11:22 / 10.07.2023
19992

Surxondaryoda sel kelishi oqibatida aholi punktlarini bog‘lovchi tog‘li dovon yo‘li yopilib qoldi

Joriy yil 7 iyul kuni soat 14:20 atrofida Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumani tog‘li hududida qisqa muddatli kuchli yomg‘ir yog‘ishi sababli sel oqimlari kelishi hodisasi kuzatilgan. 

Foto: FVB axborot xizmati

Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabariga ko‘ra, oqibatda Sariosiyo tumanining Xo‘jaasmin va Chosh aholi yashash punktlarini bog‘lovchi tog‘li dovon avtomobil yo‘liga katta harsang toshlar va loyqalar tushib, dovon yo‘li yopilib qolgan. 

Qayd etilishicha, mazkur yopilib qolgan dovon yo‘lida 3 ta yengil «UAZ» rusumli avtomobil va 8 nafar fuqaro harakatsiz qolib ketgan.

Hodisa joyiga viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi va uning hududiy bo‘limi xodimlari yetib borib, tuman hokimligi, Ichki ishlar bo‘limi va Xondiza kon boyitish boshqarmasi mas’ul xodimlari hamkorligida maxsus texnikalar yordamida dovon avtomobil yo‘li katta harsang tosh va loyqalardan tozalangan. Avtomobil qatnovi yo‘lga qo‘yilib, 8 nafar fuqaroga amaliy yordam ko‘rsatilgan.

Hodisa oqibatida tan jarohati olgan va halok bo‘lganlar yo‘q, deyiladi rasmiy xabarda.

Foto: FVB axborot xizmati
Foto: FVB axborot xizmati
Foto: FVB axborot xizmati
Foto: FVB axborot xizmati
Top