15:06 / 12.06.2023
6598

O‘zbekiston Qozog‘istonga o‘rmon yong‘inlariga qarshi kurashda yordam berishga tayyorligini bildirdi

Shavkat Mirziyoyev Qozog‘istondagi o‘rmon yong‘iniga qarshi kurashishda O‘zbekiston barcha zarur yordamni ko‘rsatishga tayyorligini aytdi.

Foto: Qozog‘iston Favqulodda vaziyatlar vazirligi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 12 iyun kuni Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev bilan telefon orqali muloqot qildi.

Davlat rahbari matbuot xizmati xabar berishicha, suhbat avvalida prezident Abay oblasti hududida ro‘y bergan o‘rmon yong‘ini oqibatida insonlar halok bo‘lgani munosabati bilan To‘qayev va qardosh Qozog‘iston xalqiga hamdardlik bildirdi.

«Tabiiy ofatga qarshi kurashish va uning oqibatlarini bartaraf etishda O‘zbekiston barcha zarur yordamni ko‘rsatishga tayyor ekani bildirildi.

Prezidentlar ikki davlat o‘rtasidagi yaxshi qo‘shnichilik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlashning dolzarb masalalarini ham muhokama qildi.

Savdo, sanoat, energetika, transport, qishloq xo‘jaligi va iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarida kooperatsiya loyihalarini amalga oshirishni jadallashtirishga alohida e’tibor qaratildi. Mintaqaviy kun tartibidagi masalalar yuzasidan ham fikr almashildi», deyiladi xabarda.

Abay oblastida 8 iyun kuni boshlangan o‘rmon yong‘inlari oqibatida 14 kishi halok bo‘lgan. Rossiya bilan chegaradosh hududda chiqqan yong‘in 60 ming gektardan oshiq maydonni qamrab olgan. Mamlakatda 12 iyun milliy motam kuni deb e’lon qilindi.

Mavzuga oid
Top