17:23 / 28.07.2023
9780

Jazirama issiqda yangi moda: Xitoyda issiqdan saqlanish uchun yuz niqoblari ommalashyapti

Xitoyda haroratning ko‘tarilib borayotgani sabab butun yuzni qoplaydigan «feyskini» deb ataluvchi niqoblar ommalashyapti. Sababi Xitoy va Osiyoning ko‘pgina qismida oq teri qadrlanadi. «Feyskini» esa terini qorayishdan, ultrabinafsha nurlardan saqlaydi.

Iqlim isishi sabab harorat keskin ko‘tarilyapti. BMT 2023 yilning iyul tarixdagi eng issiq oy bo‘lganligini qayd etdi.

Xitoyda ham harorat oshib boryapti. Masalan, iyul oyi o‘rtalarida mamlakatning shimoli-g‘arbiy hududida joylashgan Sanbao qishlog‘ida 52 daraja issiq bo‘lgan. O‘tgan yili ham mamlakatda kuchli issiq sabab qurg‘oqchilik hodisasi kuzatilgandi.

Haroratning oshishi xitoyliklarning kiyinish madaniyati va sotib olayotgan narsalariga ham ta’sir qilyapti. Mamlakatda hozir yuzni butunlay qoplab oladigan «feyskini» deb ataluvchi niqob ommalashyapti. 

Foto: Reuters

Feyskini – cho‘milish va suzish paytida ham taqib yurish mumkin bo‘lgan yengil va yorqin matolardan tikilgan niqob bo‘lib, ko‘z, burun va og‘iz ochiq bo‘lib, harakatlanishga xalaqit bermaydi. Bu niqob bilan ultrabinafsha nurlarning ta’siridan saqlanish maqsad qilingan.

 

Feyskini Xitoy uchun yangilik emas, o‘zining plyajlari bilan mashhur Qingdao shahrida oldindan bu niqoblardan foydalanib kelingan. Lekin odatiy aksessuar sifatida feyskinilar hech qachon bunday ommalashmagan. 

Feyskinining yaxshi sotilayotganiga yana bir sabab uning ko‘z burchaklarini ham himoya qila olishidir. Sababi yuzning bu qismida sepkil paydo bo‘lishi ancha oson. 

Oq teri Xitoy va Osiyoning katta qismi uchun go‘zallikning ideal belgisi hisoblanadi. Bu rangdagi teri tarixan ham boylik va yuqori tabaqa ramzi bo‘lib kelgan. Shu sabab kun davomida quyoshdan saqlanish sharaf hisoblangan. Bunday qarash kino, musiqa industriyasi va million dollarlik terini oqartiruvchi kosmetika sanoati bilan yanayam mustahkamlangan. 

Bundan tashqari, Xitoyda odatiy harorat 35 darajadan yuqori bo‘layotgani uchun shlyapa, ventilyator, maxsus tikilgan yenglar va ventilyatorli shlyapalar xaridi ham oshgan.

Mavzuga oid
Top