Zelenskiy Yevroparlamentda yevropaliklarga yordam uchun minnatdorchilik bildirdi
Bryusseldagi Yevroparlamentda nutq so‘zlagan Ukraina prezidenti Rossiyani «eng antiyevropa kuchi» deb atadi. Ukrainaliklar g‘alabaga qadar kurashadilar, deb va’da berdi u.
Ukraina va Yevropa Ittifoqi hozirda dunyodagi «eng antiyevropa kuchi» bo‘lgan Rossiyaga qarshi birgalikda kurashmoqda. Bu haqda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 9 fevral, payshanba kuni Yevroparlamentda so‘zlagan nutqida aytib o‘tdi. U Rossiya agressiyasini qaytarishda qo‘llab-quvvatlagani uchun yevropaliklarga minnatdorchilik bildirdi.
Zelenskiyning ta’kidlashicha, uning maqsadi Ukrainani Yevropa Ittifoqiga va shu tariqa «uyga» olib kirishdir. Yevropa va uning erkin hayot tarziga diktator tomonidan tahdid qilinmoqda, dedi Zelenskiy Rossiya prezidenti Vladimir Putinning mamlakatga qarshi urush boshlash qaroriga ishora qilib. Kiyev g‘alabaga qadar kurashadi, deb va’da berdi u. Ukraina prezidenti, shuningdek, uning mamlakati Rossiya bilan urushda g‘alaba qozonganidan keyin Yevropa Ittifoqiga qo‘shila olishiga ishonch bildirdi.
Volodimir Zelenskiy Yevroparlament oldida chiqish qilar ekan, Ukrainaning unga harbiy samolyotlar yetkazib berish haqidagi iltimosini takrorlamadi.
O‘z navbatida, Yevroparlament prezidenti Roberta Metsola Ukraina Yevropa qadriyatlari uchun kurashayotganini ta’kidladi. «Millatingizning kelajagi Yevropa Ittifoqida», dedi u Zelenskiyga. Yevropa Ittifoqi davlatlari Ukrainaga o‘z erkinligini himoya qilish uchun zarur bo‘lgan qiruvchi samolyotlar bilan ta’minlash masalasini tezda o‘ylab ko‘rishlari kerak, dedi Metsola. Twitter’da u «Yevropa uchun tarixiy kun» haqida yozdi. Ukraina prezidentini Yevroparlament deputatlari uzoq qarsaklar bilan qarshi oldilar.
Shu kuni Volodimir Zelenskiy Yevropa Ittifoqi mamlakatlari davlat va hukumat rahbarlarining favqulodda sammitida ishtirok etadi. Bu sammit kun tartibida Ukraina mavzusi ustuvor bo‘ladi. Uning ishtirokchilari Ukrainadagi so‘nggi voqealar va Kiyevni yanada qo‘llab-quvvatlash masalalarini muhokama qilishlari kutilmoqda. Yevropa Ittifoqi yetakchilari Ukrainaga harbiy yordam, jumladan, uning zamonaviy G‘arb qiruvchi samolyotlarini yetkazib berish bo‘yicha so‘rovlarini ham muhokama qiladi.
Rossiyaning Ukrainaga hujumi tufayli Yevropa Ittifoqi parlamenti 23 noyabr kuni Rossiyani terrorizmga homiylik qiluvchi va terrorchilik vositalaridan foydalanadigan davlat deb e’lon qildi. Tegishli qarorni 494 deputat qo‘llab-quvvatladi, 58 nafari qarshi chiqdi, 44 nafari betaraf qoldi. 19 yanvar kuni yevropalik deputatlar Rossiya siyosiy va harbiy rahbariyati, jumladan, Rossiya prezidenti Vladimir Putin tomonidan sodir etilgan Ukrainaga qarshi tajovuz jinoyatini ta’qib qilish uchun maxsus xalqaro tribunal yaratishga qaror qilishdi. Unga 472 deputat ovoz berdi, 19 nafari qarshi chiqdi, 33 nafari betaraf qoldi.
Mavzuga oid
19:17 / 18.07.2024
Ursula fon der Lyayyen ikkinchi muddatga Yevrokomissiya rahbari etib tasdiqlandi
11:36 / 17.07.2024
Roberta Metsola Yevroparlament rahbari etib qayta saylandi
11:03 / 17.07.2024
Yevroparlamentariylar Vengriyani YeIda ovoz berish huquqidan mahrum qilishga chaqirdi
10:17 / 11.06.2024