Jahon | 14:15 / 16.05.2023
11195
2 daqiqa o‘qiladi

Borrel Hindistonni Rossiya neftini qayta sotishdan tiyilishga chaqirdi

Yevropa diplomatiyasi rahbari FT nashriga bergan intervyusida Rossiyadan neft mahsulotlarini sotish sanksiyalarni chetlab o‘tish ekanligini, unga blok a’zolari javob berishi kerakligini ta’kidladi.

Foto: Reuters

Yevropa Ittifoqi Rossiya neftining mintaqada qayta ishlangan yonilg‘i, jumladan, dizel yonilg‘isi ko‘rinishida qayta sotilishi sababli Hindistonga qarshi chora ko‘rishi kerak. Bu haqda 16 may, seshanba kuni Financial Times gazetasiga bergan intervyusida Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel ma’lum qildi.

"Agar dizel yoki benzin Hindistondan Yevropaga kirsa va u Rossiya neftidan ishlab chiqarilgan bo‘lsa, bu, albatta, sanksiyalarni chetlab o‘tishdir va a’zo davlatlar chora ko‘rishi kerak", dedi Borrel.

FT qayd etishicha, Hindiston Ukrainada urush boshlanganidan beri Rossiya xom neftining eng yirik xaridorlaridan biriga aylandi. Shu bilan birga, Hindiston neftni qayta ishlash korxonalari xom neftni sezilarli chegirma bilan sotib olib, keyin esa yonilg‘ini Yevropaga to‘liq narxda sotish orqali katta daromad olishadi. Bu savdo Rossiyaga ilgari kiritilgan sanksiyalarni buzmaydi, biroq cheklovlarni kuchaytirishga chaqiruvchilar tomonidan tanqid qilinadi, deb yozadi gazeta.

Borrelning so‘zlariga ko‘ra, 2022 yil dekabr oyida Yevropa Ittifoqi davlatlari, G7 va Avstraliya tomonidan bir barrel uchun 60 dollar darajasida joriy qilingan dengiz orqali eksport qilinadigan Rossiya neftiga narx yuqori chegarasi RFga xomashyo sotishdan tushadigan daromadlarni kamaytirishga imkon berdi, Hindistonda esa arzonroq neftdan foydalanish istagi paydo bo‘ldi.

"Hindistonning Rossiya neftini sotib olishi odatiy hol. Cheklovlarimiz tufayli Hindiston neftni ancha arzonroq sotib olishi mumkin, Rossiya qancha kam pul olsa, shuncha yaxshi", - deya qo‘shimcha qildi u. 

Mavzuga oid