Markaziy bank boşqaruvining 2022 yil 7 oktyabrdagi yiğilişida Turkistonbank va Hi-tech bank'ning bank faoliyatini amalga oşiriş huquqini beruvçi litsenziyalarini bekor qiliş haqida qaror qabul qilindi.

Ikkala bank tomonidan “Banklar va bank faoliyati töğrisida”gi qonunning 54- va 77-moddalarida belgilangan qoidabuzarliklar sodir etilgan va litsenziyasi olib qöyilişiga quyidagi sabablar keltirilgan:

  • bank aktivlari böyiça ehtimoliy yöqotişlarga qarşi yetarliça zaxira mavjud emasligi;
  • regulyativ kapitalining ellik foizidan ortiq miqdorda zarar körgani;
  • bank xizmatlari iste’molçilari huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilgani;
  • buxgalteriya hisobining hisobotga oid ma’lumotlar buzilişiga olib keladigan va bankning haqiqiy moliyaviy ahvolini aks ettiriş imkonini bermaydigan qoidabuzarliklar bilan yuritilgani;
  • bank faoliyatidagi qöpol qoidabuzarliklarni bartaraf etiş töğrisidagi Markaziy bank körsatmalarining belgilangan muddatda bajarilmagani;
  • jiddiy qoidabuzarlik uçun Markaziy bank tomonidan jarima qöllanganidan keyin xuddi şunday qoidabuzarlik takroran sodir etilgani sababli “Özbekiston Respublikasining Markaziy banki töğrisida”gi Qonunning 20-moddasiga muvofiq Markaziy bank boşqaruvi uşbu qarorni qabul qilgan.

Qayd etilişiça, Turkistonbank aktivlar hajmi böyiça respublika bank tizimida 26-örinni, Hi-tech bank esa 29-örinni egallagan.

Markaziy bank boşqaruvining yuqorida keltirilgan qaroriga asosan ikkala bankni tugatiş komissiyasi tarkibi tayinlangan va “Banklar va bank faoliyati töğrisida”gi Qonunga asosan bank işlarini boşqariş böyiça, şu jumladan, bank aksiyadorlarining umumiy yiğilişi, kuzatuv kengaşi va boşqaruvi vakolatlari uşbu komissiyaga ötgan.

«Özbekiston Respublikasining “Fuqarolarning banklardagi omonatlarini himoyalaş kafolatlari töğrisida”gi Qonuniga muvofiq aholining banklardagi omonatlari Fuqarolarning banklardagi omonatlarini kafolatlaş fondi tomonidan töliq kafolatlangani munosabati bilan Turkistonbank omonatçilarining barça mablağlari, birinçi navbatda, 2 oydan söng töliq qaytariladi. Aholiga omonat mablağlarini qaytariş Fuqarolarning banklardagi omonatlarini kafolatlaş fondi tomonidan uşbu qonunda belgilangan tartibda amalga oşiriladi», deyiladi Markaziy bank xabarida.