O‘zbekiston Pokiston bilan dengiz portlaridan birgalikda foydalanmoqchi
O‘zbekiston bosh vazirining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xo‘jayev raisligida videokonferensiya shaklida Xitoy bilan savdo-iqtisodiy hamkorlik, Ishchi guruhning Pokiston va Singapurga bo‘lajak tashriflariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Xitoy Davlat kengashi Bosh vazirining o‘rinbosari Xu Chunxuaning joriy yil dekabr oyida amalga oshirgan tashrifi yakunlari bo‘yicha tasdiqlangan “Yo‘l xaritasi” bajarilishi muhokama qilindi. Hujjatda O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish, xususan, o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini 10 milliard dollarga yetkazish, 500 million dollar miqdorida grant mablag‘lari va to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar jalb etish, transport-logistika aloqalarini rivojlantirish, hududlararo hamkorlik masalalari o‘rin olgan. “Yo‘l xaritasi” muqobil energetika, tog‘-kon sanoatini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni birgalikda amalga oshirish, O‘zbekiston-Xitoy agroinnovatsion parkini tashkil etish va qishloq xo‘jaligi sohasida qo‘shma loyihalarni hayotga tatbiq etish, Xitoy tajribasi asosida kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rishni va boshqa vazifalarni nazarda tutadi. “Yo‘l xaritasi”da belgilangan vazifalarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini ta’minlash yuzasidan mas’ul rahbarlarga maqsadli topshiriqlar berildi.
Yig‘ilishda Ishchi guruhning Pokistonga bo‘lajak tashrifi kun tartibining istiqbolli yo‘nalishlari ham tahlil qilindi. Xususan, Pokiston tomoni bilan dengiz portlaridan birgalikda foydalanish, ikki davlat o‘rtasidagi havo qatnovlari sonini ko‘paytirish, yuk tashuvchilar uchun viza rejimi va bojxona tartib-qoidalarini yengillashtirish, meva va sabzavotlarni qayta ishlash va eksport qilish bo‘yicha qo‘shma korxonalar yaratish, Toshkent va Islomobod shaharlarida sanoat mahsulotlarining o‘zaro yarmarkalarini tashkil etish masalalari bo‘yicha hamkorlikni faollashtirish vazifalari topshirildi.
Mutasaddi rahbarlarga elektrotexnika, kimyo, farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha O‘zbekiston-Pokiston qo‘shma sanoat kooperatsiyasi loyihalarini, to‘qimachilik, turizm, qurilish materiallari ishlab chiqarish va boshqa sohalarda hududlararo hamkorlik doirasidagi qator loyihalarni amalga oshirishni jadallashtirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Ishchi guruhning Singapurga tashrifiga tayyorgarlik ko‘rish doirasida hamkorlik yo‘nalishlarini kengaytirish va qishloq xo‘jaligi, energetika, mashinasozlik, kimyo va to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish, transport va logistika, axborot texnologiyalari, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari o‘rganildi.
Xususan, Toshkent viloyatida zamonaviy logistika markazi, Andijon viloyatida quruq port (logistika markazini) barpo etish, mamlakatimiz aeroportlarini modernizatsiya qilish loyihasini birgalikda amalga oshirish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi. Xuddi shunday tarzda tibbiyot xodimlarining tajriba almashishi va malakasini oshirish, farmatsevtika mahsulotlarini o‘zaro yetkazib berish, ikki mamlakat oliy o‘quv yurtlari o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
O‘zbekiston va Singapur o‘rtasidagi sarmoyaviy hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari alohida o‘rganildi. Tegishli rahbarlarga ikki davlatning yetakchi kompaniyalari vakillari ishtirokida O‘zbekiston-Singapur qo‘shma investitsiya kompaniyasi, Milliy investitsiya jamg‘armasi, Ishbilarmonlar kengashi va Tadbirkorlar uyushmasini tashkil etish bo‘yicha ishlarni faollashtirish topshirildi.
Yig‘ilish yakuni bo‘yicha mas’ul rahbarlarga Ishchi guruhning barcha reja hamda vazifalarini sifatli va o‘z vaqtida bajarish, shuningdek, oliy darajadagi tashrifning iqtisodiy kun tartibini kengaytirish yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.
Mavzuga oid
00:15
Pokistonda Imron Xonning 25 nafar tarafdoriga hukm o‘qildi
14:56 / 19.12.2024
O‘zbekiston oziq-ovqat mahsulotlari Pokiston bozoriga olib kiriladi
13:48 / 18.12.2024
Pokiston supermarketlarida O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi mahsulotlari sotiladi
15:54 / 12.12.2024