O‘zbekiston | 08:27 / 19.07.2023
24624
2 daqiqa o‘qiladi

Jahongir Ulug‘murodov ishi Oliy sudda ko‘rib chiqiladi

Sinfdoshlariga nashida havolasini yuborgani uchun 3 yilga qamalgan yigitning himoyasi Oliy sudga kassatsiya shikoyatini kiritdi.

Jahongir Ulug‘murodov va uning onasi

17 iyul kuni Toshkent viloyat sudida sinfdoshlariga YouTube'dagi nashida (diniy ashula) havolasini yuborgani uchun 3 yilga ozodlikdan mahrum qilingan 21 yoshli Jahongir Ulug‘murodov ishi bo‘yicha apellyatsiya sudi yakunlanib, dastlabki hukm o‘zgarishsiz qoldirilgandi. 

Oliy sudning jamoatchilik bilan aloqalar bilan markazi rahbari Aziz Obidovning ma’lum qilishicha mazkur ajrim ustidan Oliy sudining Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga kassatsiya tartibida shikoyat berilishi mumkin.

Ish Oliy sudda kassatsiya tartibida ko‘rilsa mahkumga nisbatan bir muncha yengil jazo tayinlanish ehtimoli yo‘q emas, deb hisoblamoqda ish tafsilotlaridan yaqindan xabardor manba.

Bundan tashqari, Kun.uz manbasining ma’lum qilishicha, joriy yilda 2 marta afv e’lon qilinishi kutilmoqda. Ularning biri Mustaqillik bayramiga va yana biri Konstitutsiya kuni arafasida bo‘lishi mumkin.

Aytilishicha, Jahongir Ulug‘murodov kabi qilmish sodir etgan shaxslar mazkur afvga tushishi va jazodan ozod etilishi mumkin.

Xabar yangilandi: Kun.uz'ga ma’lum bo‘lishicha, 19 iyul kuni Jahongir Ulug‘murodovning ota-onasi va advokati Oliy sudga borgan holda, kassatsiya arizasini kiritgan.

Mavzuga oid