20:07 / 08.05.2023
12799

Rossiya regionlarida - kuchli o‘rmon yong‘inlari. Yuzlab uylar vayron bo‘lgan, qurbonlar bor

Kurgan oblastida olti kishi halok bo‘lgan. Gubernatorlar favqulodda holat rejimi e’lon qilmoqda.

Tyumen oblastida o‘rmon yong‘inlarini o‘chirish jarayoni

Sverdlovsk oblasti

Regional rasmiylarning ma’lumotlariga ko‘ra, 8 may holatiga regionda 54 157 gektar o‘rmon yong‘in ichida qolgan — hududda 64 o‘chog‘i saqlanib qolmoqda, shundan faqat 16 tasida vaziyat nazoratga olingan. Tunda yong‘inlar maydoni 21 ming gektarga ortgan. Nazoratga olingan eng yirik yong‘in o‘chog‘i — Gornouralskiy shahar okrugida bo‘lib, uning maydoni 700 gektarni tashkil etadi. E1.ru va 66.ru manbalari lokallashmagan yirik yong‘in o‘choqlari ro‘yxatini keltirgan:

  • Asbest — 6500 gektarni qamrab olgan uchta yong‘in o‘chog‘i;
  • Rej — 6260 gektarni qamrab olgan ikkita yong‘in o‘chog‘i;
  • Tugulim — 5278 gektarni qamrab olgan uchta yong‘in o‘chog‘i;
  • Verxnyaya Pishma — 4000 gektar maydondagi yong‘inlar;
  • Baykalovskiy rayoni — 3344 gektar maydondagi bitta yong‘in o‘chog‘i;
  • Irbitskiy rayoni — 3844 gektar maydondagi ikkita yong‘in o‘chog‘i.

Yong‘inni o‘chirish ishlariga qariyb besh ming mutaxassislar va bir necha ming ko‘ngillilar jalb etilgan. 66.ru nashri yozishicha, so‘nggi ikki kunda tabiiy ofat hududidan 1241 kishi xavfsiz joylarga ko‘chirilgan. 

7 may kuni kechqurun YHXBB yong‘inlar tufayli Yekaterinburg — Kurgan trassasi yopib qo‘yilgani haqida xabar berdi.

E1.ru Verxoturka qishlog‘ida olingan videoni e’lon qilgan. Bu qishloqda yashovchi oila ularning uyiga yong‘in yaqinlashayotganidan xabar topgach, uydan hujjatlarni olish uchun qaytib borgan. U yerda esa ular uylardan faqat kultepalar qolgani ustidan chiqishgan.

7 may kuni FVVning hududiy boshqarmasi chiqargan press-relizda aytilishicha, oblastda yong‘in bilan bog‘liq vaziyat «barqarorlashmoqda»: «Sredniy Uraldagi yong‘inlarni o‘chirishda barcha ishtirokchilarning yaxshi muvofiqlashtirilgan va mashaqqatli mehnati tufayli yong‘in aholi yashash manzillariga tarqalishi xavfini bartaraf etish mumkin bo‘ldi». 

Rasmiylarning so‘zlariga ko‘ra, yong‘in yuzaga kelishiga olov bilan ehtiyotsizlik sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin, issiq havo va kuchli shamol esa ularning tez tarqalishiga hissa qo‘shgan. 7 may kuni Sverdlovsk oblasti tabiiy resurslar vazirligi Yegorshinsk, Berezovsk va Tugulim o‘rmon xo‘jaliklarida o‘t qo‘yilgan bo‘lishi mumkinligini xabar qilgan. Sverdlovsk gubernatori Yevgeniy Kuyvashevning ma’muriyatiga aloqador «Ne dlya protokola» telegram-kanalida e’lon qilingan hujjatdan ham shunday xulosaga kelish mumkin. Shu bilan birga, Ura.ru nashrining kuchishlatar tuzilmalardagi manbasi qasddan o‘t qo‘yilgani haqidagi versiyaga hech qanday dalil yo‘qligini ma’lum qilgan.

Kurgan oblasti

Kurgan oblasti gubernatori Vadim Shumkov 7 may kuni butun region hududida favqulodda holat rejimi e’lon qildi. FVVdan xabar qilishlaricha, yong‘inlar tufayli Beliy Yar, Redikino, Ploskaya, Sladkokarasinskoye qishloqlari, Topol mikrorayoni, Uval va Smolino posyolkalari aholisi evakuatsiya qilingan.

TASS favqulodda xizmatlarga tayangan holda yozishicha, so‘nggi bir necha kun ichida regionda 60 ta tabiiy yong‘in ro‘yxatga olingan, shundan 13 tasi yirik yong‘inlar hisoblanadi. Ularning umumiy maydoni 11 ming gektarni tashkil etadi. 300 dan ortiq turar joylar va 3900 ga yaqin boshqa qurilishlar vayron bo‘lgan. 

Yong‘inlar oqibatida olti kishi halok bo‘lib, 14 kishi jabrlangan. Ularning aksariga kuyish tashxisi qo‘yilgan. Tergov qo‘mitasi vazifaga sovuqqonlik bilan qarash bo‘yicha jinoiy ish ochgan. 

Kurgan oblastiga uchib kelgan FVV rahbari Aleksandr Kurenkov 8 may tongida regiondagi yong‘inlarning aksar qismi nazoratga olingani haqida xabar berdi. 

Region rahbari Vadim Shumkov yong‘inlar bilan bog‘liq vaziyatni «juda murakkab» deb atadi. 

«Kecha, soat 15 dan keyin shahar chekkalari bir vaqtning o‘zida bir necha tomondan yona boshladi. Nisbatan eng og‘ir vaziyat Tyunin shossesi bo‘ylarida yuzaga kelgan. Ba’zi joylarda balandligi 10 metrdan oshadigan olov girdobi bir necha soat davomida shossening ikki tomonini aylanib chiqdi, bu hududlarda turar joylar va tashlandiq uylar joylashgan o‘nlab bog‘lar, shuningdek Smolino mikrorayoni bor edi», — deya yozgan u o‘z telegram-kanalida. 

Shumkov yong‘in oqibatida mol-mulkini yo‘qotganlarga 10 ming rubldan, mulklari to‘liq yonib ketganlarga — 50 ming rubldan to‘lab berilishini ma’lum qildi. 8 may kuni gubernator va FVV rahbari regiondagi vaziyat haqida RF prezidenti Vladimir Putinga hisobot bergan, u yong‘indan jabrlanganlarning barchasiga yordam ko‘rsatilishini ma’lum qilgan.

Tyumen oblasti

Tyumen oblastida yong‘inlar 4 maydan buyon davom etmoqda. Nisbatan eng og‘ir vaziyat Tyumen rayonida yuzaga kelgan, bu yerda Uspensk, Salairka, Bogandinka va boshqa posyolkalarda o‘nlab uylar yakson bo‘lgan. 

FVV regional boshqarmasi xabar qilishicha, 8 may holatiga oblast hududida 12 ta o‘rmon yong‘inlari davom etayotgandi, shundan sakkiztasi bir kun oldin boshlangan. Yong‘inlarning umumiy maydoni — 1170 gektarni tashkil etadi. Vaziyat issiq va shiddatli shamol tufayli og‘irlashmoqda, uning tezligi soniyasiga 23 metrga yetgan. Tyumenliklar kuyindi hidi va tutun haqida xabar berishgan.

Krasniy Yar qishlog‘i atrofida yong‘inni o‘chirish ishlari chog‘ida mahalliy aholi vakili bo‘lgan 49 yoshli kishi halok bo‘lgan. Yana ikki kishi jarohatlangan. 

Tyumen gubernatori Aleksandr Moor 7 may kuni butun oblast hududida favqulodda holat rejimi joriy etdi. «Afsuski, olov aholi turar joylariga, bizning aholi yashash manzillarimizga ham yetib kelmoqda. Ko‘rib turibmizki, ko‘p holatlarda o‘t olish sabablari hamon o‘t qo‘yish, inson omili bo‘lib qolmoqda, qayerlardadir gulxan yoqilib, olov bilan ehtiyotsiz munosabatda bo‘lingan», — degan u.

Omsk oblasti

8 may kuni region rahbari Vitaliy Xotsenko o‘rmon yong‘inlari tufayli oblast hududida favqulodda vaziyat rejimi joriy etdi. Omsk smog ichida qolgan, shahar aholisi kuyindi hididan shikoyat qilmoqda. 

Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasining Tyumen oblasti bo‘yicha boshqarmasi Tyumen — Omsk federal trassasida FV amal qila boshlagan Bogadinskiy posyolkasi hududida transport harakati cheklangani to‘g‘risida xabar bergan. 

Mavzuga oid
Top