Quyosh panellari uchun 2 trln so‘mlik tenderda 2ta kompaniya yutdi. Vazirlik tender natijalarini bekor qildi
Quyosh panellarini o‘rnatish bo‘yicha 6 ta lotda o‘tkazilgan 1,9 trln so‘mlik tenderda 2 ta kompaniya g‘olib deb topildi. Bu ma’lumot internetda yoyilishi fonida vazirlik ikkala g‘olib ham shartnoma shartlarini bajarmaganini ma’lum qilib, tender natijalarini bekor qildi.
Energetika vazirligi davlat tashkilotlari va ijtimoiy obektlarga quyosh panellarini o‘rnatish bo‘yicha o‘tkazilgan tender natijalarini bekor qildi.
Vazirlik qariyb 2 trillion so‘mlik tenderni 2023 yil mart oyida e’lon qilgan edi. Savdolar 6 ta lotga bo‘lingan holda o‘tkazilgan, shulardan 4 tasida Virtec Power, 2 tasida Cifra B kompaniyalari g‘olib deb topilgan.
Tenderni yangi ochilgan “Yashil energiya” MChJ o‘tkazgan. Tanlov komissiyasiga energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov raislik qilgan.
Savdolarda “Virtec Power” MChJ 10 ta hududdagi davlat va ijtimoiy obektlar uchun quyosh panellari yetkazib berish bo‘yicha jami 1 trln 148 mlrd so‘mlik buyurtmani qo‘lga kiritgan:
- Toshkent shahri uchun – 323 mlrd so‘m;
- Toshkent, Jizzax, Sirdaryo viloyatlari va Chilonzor tumani uchun – 275,8 mlrd so‘m;
- Samarqand, Navoiy va Buxoro viloyatlari uchun – 272,6 mlrd so‘m;
- Andijon, Farg‘ona va Namangan viloyatlari uchun – 276,4 mlrd so‘m.
Virtec Power'ning 17,60 foiz ulushi “Virtec” MChJʼga, 52,30 foizi Abidova Go‘zal Rixsibayevnaga va 30,10 foizi esa Abbosov Diyor Nozimovichga tegishli. Jamiyat 1999 yilda ta’sis etilgan.
Tenderda yutgan ikkinchi kompaniya Cifra B esa quyosh panellari bo‘yicha 729 mlrd so‘mlik shartnomalarni qo‘lga kiritgan:
- Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari hamda Mirzo Ulug‘bek tumani uchun – 390 mlrd so‘m;
- Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm viloyati va Olmazor tumani uchun – 339 mlrd so‘m.
2019 yilda tashkil etilgan “Cifra B” MChJga Omonov Ilhomjon Omonovich (50%) va Jamoldinov Mirzohid Marufjonovich (50%) egalik qiladi.
6 ta lotda g‘oliblik 2 ta kompaniya o‘rtasida taqsimlanganiga blogerlar e’tibor qaratishi ortidan, Energetika vazirligi rasmiy munosabat bildirdi.
Vazirlikka ko‘ra, tanlovda qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini o‘rnatish bo‘yicha 18 ta kompaniya ishtirok etgan. G‘olib deb topilgan kompaniyalar bilan tuzilgan shartnomalar shartlari bajarilmagach, natijalar bekor qilingan.
Ma’lum qilinishicha, ajratilgan mablag‘larni inobatga olib, umumiy quvvati 2,5 MWga teng quyosh fotoelektr stansiyalarini qurish bo‘yicha yangi tanlov e’lon qilingan.
“Keyingi bosqichda ushbu yo‘nalishdagi loyihalarning asosiy qismini moliyalashtirish xalqaro moliya institutlari mablag‘lari hisobidan amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, hozirda bu yo‘nalishda muzokaralar olib borilmoqda. Bu esa, o‘z navbatida loyihalarning narxini pasaytirish va ularning sifatli amalga oshirilishida muhim ahamiyatga ega”, – deyiladi Energetika vazirligi axborotida.
Mavzuga oid
23:44 / 19.10.2024
“Yashil” elektr stansiyalar orqali atmosferaga yiliga 21 mln tonna zararli gazlar chiqishi oldi olinadi - Energetika vazirligi
23:13 / 08.10.2024
Energetika vazirligi quyosh panellari bo‘yicha murojaatlarni qabul qiladigan telefon raqamlari sonini oshirdi
18:40 / 18.09.2024
Urganch davlat universiteti tomonidan o‘tkazilgan tenderda qonunbuzilishi aniqlandi
09:33 / 28.07.2024