16:25 / 26.12.2022
11574

“Turkistonbank” va “Hi-tech bank”ning litsenziyasi qaytarib berilishi aytilmoqda

Markaziy bank ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan bu xabarga izoh bermadi. Kun.uz manbasi xabarni tasdiqladi. Lisenziyalari bekor qilingach “Turkistonbank"ning  368 mlrd atrofida, “Hi-tech bank"ning esa taxminan 5 mlrd so‘m aholidan qarzdorligi davlat hisobidan qaytarilgan. 

Foto: Turkistonbank

Telegramdagi “Muttaham bankirlar” kanali litsenziyalari chaqirib olingan “Turkistonbank” va “Hi-tech bank”ning litsenziyasi qaytarib berilishi haqida yozdi

Kun.uz bu borada Markaziy bankdan izoh so‘radi, regulyator “o‘rganish o‘tkazilayotganini” aytdi. 

Kun.uz manbasi bu xabarning to‘g‘riligini tasdiqladi. 

2022 yilning oktabr oyida Markaziy bankning tegishli qarori bilan “Turkistonbank” va “Hi-tech bank”dan bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyalar olib qo‘yilib, banklarni tugatish to‘g‘risida komissiya tayinlagandi. 

Ikkala bank tomonidan “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi qonunning 54- va 77-moddalarida belgilangan qoidabuzarliklar sodir etilgan va litsenziyasi olib qo‘yilishiga quyidagi sabablar keltirilgan:

  • bank aktivlari bo‘yicha ehtimoliy yo‘qotishlarga qarshi yetarlicha zaxira mavjud emasligi;
  • regulyativ kapitalining ellik foizidan ortiq miqdorda zarar ko‘rgani;
  • bank xizmatlari iste’molchilari huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilgani;
  • buxgalteriya hisobining hisobotga oid ma’lumotlar buzilishiga olib keladigan va bankning haqiqiy moliyaviy ahvolini aks ettirish imkonini bermaydigan qoidabuzarliklar bilan yuritilgani;
  • bank faoliyatidagi qo‘pol qoidabuzarliklarni bartaraf etish to‘g‘risidagi Markaziy bank ko‘rsatmalarining belgilangan muddatda bajarilmagani;
  • jiddiy qoidabuzarlik uchun Markaziy bank tomonidan jarima qo‘llanganidan keyin xuddi shunday qoidabuzarlik takroran sodir etilgani sababli “O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki to‘g‘risida”gi Qonunning 20-moddasiga muvofiq Markaziy bank boshqaruvi ushbu qarorni qabul qilgan.

Shundan so‘ng, 27 oktyabrdagi matbuot anjumanida regulyator rahbari “Turkistonbank"da aholining 368 mlrd atrofida, “Hi-tech bank"da esa taxminan 5 mlrd so‘m mablag‘lari borligini ma’lum qildi

U mazkur banklar omonatchilarining mablag‘lari yopilgan kungacha hisoblangan foizlari bilan 100% qaytarilishini qo‘shimcha qilgandi. 

“Fuqarolarning banklardagi omonatlarini himoyalash kafolatlari to‘g‘risida"gi Qonunda aholiga omonat mablag‘larini qaytarish Fuqarolarning banklardagi omonatlarini kafolatlash fondi tomonidan ushbu qonunda belgilangan tartibda amalga oshirilishi belgilangan. 

Aholining ikki bankdagi hujjatlari va omonatlari “Qishloqqurilishbank"ga o‘tkazilgandi. 

Ya’ni qonunbuzilish holatlari uchun litsenziyalari qaytarib olingan banklarning zarari davlat zimmasiga tushgan. 

21 noyabr kuni regulyator ”Turkistonbank” omonatchilarining mablag‘lari muddatidan avval qaytarilishini ma’lum qildi

Mavzuga oid
Top