09:33 / 04.07.2023
7932

Prigojin kompaniyalari maktablarga ovqat yetkazib berish bo‘yicha tenderlarni boy beryapti

Moskva yaqinidagi maktablarga oziq-ovqat yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar Xavfsizlik kengashi kotibi o‘rinbosarining o‘g‘liga va Davlat dumasi sobiq deputatiga aloqador firmalarga o‘tmoqda, deb yozadi «Verstka».

Foto: Kirill Zykov

«Vagner» XHKning harbiy isyonidan so‘ng, odatda Yevgeniy Prigojin bilan bog‘liq kompaniyalarga beriladigan Moskva viloyatidagi maktablarga ovqat yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar boshqa kompaniyalarga taqdim etilyapti. Bunga 3 iyul, dushanba kuni davlat xaridlari veb-sayti ma’lumotlariga tayanib, «Verstka» nashri e’tibor qaratdi. 

Ushbu ma’lumotlarga ko‘ra, Prigojin kompaniyalari o‘tgan 11 auksiondan yettitasini allaqachon yo‘qotgan. Umuman olganda, davlat xaridlari veb-saytida Moskva yaqinidagi ta’lim muassasalariga oziq-ovqat yetkazib berish bo‘yicha 23 ta tender e’lon qilindi. 

Jami 786,8 million rubl miqdoridagi ikkita shartnoma Yaroslavl viloyatining sobiq gubernatori va hozirgi Xavfsizlik kengashi kotibi o‘rinbosari Sergey Vaxrukovning o‘g‘li Maksim Vaxrukovga tegishli bo‘lgan «Gorod kafe» kompaniyasiga o‘tdi, u kompaniyaga «Kombinat sotsialnogo pitaniya» orqali egalik qiladi. Umumiy qiymati 1 milliard 617 million rubl bo‘lgan yana beshta shartnoma «Vektor» va «Orion» kompaniyalari o‘rtasida bo‘lingan, ular bilvosita dalillarga ko‘ra, «Ekoprodukt» kompaniyalar guruhi va Davlat dumasining sobiq deputati Vladimir Pekarev bilan bog‘liq. 

Faqat uchta tenderda Prigojin firmalari g‘olib chiqdi - «Prodfutservis», «Sotsialnoye pitaniye «Tsentr» va «Vesna» (sobiq «Moskovskiy shkolnik»). Shu bilan birga, oxirgi ikki kompaniya isyondan keyin shartnomalar oldi - 27 va 29 iyun kunlari. Jurnalistlarning ta’kidlashicha, o‘tgan yili «Vagner» XHK rahbari bilan bog‘liq firmalar 38 ta shartnomadan faqat oltitasini ololmadi. 

Top