20:55 / 01.07.2023
20524

She’rni muallifning ruxsatisiz qo‘shiq qilgan yana bir xonanda jarimaga tortildi

Intellektual mulk qonunchiligini buzgani uchun javobgarlikka tortilgan qo‘shiqchi Janob Rasul bo‘lishi mumkin.

Foto: Getty images

Adliya vazirligining ma’lum qilishicha, fuqaro B.Muxamedxodjayev mualliflik huquqlari buzilgani va qonunbuzarga chora ko‘rishni so‘rab Adliya vazirligiga murojaat qilgan. Aniqlanishicha, fuqaro J.R. tomonidan muallif B.Muxamedxodjayev qalamiga mansub «Enajon» nomli she’rdan huquq egasining ruxsatisiz hamda tegishli tartibda shartnoma tuzmasdan foydalangan holda qo‘shiq ijro etilgan hamda YouTube platformasi orqali tarqatilgan.

Holat yuzasidan fuqaro J.R. ga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 177(1)-moddasi bilan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnoma rasmiylashtirilib, javobgarlik masalasini ko‘rib chiqish uchun sudga yuborilgan va u sud qaroriga asosan jarimaga tortilgan.

Rasmiy xabarda jarima miqdori keltirilmagan. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 177(1)-moddasi birinchi qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlik uchun fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdori (ayni paytda 330 ming so‘m – tahr.)ning besh baravaridan o‘n baravarigacha (1 650 ming so‘mdan 3 300 ming so‘mgacha) miqdorda jarima belgilangan.

Biroq bu shoirdan ruxsat olmay uning she’rini qo‘shiq qilgan xonanda to‘laydigan yagona jarima emas. Endi shoir sud orqali J.R.dan tovon puli undirishi mumkin. Adliya vazirligining eslatishicha, “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risida”gi qonunning 65-moddasiga muvofiq huquq egasi zararlar yetkazilishi faktidan qat’i nazar huquqbuzardan bazaviy hisoblash miqdorining 20 baravaridan 1000 baravarigacha (6 600 ming so‘mdan 330 mln so‘mgacha) tovon puli talab qilish huquqiga ega.

Garchi vazirlik xabarida javobgarlikka tortilgan xonandaning ismi to‘liq keltirilmagan bo‘lsa-da, u shou-biznes olamida Janob Rasul sifatida tanilgan qo‘shiqchi bo‘lishi mumkin. Chunki YouTube’da “Enajon opa” deb nomlangan va bugungacha 13 mln marta ko‘rilgan qo‘shiq aynan ushbu xonandaga tegishli. Qolaversa, Janob Rasul ushbu qo‘shiqni 2018 yilgi konsertida ham kuylagan.

Adliya vazirligi matbuot kotibi Kun.uz so‘roviga javoban murojaatchining talabi bo‘yicha ism-familiyalar qisqartirib berilgani, shu sababli bu ma’lumotni ochiqlay olmasliklarini bildirdi.

Avvalroq Yulduz Usmonova, Farhod va Shirin, Sanjay, Doston Ergashev, Jaloliddin Ahmadaliyev ham birovning she’rini ruxsatsiz kuylagani uchun javobgarlikka tortilgandi.

Top