15:16 / 02.05.2023
8350

Berlinda Germaniya-O‘zbekiston biznes forumi bo‘lib o‘tdi

2 may kuni, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Germaniyaga tashrifi arafasida Berlin shahrida qo‘shma biznes-forum bo‘lib o‘tdi. Unda ikki mamlakat 250 dan ortiq yirik kompaniyalari, banklari, davlat idoralari va sanoat birlashmalari rahbarlari ishtirok etdi.

O‘zbekiston bosh vazirining o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev o‘z nutqida so‘nggi yillarda O‘zbekiston–Germaniya munosabatlari faol rivojlanib borayotgani, bunga ikki davlat rahbarlarining ishonchi va siyosiy irodasi tufayli erishilganini aytdi.

Rasmiy relizga ko‘ra, o‘zaro tovar ayirboshlash hajmining so‘nggi 5 yil ichida 2 baravarga oshgan. 2022 yil yakuniga ko‘ra, ikki tomonlama savdo ko‘rsatkichlari yana 50 foizga ko‘paygan va birinchi marta 1 milliard yevrodan oshgan.

O‘zbekistonda Germaniya kapitali ishtirokida tashkil etilgan korxonalar soni bir necha yil ichida qariyb 3 barobar ko‘payib, 200 tadan oshgan. 2017 yildan beri o‘zlashtirilgan nemis investitsiyalarining umumiy miqdori 11 barobar o‘sib, bugungi kunda 4 milliard yevrodan ortiqni tashkil etmoqda. Germaniyaning MAN, Claas, Knauf, GP Papenburg, Viessman, Deutsche Kabel, LEMKEN kabi kompaniyalari O‘zbekistonda faol biznes yuritib, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirmoqda.

Biznes-forumda Germaniya ishbilarmon doiralariga O‘zbekistondagi kadrlar salohiyati, mamlakatning geografik joylashuvi, MDH davlatlari bilan erkin savdo rejimlari, GSP+ benefitsiari maqomi, Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish ishlari, boy xomashyo resurslari hamda mamlakat rahbariyatining qo‘shma loyihalarni qo‘llab-quvvatlashga tayyorligi bildirildi.

Energetika, kimyo, oziq-ovqat va to‘qimachilik sanoati, metallurgiya, avtomobilsozlik, qishloq xo‘jaligi, qurilish materiallari ishlab chiqarish, elektrotexnika, shuningdek, farmatsevtika va sog‘liqni saqlash sohalari uzoq muddatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishning eng istiqbolli yo‘nalishlari sifatida taklif etildi.

Forum dasturi “B2B” muzokaralari hamda O‘zbekiston iqtisodiyotining turli tarmoqlari kesimidagi misollar va loyihalar taqdimoti bilan davom etdi.

Top