13:09 / 15.04.2023
9872

Afg‘oniston, MDH va Markaziy Osiyo – Samarqandda vazirlar darajasida 3 ta muhim uchrashuv bo‘lib o‘tdi

13-14-aprel kunlari Samarqand shahrida Afg‘onistonga qo‘shni davlatlar vazirlari, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Tashqi ishlar vazirlari, Markaziy Osiyo davlatlari va Rossiya tashqi siyosat idoralar rahbarlarining uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi.

Foto: TIV axborot xizmati

13-aprel kuni Samarqandda O‘zbekiston raisligida Afg‘onistonga qo‘shni davlatlar to‘rtinchi vazirlar uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda O‘zbekiston, Eron, Pokiston, Rossiya, Tojikiston, Turkmaniston va Xitoy tashqi siyosat idoralari rahbarlari ishtirok etdi.

Tadbirda tomonlar Afg‘onistondagi mavjud vaziyat, Tolibon tomonidan jahon hamjamiyatining asosiy talablari – inklyuziv hukumat yaratish, afg‘onistonlik ayollarning mehnat va ta’lim olish imkoniyatini hamda milliy ozchiliklarning huquqlarini ta’minlash kabi talablarning bajarilishi muhokama qilingan.

Shuningdek, Afg‘oniston xalqiga gumanitar yordam ko‘rsatish va mamlakat milliy iqtisodiyotini tiklashga qaratilgan birgalikdagi harakatlar mexanizmini ishlab chiqish zarurligi ta’kidlandi.

Xalqaro terrorizm, giyohvand moddalar ishlab chiqarish va ularning kontrabandasiga qarshi kurashda Afg‘onistonga qo‘shni davlatlarning chora-tadbirlarini kuchaytirish muhimligi ta’kidlandi.

Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlikning asosiy omili sifatida Afg‘oniston salohiyatini ro‘yobga chiqarishga ko‘maklashish muhimligi qayd etildi.

Shu nuqtai nazardan, tomonlar Afg‘oniston hududida qo‘shni davlatlar ishtirokida nafaqat yangi ish o‘rinlari yaratish, balki bu mamlakatning mintaqaviy iqtisodiy jarayonlarga yanada faol integratsiyalashuvga xizmat qiluvchi infratuzilma va ijtimoiy-iqtisodiy loyihalarni amalga oshirish tarafdori ekanliklarini bildirgan.

Samarqandda, shuningdek 14-aprel kuni Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Tashqi ishlar vazirlari kengashining yig‘ilishi ham bo‘lib o‘tdi.

MDHga a’zo davlatlar tashqi ishlar vazirlari hamda MDH Bosh kotibi Sergey Lebedev ishtirok etgan uchrashuvda tashkilot doirasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada faollashtirish, dolzarb mintaqaviy va xalqaro masalalar yuzasidan fikr almashilgan.

«O‘zbekiston tomoni prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Hamdo‘stlik doirasida savdo-iqtisodiy hamkorlik, sanoat va texnologik kooperatsiya, madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslarini amalga oshirish bo‘yicha kelgusidagi sa’y-harakatlar muhimligini ta’kidladi. Raqamli transformatsiya, yashil iqtisodiyot, turizm va yoshlarni rivojlantirish bo‘yicha yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish dolzarbligi ta’kidlandi”deyiladi O‘zbekiston TIV xabarida.

Yig‘ilishda MDHga a’zo davlatlarning ko‘p bosqichli tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida Maslahatlashuvlar rejasi hamda 2022-yilda Hamdo‘stlikka a’zo davlatlar tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi sheriklikni kengaytirish bo‘yicha Harakatlar dasturi ijrosi yuzasidan axborot eshitildi.

Hamdo‘stlikka a’zo davlatlar Hukumatlar rahbarlari kengashi va Davlat rahbarlari kengashi tomonidan ko‘rib chiqish uchun kiritiladigan hujjatlar, shu jumladan Samarqand shahrini 2024-yilda Hamdo‘stlikning Madaniyat poytaxti, Toshkent shahrini esa MDH Yoshlar poytaxti deb e’lon qilish bo‘yicha hujjatlar loyihalari ko‘rib chiqildi va tasdiqlandi.

Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Tashqi ishlar vazirlari kengashining navbatdagi yig‘ilishini 2023-yil oktabr oyida Bishkek shahrida (Qirg‘iz Respublikasi) o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Bundan tashqari, 14-aprel kuni Samarqandda Markaziy Osiyo davlatlari va Rossiya tashqi ishlar vazirlarining oltinchi uchrashuvi ham bo‘lib o‘tgan. Lekin O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligi ushbu uchrashuv tafsilotlarini ochiqlamadi.

Top