09:35 / 05.08.2023
8866

AQSh Meksika chegarasi orqali migratsiyani cheklashga qaratilgan qattiq qoidalarni o‘zgarishsiz qoldirdi

Migrantlar himoyachilari AQSh chegarasini noqonuniy kesib o‘tgan muhojirlarga qo‘yiladigan qattiq talablarga norozilik bildirdi. Yakuniy hukm hali chiqarilmagan.

Foto: Christian Chavez/AP

AQShda Meksika bilan chegara orqali migratsiyani cheklashga qaratilgan qattiq qoidalar o‘z kuchini saqlab qoldi. Bu haqda Amerika OAV 9 avgust, juma kuni apellyatsiya sudi qaroriga tayanib, xabar berdi. Gap may oyidan beri amalda bo‘lgan qoidalar haqida bormoqda – agar muhojirlar chegarani noqonuniy kesib o‘tgan bo‘lsa yoki AQShga ketayotganda boshqa davlatdan boshpana so‘ramagan bo‘lsa, AQShda boshpana olish huquqiga ega emas.

Qo‘shma Shtatlarga kirish uchun elektron vizaga ariza bermasdan Meksikaning AQSh bilan quruqlikdagi chegarasini kesib o‘tganlar ham boshpana olish huquqidan mahrum bo‘ladi.

Muhojirlarni himoya qiluvchi tashkilotlar AQSh rasmiylarining xatti-harakatlari AQSh qonunchiligini buzishi va muhojirlar uchun xavf tug‘dirishini ta’kidlab, ushbu qoidalarga sud orqali e’tiroz bildirgan. Avvalgi sud faollarning da’volarini qanoatlantirgan. Iyul oyi oxirida u bahsli qoidalarni bekor qildi va AQSh ma’muriyatiga apellyatsiya berish uchun ikki hafta vaqt taqdim etdi.

Apellyatsiya sudi endi Oq uy apellyatsiyasi bo‘yicha yakuniy qaror chiqarilgunga qadar ushbu qarorni to‘xtatib qo‘ydi. Bu sentabr oyida sodir bo‘lishi mumkin, ammo uzoqroq muddatga kechiktirilishi ham ehtimoldan yiroq emas, deya ta’kidlaydi Amerika OAV. Apellyatsiya sudining amaldagi qarori bo‘lmaganida, quyi sudning ajrimi keyingi haftada kuchga kirgan bo‘lardi.

Mavzuga oid
Top