07:20 / 12.08.2023
2737

O‘zbekiston Afg‘onistonga davlat xaridlari orqali dori vositalarini yetkazib bermoqchi

O‘zbekistondagi farmatsevtika korxonalari Afg‘onistonning dori-darmon bo‘yicha davlat xaridlarida (tenderlarida) ishtirok etishi mumkin.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Ulug‘bek Egamov raisligida Afg‘oniston Oziq-ovqat va dori-darmon milliy idorasi (AFDA) raisi doktor Abdul Bori Umar bilan muzokaralar bo‘lib o‘tdi, deb xabar qildi agentlik matbuot xizmati.

Suhbat chog‘ida O‘zbekistondagi farmatsevtik mahsulotlar ishlab chiqaruvchi korxonalarni Afg‘onistonning dori-darmon bo‘yicha davlat xaridlarida (tenderlarida) ishtirok etishi kabi takliflar bildirildi.

Afg‘onistonda O‘zbekiston farmatsevtik mahsulotlari shourumini tashkil etish, O‘zbekiston farmatsevtik mahsulotlarini Afg‘onistonning tegishli idoralarida ro‘yxatdan o‘tkazish hamda ro‘yxatdan o‘tkazilish muddatlarini qisqartirish ham taklif qilindi.

Muzokaralar yakunlariga ko‘ra, takliflar ishlab chiqish va ma’lumot almashish uchun qo‘shma texnik ishchi guruh tuzish taklifi qo‘llab-quvvatlandi, uning tarkibini yaqin vaqt ichida tasdiqlash va taqdim etishga qaror qilingan.

Top