Muzqaymoq sotgan Risharlison. Braziliyalikning achchiq va shirin xotiralari
O‘tgan mavsum Angliyada Risharlison uchun u qadar muvaffaqiyatli kechmadi. «Tottenhem»ga o‘tgach, Chempionlar Ligasida gollar urgan bo‘lsa-da, aynan APLdagi gol uchun mavsum oxirigacha kutishga to‘g‘ri keldi. Asosiy tarkib uchun raqobatda ko‘p yutqazdi. Ammo braziliyalik futbolchi o‘zi uchun eng yorqin lahzalarni topa olgani, quyidagi hikoyadan bizga ham ma’lum bo‘ladigan xarakteridan kelib chiqsak, yangi mavsumda barchasi boshqacha kechsa kerak. Keling, so‘zni Risharlisonning o‘ziga beraylik.
«Hayotimdagi eng uzun kun. Fizioterapiya xonasida kuchli og‘riq ostida yolg‘iz yotibman. Boshim lanj, o‘zimni zo‘rg‘a ko‘tara olaman – hamma qani? Hech qachon mashg‘ulot maydonchamizni bunaqa bo‘sh ko‘rmagandim.
Shifokorlar shoshilib u yoqdan bu yoqqa yurishibdi, birortasining men bilan gaplashgisi yo‘q. Tahlil natijalari to‘rt soat ichida tayyor bo‘lishini aytishgandi. Vaqtni qanday o‘tkazishni bilmay, «Tottenhem» mashg‘ulot maydoniga kelgandim, zora bu yerda yigitlar bilan gaplashib, ko‘nglim yozilsa...
Ammo hech kim yo‘q. Skanerdan keyingi ikki soat bir yilga cho‘zilgandek. Be’mani og‘riq esa, tobora kuchayib bormoqda. Aqlimni bir joyga yig‘ib, aynan qayerim og‘riyotganini anglamoqchi bo‘laman. Boldirim. La’nati boldirim «Everton»ga qarshi o‘yinda jarohatlangandi. Lekin undan ham ko‘ra yuragim ko‘proq og‘riyotgandek. Yig‘lab yuboraman. Axir jahon chempionatiga atigi bir oy qoldi!
Bu mening ilk mundialim. Uni o‘tkazib yuborishim aslo mumkin emas.
Axir ilk muhabbatni yo‘qotgandan keyin qanday yashaysiz? Buni qanday yashab o‘tish mumkin? Axir keyingi jahon chempionati endi to‘rt yildan keyin, balki men uchun umuman kelmasligi mumkin.
Balkim meni tushunishingiz qiyindir, axir hali yoshman, faoliyatim yomon emas, dunyoning eng katta ligasida, katta klubda o‘ynayapman. Bir paytlar orzu qilganimdan ko‘proq narsaga egaman. Ammo agar jahon chempionatini o‘tkazib yuborsam, hammasi yo‘qoladi. Braziliyaliklar uchun doim shunaqa.
Esimda, birinchi chaqiruvimda AQSh va Salvadorga qarshi ikkita o‘rtoqlik o‘yinida 9-raqamda maydonga tushgandim. Ronaldo, Kareka, Reynaldo, Tostaolar kiygan raqam. Katta mas’uliyat va ulkan quvonch. Odamni tentak qiladigan hissiyot. Endi jahon chempionatida Braziliya terma jamoasining to‘qqizligi bo‘lishim kerak bo‘lganida, mana bu jarohat. Jin ursin...
Dori ta’siridanmi, tush ko‘ryapmanmi bilmayman, mashg‘ulot maydonidagi kimsasiz xonadan tug‘ilgan shahrim Nova Venetsiyaga sayohat qilaman. Hammasi yorqin, iliq, rang-barang. Ehtimol men uxlab qolgandirman, tush ko‘rayotgandirman. Nimalar bo‘lyapti o‘zi? Og‘riq ham o‘tib ketdi. Juda bir iliq tuyg‘u qurshab oladi. Uy tafti. Bu eng yomon kunimda birinchi marta o‘zimni qulay his qila boshladim. Iztiroblar o‘rnini ishonch egallaydi – yo‘q, ey boldirim, bilib qo‘y, sen meni birinchi muhabbatimdan, Braziliya terma jamoasi bilan visol onlaridan mahrum qila olmaysan.
Darhol yuzimga tabassum yuguradi. Mana Letisiya. Letisiya – hayotimdagi muhim inson. Mahallamizdagi boshqalar singari u ham oddiy, kambag‘al oiladan. Ammo uning ko‘pchilikdan farqi, doim o‘zida bor narsasi bilan baham ko‘rishni yaxshi ko‘radi. Doimgidek, bu safar guruch sotib olaylikmi yoki ijara haqini to‘laylikmi, deb bosh qotirib turganimizda, meni quchoqlab, mehrini beradi. Rahmat, Letisiya, seni unutmayman. Sen dunyodagi eng yaxshi insonsan.
Qanday qilib, mashg‘ulot maydonidagi qayg‘uni tashlab, o‘z shahrimga borib qolganimni bilmayman. Lekin uyda bo‘lish yaxshi. Nova Venetsiyada haliyam MakDonalds yo‘q. Xalqi kamtar va mehnatkash. Ularning ko‘pi Letisiyaga o‘xshashadi, boshqalarga yordam qo‘lini cho‘zish bilan baxt topishadi. Uyga qaytganimda hamma meni og‘ushiga oladi.
Bilasizmi, meni to‘g‘ri tushunishingizni istardim, aslida televizorda yangiliklarni ko‘rsam, Braziliya haqida o‘qisam, meni qayg‘u chulg‘ab oladi. Yurtimni qanchalik sevmayin, jahlim ham chiqadi. Menimcha, har bir braziliyalik qisman shunday. Braziliyalik bo‘lishning quvonchi va azobini tushuntirish juda qiyin. Ilgari bu tuyg‘ular bilan qanday yashashni bilmasdim, nima qilsam ham, hech narsani o‘zgartira olmayman, deb o‘ylardim. Ammo keyin o‘zgardim. Be’maniliklarni qabul qila olmasligimni tushundim, endi doim aralashaman, fikrimni bildiraman.
Braziliyada muhtoj insonlar juda ko‘p. Ular uchun jahon chempionati xuddi bir romantik filmdek. Futbol ular uchun o‘zgacha bir alohida sehrli olam. Endi tasavvur qiling, Braziliyada hech kim och qolmasa, vaksina yetishmovchiligi tufayli bolalar o‘lmasa, hech kim ko‘chada uxlamasa, barcha bolalar maktabga borsa, mahalliy aholi o‘z yerlaridagi oltin qazish ishlarida o‘lim topmasa, shunchaki tasavvur qilib ko‘ring.
Shu darajaga yetdimki, endi bu ishlarga befarq bo‘la olmayman. Men qayerda bo‘lishimdan qat’i nazar, Letisiya va unga o‘xshash insonlarni unutmasligim shart.
«O‘g‘lim» – derdi otam – «jahon chempionati paytida barcha odamlar ko‘chalarni bezash, devorlarni bo‘yash uchun yig‘ilishadi. Shu paytda boy va kambag‘al o‘rtasidagi tafovut kamayadi, hamma birgalikda baxtli Braziliyaga ishonishni boshlaydi. Bu hayotdagi eng muhim onlar. Va faqat to‘rt yilda bir marta sodir bo‘ladi».
O‘sha paytlari to‘qqiz yoshda edim. Dadam qandaydir sehrli olamni tasvirlab berayotganga o‘xshardi.
«Jahon chempionatida g‘alaba qozonish kerakmi? O‘g‘lim, bu bizga orzu qilishda davom etishimiz uchun berilgan chiptaga o‘xshaydi. Bittasini yo‘qotdingizmi, endi yana dahshatli tushga, to‘rt yillik uyquga ketasiz. Katta bo‘lganingda buni o‘zing tushunib olasan»
2006 yil edi. Ronaldo, Kaka, Adriano, Ronaldino. U paytlarda men qahva dalalarida bobomga yordam berardim. Keyin esa, ishchilarga muzqaymoq sotayotganim, do‘stlarim bilan daryoda cho‘milib yurganimni ko‘raman. Kuchli jala quygan, oqim juda kuchli, biz bolalar bilan katta mashina shinasida suzib borardik.
Men o‘n olti yoshga to‘lganimda ota-onam allaqachon ajrashgan edi. Onam boshqa erga tegdi va uning uyiga ko‘chib o‘tdi. O‘gay otam meni qabul qilmadi. Ular bilan yashashimni istamadi. Birdaniga yolg‘iz qolgandim. Dadamning oldiga borishim mumkin, to‘g‘ri, lekin u uzoqroqda yashardi, agar u yerga ketsam, futboldan voz kechishga majbur bo‘lardim. O‘shanda hayotimning eng muhim qarorini qabul qildim – ilk muhabbatim bilan qolishni tanladim.
Tog‘amning eshigini taqillatdim.
«Tog‘a, uyingizda bir muddat qolishimga ruxsat bering. Ovqatlantirishingiz shart emas. Uxlash uchun joy bo‘lsa kifoya»
Tog‘am uyiga kirgizdi. Uning ham ko‘p narsasi yo‘q edi, ammo borini men bilan baham ko‘rdi. Shuning uchun ham uyga kelganimda Braziliyaning shu tarafini ko‘rish meni juda xafa qiladi. Mamlakatimning bu tomonida odamlar shunchalik umidsizki, hatto ovqat va suyak qoldiqlari qidirib, chiqindi titishga ham majbur bo‘lishadi. G‘azablanaman. Hatto buni oddiy qabul qilib, befarq bo‘ladigan hamyurtlarimdan ham achchig‘im keladi.
Tog‘amning uyida men yupun to‘shakda uxlardim. Ertangi kunimni, meni qanday taqdir kutayotganini tasavvur qilardim. Tog‘amnikida bir oycha yashagach, hayotim o‘zgara boshladi. Bir kuni futbol maktabimizdagi murabbiy kelib, «Atletiko Mineyro»da sinovdan o‘tish imkoniyati paydo bo‘lganini aytib keldi. Xohlasam, yordam berishga tayyor ekan.
Oxir-oqibat hammasi amalga oshdi. 17 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar o‘rtasidagi shtat finali uchun jamoaga qo‘shildim. «Atletiko»ga qarshi o‘yinda g‘alaba golini urdim va biz chempion bo‘ldik. Keyin «Fluminense», keyin birdaniga, ko‘z ochib yumguncha, dunyoning narigi chekkasida, «Uotford» tarkibidaman, «Etihad» stadioni tunnelida shu paytgacha televizor va pleysteyshnlarda ko‘rib yurganim Kun Aguero va Kevin de Bryuyne bilan yonma-yon turibman...
«Uyg‘on, Rishi, tahlil javoblari chiqdi!»
Jin ursin, bu shifokor.
«Nima bo‘ldi, doktor? Bu jiddiymi? Tezroq ayting, iltimos. Jahon chempionatini o‘tkazib yuboramanmi?»
«Ikki haftalik tiklanish va siz o‘ynashga tayyorsiz»
«Qasam ichasizmi?»
Bilasizmi, inglizlar juda rasmiy va jiddiy odamlar. Lekin agar yig‘lab yubormaganimda, shifokorni o‘pgan bo‘lardim. Hahaha!
Qatar. 24 noyabr. «Lusayl» stadioni.
Ney va Vini chap tomonda bir-birlariga to‘p uzatishmoqda. Men jarima maydonida ikki serbiyalik himoyachidan qutulish yo‘llarini izlayapman. Ikkovi ham baland bo‘yli, baquvvat. Vini tezlasha boshladi. Qani, ketdik. U butsasining tashqi tomoni bilan to‘pni silliq uzatdi. Hammasi oson, hozir mashg‘ulotlardagidek to‘pni qabul qilib, zarba beraman. Ey Xudo, yordam ber. To‘p himoyachining oyog‘iga tegib yo‘nalishini o‘zgartirdi va boshqa tomonga keta boshladi. Hey, to‘p, buyoqqa kel, qani! Qochma mendan, sevgilim! Sen kabi men ham yuksaklikka erishay, iltimos! Buum. Nima?
Gooool!
Ajoyib!
Ey Xudo, jahon chempionatida shunday gol uramanmi?! Xudoyim, xudoyim!
Men, Risharlison, Nova Venetsiyadan, Espirito-Santo shtatidan Risharlison. Muzqaymoq sotgan Risharlison! Braziliyalik Risharlison!
Bu odamlarning hammasi menga qarab turibdi. Yig‘lay olmayapman. Otam qani? Men uni quchmoqchiman. Menga jahon chempionati nima ekanini tushuntirib bergani uchun rahmat aytmoqchiman. Qayerdasan, dada! Olomon orasidan uni topa olmadim. Bu yaxshilikkadir. Jamoadoshlarimning og‘ushida men otam, Letisiya, bobom, tog‘am, do‘stlarim, Ronaldu, Kareka, Reynaldo va Tostaolar bilan quchoqlashayotgandekman.
Men Braziliyani sevaman. Men braziliyalik bo‘lishni sevaman!
Bunday hayajonli lahzalarda kechmishdagi ko‘p voqealar xayolingizda jonlanishi ajablanarli. Futbol o‘ynayapman-u, gol urganimdan to o‘yin oxirigacha bir qancha narsalar haqida o‘yladim. Bir paytlar, hali futbolchi bo‘lmasimdan oldin, sochimni Neymarnikidaqa qilib olib, hatto uxlaganimda ham «Santos» libosini ustimdan yechmasdan yurardim. Internet kafega borib, velosiped ijarasidan ishlab topgan pullarimni to‘lab, Ronalduning gollarini tomosha qilganimni ham esladim. Ko‘z oldimdan 2021 yil iyulda Amerika kubogida ilk bor terma jamoa bilan birga bo‘lganim, keyin olimpiya jamoasi murabbiyi qo‘ng‘iroq qilib, uning jamoasiga o‘ynash istagim haqida qiziqqani... Kopadan keyin olimpiadaga borish bu ta’tildan butunlay voz kechish degani edi. Hali oldinda «Everton» bilan shiddatli mavsum ham kutayotgandi.
Biz quyi ligaga tushib ketishimiz mumkin edi. Qattiq charchagandim. Avval olimpiadada, keyin klubda jarohat oldim, ancha vazn yo‘qotdim. Dam olishim shart edi.
Lekin klubga yordam berishim kerak, uni qutqarishim ham muhim. «Everton» chempionshipda o‘ynamasligi kerak. Tasavvur qila olasizmi? Boshqa tanlov yo‘q. Bor e’tiborimni o‘yinlarga qaratish uchun ikki oyga telefondan voz kechdim – barcha ilovalar, ijtimoiy tarmoqlarni o‘chirdim. Faqat ertalab uyg‘onish uchun qo‘ng‘iroqdan foydalanardim.
«Kristal Pelas» bilan o‘yin oldidan jarohatlandim. Bu mening mavsumdagi so‘nggi o‘yinim bo‘lishi mumkinligini bilardim. O‘yladimki, «Gudison Park»da yutishimiz shart, aks holda, so‘nggi turda, «Arsenal»ga qarshi safar o‘yinida ochko olish juda qiyin.
Dori ichdim, ukol oldim. Tiz cho‘kib ibodat qildim. Tibbiy ko‘rikdan ham o‘tishdan bosh tortdim. Chunki agar ko‘rikdan o‘tsam, o‘ynashga ruxsat bermasliklarini bilib turardim. Uchinchi goldan keyingi ahvolimni eslasangiz, menda hech narsa qolmagandi boshqa. Murabbiyning oldiga borib yig‘lab yubordim va «men tugatdim» dedim. Bu mening «Everton» uchun so‘nggi nafasim, so‘nggi qurbonligim edi. Bu «Everton» safidagi so‘nggi o‘yinim edi. Men bu klubni juda yaxshi ko‘rardim, shuning uchun ushbu lahzalarni umrim oxirigacha esdan chiqarmayman.
Oxir-oqibat, biz ligada qoldik.
Futbolni sevaman. Har mashg‘ulotda, har bir o‘yinda, har kuni bor kuchimni berib sevgimni namoyish qilaman. Izhor qilish uslubim shunaqa.
«Hey yigitlar, kuzatib borganingiz va hayotimni o‘zgartirganingiz uchun tashakkur!»
Oson emas, agar siz hayotda hammasiga o‘zim erisha olaman, deb o‘ylasangiz, xato qilasiz. Qila olmaysiz. Shu bois, maydonda bor kuchimni beraman. Mana shu atrofingizda bo‘lgan, sizga ishongan insonlarni hurmat qilishdir.
Xorvatiyadan mag‘lubiyat qayg‘uli, lekin bu meni yiqita olmasligi aniq edi. Mag‘lubiyatsiz hayot faqat imtiyozli ozchilik uchun chiqarilgan. Ko‘p braziliyaliklar kabi, men ham yiqilib, o‘rnidan turish bo‘yicha mutaxassis bo‘lib ketganman. O‘sha penaltilar seriyasida yutganimizda ham yarimfinalda o‘ynay olmasligimni bilardim. O‘yinning ilk besh daqiqasida sonimda og‘riq paydo bo‘ldi. Buni sezgan zaxira o‘rindig‘idagilar o‘ynay olishimni so‘ray boshlashdi. Javobim qanaqa bo‘lishi mumkinligini bilasiz.
Lekin ahvolim yomon edi. Tanaffusda shifokor to‘rtta tabletka berdi va ikkinchi bo‘limga qaytdim. 70-daqiqachaga chidab berdim. Neymarga ikkita yaxshi pas berdim. Ammo bu yetarli emas edi, yutqazdik. Tiklanishim uchun taxminan o‘ttiz kun kerak bo‘ldi. O‘sha kunlarga, jahon chempionatidan bir oy oldingi holatga qaytib qolgandim.
Sizni aldamayman. O‘tgan qish juda qiyin kechdi. Ruhiyatim eng tubga tushgan paytlarda yana Nova Venetsiyadagi do‘stlarim «yordamga kelishdi», oyoqqa turg‘azishdi. Navbatdagi dahshatli tushdan uyg‘ondim. Bora-bora o‘sha muhabbat tuyg‘usi qaytdi. Iyun oyida yana Braziliya terma jamoasiga qaytdim, osilgan o‘sha 9-raqamli libosimni, undagi beshta yulduzni silar ekanman, yana o‘sha bolalikni, butun Braziliya og‘ushini his qilaman.
Eng qiyin paytlarda bolaligim, yog‘ochdan yasalgan, hech narsasi yo‘q uyimning iliq tafti menga kurashish uchun kuch beradi.
Braziliya! Yana uyg‘onishga, kurashishga tayyor!»
Risharlison
ThePlayersTribune uchun
Mavzuga oid
10:00 / 16.12.2024
O‘zbekiston Braziliyaga ilk bor blok-poyezd jo‘natdi
14:45 / 11.12.2024
Braziliya prezidenti miyaga qon quyilishi tufayli operatsiya qilindi
21:13 / 10.12.2024
Dunyoda qahva narxi rekord darajada qimmatlashdi
19:47 / 22.11.2024