12:03 / 25.07.2023
31752

Jizzaxlik ona-bola direktorlar hiylasi: 5 nafar “o‘lik jon" uchun 200 million so‘mdan ortiq oylik to‘langan

Paxtakor tumanidagi 14-sonli musiqa maktabi direktori aslida maktabda ishlamagan o‘zining turmush o‘rtog‘i va yana 2 kishiga 77 million so‘m maosh to‘lagan. Bundan tashqari, ayol Zafarobod tumanidagi 9-maktab direktori bo‘lgan o‘g‘lining maktabiga ham 2 nafar “o‘lik jon”ni ishga joylab, 146 million so‘mni o‘zlashtirgan.

Foto: KUN.UZ

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan Jizzax viloyati Paxtakor tumanidagi 14-sonli maktab mansabdor shaxslari harakatlari yuzasidan yo‘llangan fuqarolar murojaati o‘rganilgan. Ma’lum bo‘lishicha, ushbu maktab direktori V.M.O. o‘z xizmat mavqeyidan foydalangan holda aslida maktabda ishlamagan 3 kishiga oylik to‘lab kelgan. Xususan:

  • turmush o‘rtog‘i O.A.ga ovoz berish operatori sifatida 2019-2023 yil 1 mayga qadar 47,3 mln so‘m;
  • omborchi vazifasiga ishga qabul qilingan fuqaro N.E.ga 2022-2023 yil 1 mayga qadar 6,9 mln so‘m,
  • 2014 yilda ishdan bo‘shagan D.H.ga esa 2016 yilga qadar 22.9 mln so‘m ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlarni noqonuniy to‘lagan.

Shu yo‘llar bilan direktor jami 77,1 mln so‘m budjet mablag‘larini o‘zlashtirish va rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilgan.

Agentlikka ko‘ra, V.M.O. viloyatdagi Zafarobod tumani 9-sonli bolalar musiqa va san’at maktabida direktor vazifasida ishlab kelayotgan o‘g‘li R.D. bilan ham jinoiy til biriktirgan.

Xususan, ayol o‘z o‘g‘li bilan “budjet mablag‘larini talon-toroj qilish maqsadida” o‘z maktabidagi 2 nafar xodimni, ularning xabardorligisiz bir vaqtning o‘zida o‘g‘li rahbarligidagi maktabda ishlaganligi to‘g‘risida soxta hujjatlar rasmiylashtirgan.

«2017-2022 yillar davomida ushbu ikki xodimga majburiy ushlanmalardan tashqari jami 69,8 mln so‘m ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlarni noqonuniy to‘lab, umumiy hisobda 146,9 mln so‘mlik budjet mablag‘larini o‘zlashtirish va rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilgan”.

O‘rganish natijasi bo‘yicha to‘plangan hujjatlar joriy yilning aprel oyida Bosh prokuraturaga yuborilgan. Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Jizzax viloyati Paxtakor tumani bo‘limi tomonidan 16 iyun kuni Paxtakor tumanidagi 14-sonli bolalar musiqa va san’at maktabi mansabdor shaxslari va boshqalarga nisbatan JK 167-moddasi 2-qismi “a,” “b”, “g” bandlari va 209-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tuman prokuraturasi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

Top