O‘zbekiston | 11:25 / 30.01.2023
39180
2 daqiqa o‘qiladi

Nukusdagi portlash oqibatida halok bo‘lganlar soni ortdi

Vayronalar ostidan yana 4 kishining jasadi topildi.

Foto: FVV matbuot xizmati

Nukusda gaz portlagan uy vayronalari ostidan yana 4 kishining jasadi topildi. FVVning so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, fojia oqibatida halok bo‘lganlar soni 5 nafarni tashkil etmoqda.

«29 yanvar kuni soat 16:15 larda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahri «Temir jol» MFYdagi 4 qavatli uyning to‘rtinchi qavatida joylashgan xonadonlarning birida havo-gaz aralashmasi chaqnashi sodir bo‘lgan. Yuzaga kelgan kinetik zarba natijasida bino konstruksiyalariga qisman shikast yetgan.

Zudlik bilan voqea joyiga FVV qutqaruvchilari va tegishli idoralar xodimlari yetib borib, qidiruv-qutqaruv ishlarini olib borishgan.

30 yanvar kuni soat 02:30 larda FVV qutqaruvchilari tomonidan turli darajadagi jarohatlar bilan vayronalar ostida qolib ketgan 5 yoshli qizaloq chiqarib olinib, malakali tibbiy yordam ko‘rsatish uchun shifoxonaga yuborilgandi. Shuningdek, oradan 30 daqiqa o‘tib bino konstruksiyalari orasidan bir kishi jasadi topilgandi.

Erta tongga kelib, vayronalar ostidan yana 4 nafar fuqaroning jasadi topilib, jami halok bo‘lganlar 5 nafar bo‘ldi», deyiladi vazirlik xabarida.

Voqea joyida Favqulodda vaziyatlar vaziri boshchiligida hodisa oqibatlarini bartaraf etish ishlari davom etmoqda.

Mazkur holat yuzasidan dastlabki tergovoldi surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid