09:04 / 31.07.2023
4483

Nigerda xunta tarafdorlari Rossiya bayroqlari bilan ko‘chalarga chiqdi

Marsh ishtirokchilari Niger poytaxti ko‘chalari bo‘ylab Rossiya bayroqlari bilan yurdi, shundan so‘ng Fransiya elchixonasi eshigiga o‘t qo‘ydi, deb xabar beradi AP.

Foto: Sam Mednick/AP/dpa/picture alliance

Nigerda harbiy to‘ntarishning minglab tarafdorlari Fransiyani mustamlakachilik o‘tmishida qoralab, poytaxt Niamey bo‘ylab marsh o‘tkazdi. Shu bilan birga, ular Rossiya bayroqlarini silkitib, Fransiya elchixonasi eshigiga o‘t qo‘ydi, shundan so‘ng armiya olomonni tarqatib yubordi, deb xabar beradi 30 iyul, yakshanba kuni AP. 

Unga ko‘ra, ishtirokchilardan ba’zilari «Fransiya barham topsin» degan yozuv va Rossiya prezidenti Vladimir Putinni qo‘llab-quvvatlovchi shiorlar tushirilgan plakatlarni ko‘tarib yurgan. Agentlik qayd etishicha, Rossiyaning norozilik namoyishlarida ishtiroki darajasi hali aniqlashtirilmagan. AP eslatishicha, «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi Malida Niger bilan chegarada faoliyat yuritadi, shuningdek, Rossiyaning G‘arbiy Afrikadagi ta’siri kengaygan. 

Parij voqeadan so‘ng «Fransiya fuqarolari, armiyasi, diplomatlari yoki fransuz bazalariga qilingan har qanday hujum darhol va murosasiz javobga sabab bo‘ladi», deya ma’lum qildi, deb yozmoqda AFP axborot agentligi. Yelisey saroyi Fransiya va uning manfaatlariga qaratilgan hujumlarga toqat qilmasligini ta’kidladi. 

Ayni paytda, Abujada bo‘lib o‘tgan G‘arbiy Afrika Iqtisodiy hamjamiyati (ECOWAS) favqulodda sammitida ushbu uyushma, Afrika Ittifoqi va xalqaro hamjamiyat Muhammad Bazumni Nigerning qonuniy va saylangan prezidenti va davlat rahbari deb hisoblashda davom etishi ta’kidlandi. 

 

Mavzuga oid
Top