O‘zbekiston | 14:45 / 03.11.2022
8808
3 daqiqa o‘qiladi

O‘n besh yoshga to‘lmagan shaxslar bilan mehnat shartnomasini tuzishga ruxsat berilmoqda

Mehnat shartnomasini tuzish bilan bog‘liq munosabatlarda o‘zgarish bo‘ladi. Bu haqda yangi tahrirdagi Mehnat kodeksida belgilab qo‘yildi. Xususan, ishga qabul qilishda yo‘l qo‘yiladigan yoshga aniqlik kiritilmoqda.

Umumiy qoidaga ko‘ra, mehnat layoqatiga ega bo‘lgan o‘n olti yoshga to‘lgan xodimlarni ishga qabul qilish va o‘quvchilarning yengil ishini o‘qishdan bo‘sh vaqtida bajarishi uchun ularni o‘n besh yoshga to‘lganidan keyin ishga qabul qilish yo‘lga qo‘yilishi mumkin.

Endilikda, madaniy-tomosha tashkilotlarida, televideniye, radioeshittirish tashkilotlarida va boshqa ommaviy axborot vositalarida ota-onaning har ikkisining yoki ota-ona o‘rnini bosuvchi shaxsning roziligi hamda vasiylik va homiylik organining ruxsati bilan, sog‘lig‘iga va ma’naviy kamol topishiga ziyon yetkazmasdan asarlarni yaratish va (yoki) ijro etishda (ko‘rgazmaga qo‘yishda) ishtirok etish uchun o‘n besh yoshga to‘lmagan shaxslar bilan mehnat shartnomasini tuzishga ruxsat berilmoqda.

Xodim bilan muddatli mehnat shartnomasi uch yilgacha (amaldagi – besh yilgacha) tuziladigan hollar belgilandi. Shuningdek, yangi Mehnat kodeksida muddatli mehnat shartnomasini tuzish uchun asoslar kengaytirildi.

Masalan, tabiiy sharoitlar tufayli ish faqat muayyan davr (mavsum) ichida amalga oshirilishi mumkin bo‘lganda mavsumiy ishlarni bajarish uchun;

  • yo‘q bo‘lgan xodimning majburiyatlarini bajarish vaqti uchun;
  • vaqtinchalik (ikki oygacha) ishlarni hamda tabiiy sharoitlar tufayli mavsumiy ishlarni bajarish uchun;
  • ishning tamomlanishi aniq sana bilan belgilanishi mumkin bo‘lmagan hollarda muddatli xususiyatga ega bo‘lgan, oldindan belgilangan ishlarni bajarish uchun qabul qilinadigan shaxslar bilan va boshqalar.

Ishga qabul qilishda dastlabki sinov muddati uch oydan, tashkilotlar rahbarlari va ularning o‘rinbosarlari, bosh buxgalterlar hamda tashkilotlar alohida bo‘linmalarining rahbarlari uchun esa olti oydan oshmasligi kerakligi belgilandi.

Shu bilan birga, dastlabki sinov muddati belgilanmaydigan shaxs toifalari kengaytirilmoqda.

Masalan, homilador ayol, uch yoshga to‘lmagan bolasi bor ayol yoki uch yoshga to‘lmagan bolani yolg‘iz o‘zi tarbiyalayotgan otalar (vasiy) uchun;

  • zaxiraga qo‘yiladigan ish o‘rinlariga ishga joylashtirish uchun yuborilgan aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalaridan bo‘lgan shaxslar uchun;
  • davlat grantlari asosida o‘qigan va oliy ta’lim tashkilotini tamomlagan kundan e’tiboran uch oy ichida yo‘llanma bo‘yicha olingan mutaxassisligiga doir ishga kirayotgan oliy ta’lim tashkilotlarining bitiruvchilari uchun va boshqalar.

Ma’lumot uchun, Kodeks 6 oydan so‘ng kuchga kiradi.

Mavzuga oid