13:27 / 27.06.2023
8610

Jizzax viloyatining birorta tumanida 30 nafardan ko‘p bola o‘qiydigan maktab sinflari qolmaydi – Shavkat Mirziyoyev

O‘zLiDePdan prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev bugun, 27 iyun kuni jizzaxlik saylovchilar bilan uchrashish uchun viloyatga tashrif buyurdi. Nomzod jizzaxliklarni o‘zining 7 yillik saylovoldi dasturi bilan tanishtirish chog‘ida ta’lim, sog‘liqni saqlash va infratuzilmaga oid rejalariga ham to‘xtaldi.

Foto: O‘zLiDeP

Ta’lim

Kun.uz muxbiri xabariga ko‘ra, Mirziyoyev 2030 yilga qadar:

- yangi maktablar qurish, mavjudlarining quvvatini oshirish, shuningdek, xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash hisobiga qo‘shimcha 75 ming o‘quvchi o‘rni yaratish;

- viloyatning birorta tumanida 30 nafardan ko‘p bola o‘qiydigan maktab sinflarini qoldirmaslik;

- barcha maktablar zamonaviy kompyuter sinfi, interaktiv doska va o‘quv laboratoriyasi bilan jihozlash;

-  400 ta yangi bog‘cha tashkil etish hisobiga, viloyatda maktabgacha ta’limga ehtiyoj to‘liq – 100 foizga qoplash;

-  barcha bog‘cha va maktablarda filtrlangan ichimlik suvi ta’minoti yo‘lga qo‘yishni maqsad qilgan.

Tibbiyot

Kelgusi yetti yilda Jizzaxda 85 ta tibbiyot muassasasi quriladi va ta’mirlanadi. Xususan, allergologiya, urologiya, neyroxirurgiya kabi 12 ta ixtisoslashgan markaz filiallari ishga tushiriladi. G‘allaorol va Paxtakorda tumanlararo perinatal markazlar ochiladi.

Bundan tashqari, viloyatda bolalar yurak jarrohligi yo‘lga qo‘yiladi. Buning hisobiga har yili 500 nafardan ziyod yurak nuqsoni bor bolalarda murakkab operatsiyalar o‘tkaziladi”, dedi nomzod.

Infratuzilma

Shavkat Mirziyoyevning ta’kidlashicha, odamlarning uy-joyga ehtiyojini ta’minlash maqsadida 2030 yilga qadar 25 ming oilaga mo‘ljallangan 500 ta ko‘p qavatli uy barpo etiladi.

Shuningdek: “Viloyatda eng dolzarb bo‘lgan ichimlik suvi masalasiga e’tiborni yanada kuchaytiramiz. Kelgusi yilda Zarafshon daryosidan 160 kilometr magistral quvurni tortish hisobiga, Baxmal, G‘allaorol, Sharof Rashidov, Do‘stlik, Paxtakor, Mirzacho‘l tumanlari va Jizzax shahridagi 600 ming aholining suv ta’minoti tubdan yaxshilanadi.

Suv ta’minoti og‘ir bo‘lgan 100 ta mahallada 2 ming kilometr ichimlik suvi tarmoqlari o‘tkaziladi. Natijada, 320 ming aholi ilk bor toza ichimlik suvi bilan ta’minlanadi”, dedi u.

2030 yilga qadar viloyat aholisining markazlashgan ichimlik suvi ta’minoti 90 foizga yetkazish reja qilingan.

Top