Jahon | 08:25 / 17.02.2023
4740
2 daqiqa o‘qiladi

Yevroparlament Ukrainaga harbiy yordamni oshirishga chaqirdi

Faqatgina Ukrainaga zamonaviy G‘arb qurollarining «doimiy, barqaror va uzluksiz ta’minoti» unga Rossiya bilan urushda g‘alaba qozonishiga va barcha bosib olingan hududlarni ozod qilishga yordam beradi, deyiladi Yevropa parlamentining rezolyutsiyasida.

Foto: AP

Yevroparlament Kiyevning g‘arbiy hamkorlarini «qiruvchi samolyotlar, vertolyotlar va tegishli raketa tizimlarini Ukrainaga o‘tkazish imkoniyatini jiddiy ko‘rib chiqishga, shuningdek, o‘q-dorilar yetkazib berishni sezilarli darajada oshirishga» chaqirdi. Bu haqda Yevroparlamentning Rossiya bosqinining bir yilligi to‘g‘risidagi 16 fevral, payshanba kuni qabul qilingan rezolyutsiyasida aytiladi

Hujjatda qayd etilishicha, Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar Ukrainaga nafaqat Rossiya armiyasi hujumlaridan himoyalanish, balki Rossiya Federatsiyasi tomonidan vaqtincha bosib olingan hududlari ustidan to‘liq nazoratni tiklash imkonini berish uchun Kiyevga harbiy yordamni sezilarli darajada oshirishi va uni taqdim etishni tezlashtirishi kerak.

Qarorni 444 deputat qo‘llab-quvvatladi, 26 nafari «qarshi» ovoz berdi, 37 nafari betaraf qoldi.

Yevroparlament deputatlari, shuningdek, Yevropa Ittifoqi, AQSh, Buyuk Britaniya va Kanadani «Ukrainani zamonaviy jangovar tanklar bilan ta’minlash haqidagi va’dalarini zudlik bilan bajarishga» chaqirdi va Ukraina hukumatining «og‘ir qurollar va ilg‘or havo mudofaa tizimlari bo‘yicha» so‘rovlarini tezkorlik bilan ko‘rib chiqish uchun ittifoqchilar o‘rtasida yaqin muvofiqlashtirish muhimligini qayd etdi.

Ukrainaning asosiy maqsadi Rossiyaga qarshi urushda g‘alaba qozonish, ya’ni Ukraina armiyasining Rossiya kuchlarini xalqaro tan olingan Ukraina hududidan chiqarib yuborish qobiliyatidir, deyiladi rezolyutsiyada. «Bu maqsadga faqat Ukrainaga barcha turdagi qurollarni istisnosiz doimiy, barqaror va uzluksiz yetkazib berish orqali erishish mumkin», - deya ishontirmoqda Yevroparlament deputatlari.

Mavzuga oid