Jahon | 13:01 / 14.06.2023
6475
2 daqiqa o‘qiladi

BMT: Dunyoda qochqinlar soni 110 million kishiga yetdi

2022 yilda butun dunyo bo‘ylab qochqinlar soni 20 millionga ko‘paydi, deya xabar berdi BMT Qochqinlar bo‘yicha oliy komissarligi. Harbiy mojarolar o‘sishning asosiy sababi deb hisoblanyapti.

Foto: Reuters

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yilda mojarolar, ta’qiblar, zo‘ravonliklar va inson huquqlari buzilishi tufayli dunyo miqyosida 108,4 million kishi o‘z uyini tashlab ketishga majbur bo‘lgan, bir yil oldin bu ko‘rsatkich 20 million edi. Birlashgan Millatlar Tashkilotining Qochqinlar bo‘yicha oliy komissar boshqarmasi tomonidan 14 iyun, chorshanba kuni e’lon qilingan yillik Global tendensiyalar hisobotiga ko‘ra, 2023 yilning mayiga kelib, dunyo bo‘ylab qochqinlar soni 110 million kishiga yetishi mumkin.

Bu ko‘rsatkich keskin o‘sishining asosiy sababi Ukrainadagi urushdir. Ukrainadan qochqinlar soni 2021 yil oxiridagi 27,3 mingdan 2022 yil oxiriga kelib 5,7 millionga ko‘paydi. BMT Qochqinlar bo‘yicha komissarligi ma’lumotlariga ko‘ra, bu Ikkinchi jahon urushidan keyingi eng tez emigratsiya to‘lqinidir. Bundan tashqari, 2022 yilda dunyo bo‘ylab ko‘chirilganlar sonining ko‘payishi Afg‘onistondan qochqinlar, shuningdek, boshqa harbiy mojarolar, ayniqsa, Sudan bilan bog‘liq.

Shu bilan birga, qochqinlarning aksariyati dunyoning eng boy davlatlari tomonidan qabul qilinmagan. BMT qayd etishicha, majburiy muhojirlarning beshdan bir qismidan ko‘prog‘i 46 ta kam rivojlangan mamlakatlarda joylashgan. Unga ko‘ra, 2022 yilda bu mamlakatlar qochqinlarni qabul qilish bilan bog‘liq ehtiyojlarni qondirish uchun yetarli mablag‘ bilan ta’minlanmagan. «Bizga ko‘proq xalqaro ko‘mak va mas’uliyatni adolatli taqsimlash kerak», dedi BMTning qochqinlar bo‘yicha oliy komissari Filippo Grandi.

Hisobotga ko‘ra, 2022 yilda 339 mingdan ortiq qochqin o‘z vatanlariga – 38 davlatga, xususan, Janubiy Sudan, Suriya, Kamerun va Kot-d'Ivuarga qaytgan. Ichki ko‘chirilganlar orasida Efiopiya, Myanma, Suriya, Mozambik va Kongo Demokratik Respublikasida 5,7 million kishi o‘z uylariga qaytdi.

Mavzuga oid