22:43 / 03.07.2023
27605

Vazir o‘rinbosari Z-artistlarning konsertlari haqida: “O‘zbekistonda san’atga to‘siq yo‘q”

Madaniyat va turizm vaziri o‘rinbosari Bahodir Ahmedov Rossiyaning Ukrainaga bosqinini qo‘llab-quvvatlayotgan rus xonandalarining O‘zbekistonda rejalashtirilgan konsertiga nisbatan noroziliklar va ularni bekor qilish haqida bo‘layotgan talablar haqida gapirarkan, O‘zbekistonda san’atga to‘siq yo‘qligini aytib, “fisq-u fasod gaplardan yiroq bo‘lish”ga chaqirdi.

Rossiyaning Ukrainaga bosqinini faol targ‘ib qilayotgan rossiyalik xonandalardan biri Grigoriy Leps shu yilning 23 oktyabr kuni Toshkentdagi “Xalqlar do‘stligi” san’at saroyida konsert berishni rejalashtirmoqda. O‘zbekistonlik bir guruh faollar ijtimoiy tarmoqlarda bu konsert dasturini bekor qilishni talab qilmoqda. Ayni paytda iTicket.uz sayti konsert uchun chiptalar sotuvini davom ettirmoqda.

Lepsning Qozog‘istonda, Olma-ota viloyatidagi Qo‘nayev shahrida 8 iyul kuni o‘tishi rejalashtirilgan konsert dasturi esa bir muddat avval bekor qilindi. Bunga qozog‘istonlik faollarning konsert darsturini o‘tkazishga nisbatan qarshiligi sabab bo‘lgan.

Rossiyalik xonanda avvalroq Ukraina qurolli kuchlarining yakson etilgan har bir “Leopard” tanki uchun 1 mln rubl mukofot puli va’da qilgan.

Madaniyat va turizm vaziri o‘rinbosari Bahodir Ahmedov Kun.uz muxbirining urush borasida neytral pozitsiyada ekanini bildirgan O‘zbekiston rasmiylari nega Z-artistning konserti masalasida neytrallik ko‘rsatmayapti, degan savoliga javob berdi. Uning tushuntirishicha, hamma narsaga chegara tutish mumkin, ammo san’at – chegarasiz soha.

“Hozir bizga teatr, estrada yo‘nalishi bo‘yicha xonandalar kelyapti. Buni qaysidir davlatlarning bir-biriga bo‘lgan munosabatiga hech qanday bog‘liqligi yo‘q. Bu – san’at. Bunda tushgan mablag‘larning urushga yo‘naltirilishi bo‘yicha, ochiq aytish kerak, ko‘p gaplar bo‘lyapti. Menimcha, bu gaplar haqiqatdan yiroq.

Konsertlar masalasiga kelsak, biz qaysi davlatdan keladigan san’atkor bo‘lsa, u yaxshi maqsadda kelsa, san’atga xizmat qilaman, san’atning kuchini ko‘rsataman, degani bo‘lsa, O‘zbekiston hech qaysi san’atkorga eshigini yopib, tambalab tashlagani yo‘q.

Mana, kelyapti, san’atini namoyish qilyapti, olqishini olyapti, ketyapti. Hech qanaqa narsa yo‘q. O‘zbekistonda san’atga hech qanday to‘siq yo‘q. Xudoga ming qatla shukr, tinch yurtda yashayapmiz.

Mana, turkiy davlatlarning TURKSOY tashkilotidan qancha san’atkorlar tashrif buyurdi. Hammasi konsertini qo‘ydi va xalq olqishiga ega bo‘lyapti. Mana, ko‘rgazmalarini o‘tkazishyapti. Yaxshi maqsadda kelgan inson bo‘lsa, O‘zbekiston – tinch yurt.

Xalqimiz san’atsevar xalq. Anavi g‘iybat, fisq-u fasod, pulni qayergadir ishlayotgan ekan degan gaplardan yiroq bo‘lish kerak. Bu gaplarni gapirayotganlar shu gaplarni qo‘zg‘ashga intilayotgan insonlar”, – dedi Bahodir Ahmedov.

Vazirlik mulozimi Rossiyaning Ukrainadagi harbiy harakatlarini oqlovchi san’atkorlarning konsertlari Qozog‘istonda bekor qilinayotganiga ham munosabat bildirdi.

“Bu – yon qo‘shnilarning o‘z siyosati, o‘z dunyosi. Ular o‘zi uchun javob bersin, biz o‘zimiz uchun javob beramiz. Bir narsani ochiq aytish kerak, bunaqa g‘iybat, fisq-u fasod gaplardan yiroq bo‘lishimiz kerak. Biz, Xudoga shukr, tinch joyda yashayapmiz. Mana, san’atga bo‘lgan e’tibor. Nima keragi bor, konsertga tusharkan, uni pulini urushga ishlatarkan, degan gaplarning? Urushning kuni shu konsertning kuniga qolibdimi? Qo‘ysin, tinchlik bilan qo‘ysin, tinchlik bilan yursin. Qachongacha g‘iybat, fisq-u fasod gaplar? Ha desa, ruxsat beradigan bo‘lsa, urushga taqaydi. Taqash kerak emas. Faqat yaxshi, oliy niyatlar bilan harakat qilish kerak. Hamma narsani yomon tarafini o‘ylash kerak emas. Yaxshi tarafini o‘ylash kerak. Shu san’atkor shu yerga o‘z san’atini namoyish qilish uchun kelibdi, degan ko‘z bilan qarash kerak.

Ikkinchi, uchinchi o‘rinda turadigan fisq-u fasoddan yiroqroq, ustunroq bo‘lishimiz kerak. Shunda maqsadimizga erishamiz. Biz bir narsa uchun kurashishimiz kerak: yoshlarimiz san’atga chanqoq, shuni qo‘llab-quvvatlashimiz kerak. Bizning siyosatimiz shu. Davlat rahbarining siyosati hammasi. Qarang, Ozarboyjonda bo‘lgan mug‘om festivalida gran-prini kim oldi? O‘zbekning qorako‘zi oldi. Shaxmatda kim olyapti? O‘zbek qorako‘zlari, O‘zbekiston farzandlari olyapti. Biz faqat shular haqida o‘ylashimiz kerak”, – dedi O‘zbekiston madaniyat va turizm vaziri o‘rinbosari Bahodir Ahmedov.

Eslatib o‘tamiz, rossiyalik bir guruh Z-artistlar ishtirokida shu yil 20-21 may kunlari Toshkentda o‘tkazilishi belgilangan “Jara” festivali o‘zbekistonliklarning boykoti ortidan bekor qilingan edi. Bu festival bundan oldin Qozog‘iston va Ozarboyjonda ham bekor bo‘lgandi.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top