsiari) bo‘lgani aniqlandi. Xususan:
- Surxondaryo viloyati hokimligi Yagona buyurtmachi xizmati injiniring kompaniyasi tomonidan 2021 yilda amalga oshirilgan Termiz shahridagi 6-maktab binosini rekonstruksiya qilish bo‘yicha 8 mlrd so‘mlik davlat xaridida ushbu kompaniyaning yetakchi mutaxassisi ta’sischiligidagi mas’uliyati cheklangan jamiyat bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma tuzilgan;
Samarqand viloyatida 277 ta holatda 10,9 mlrd so‘mlik, Farg‘ona viloyatida 158 ta holatda 8,1 mlrd so‘mlik, Sirdaryo viloyatida 20 ta holatda 1,6 mlrd so‘mlik, Qashqadaryo viloyatida 66 ta holatda 1,1 mlrd so‘mlik, Navoiy viloyatida 14 ta holatda 0,3 mlrd so‘mlik davlat xaridlari bo‘yicha tuzilgan shartnomalarda affillanganlik va manfaatlar to‘qnashuvi holatlariga yo‘l qo‘yilgan.
Agentlik tomonidan holatlarni bartaraf qilish va kelgusida yo‘l qo‘ymaslik haqida taqdimnomalar kiritildi hamda davlat xaridlarida aniqlangan qonun buzilishi holatlari bo‘yicha huquqiy baho berish uchun prokuratura organlariga yuborildi.
Bundan tashqari, 1 trillion so‘mga yer ijaraga olgan Piskent tumani hokimi Rahimjon Rixsiyev bilan bog‘liq qonun buzilishi holatlarini bartaraf qilish hamda tegishli choralarni ko‘rish yuzasidan Toshkent viloyat hokimligiga taqdimnoma kiritildi.
Ma’lumot uchun, Vazirlar Mahkamasining 1992 yil 6 martdagi «Tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish taqiqlangan mansabdor shaxslarning ro‘yxati to‘g‘risida»gi 103-sonli qarorida davlat boshqaruv organlari xodimlari tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi taqiqlangan. 2022 yil 8 avgust kuni qabul qilingan «Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida»gi qonunning 13-moddasida davlat fuqarolik xizmatchisi tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishga haqli emasligi haqidagi qoida mavjud. Mazkur qonun 2022 yil 8 noyabrda kuchga kiradi.
Bundan tashqari, hukumatning 595-son qarori bilan tasdiqlangan «Davlat fuqarolik xizmatchilari odob-axloqining namunaviy qoidalari»da davlat xizmatchilariga tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish taqiqlanishi hamda ushbu qoidalar buzilishi qonunchilik hujjatlariga muvofiq intizomiy va boshqa turdagi javobgarlikka tortish uchun asos hisoblanishi ko‘rsatilgan.
Aksilkorrupsiya agentligi davlat xizmatchilari tomonidan tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish orqali korrupsiyaviy xavf-xatarlarga yo‘l qo‘yilishining oldini olish va bartaraf qilishga qaratilgan tadbirlar davom ettirilishini bildirdi.
Mavzuga oid
21:48 / 26.10.2024
Allamjonovga suiqasd, qonun ustuvorligida pasayish va Yevropaga yo‘l - hafta dayjesti
14:01 / 13.10.2024
“Ko‘p narsa hokimlarning saviyasiga bog‘liq” - vatanga qaytgan investor qanday to‘siqlarga uchradi?
19:17 / 30.09.2024
Bunaqada sohada kim qoladi? Yangibozor hokimi misolida dehqonlarga munosabat
16:56 / 25.09.2024