10:14 / 25.08.2023
3835

FVV sel xavfi yuzaga kelganda amal qilish lozim bo‘lgan qoidalarni eslatdi

Sel xavfi bo‘lgan hududlarda yashovchi aholi «O‘zgidromet», FVV/FVB, hokimiyat vakillari tomonidan bu borada berilgan ko‘rsatmalarga amal qilishi lozim.

Foto: Kun.uz

Sel - katta miqdorda tosh, qum va tuproq jinslari bilan birgalikda tog‘dan oqib tushuvchi suv bo‘lib, muntazam jala quyishi, qorlarning erishi, tog‘ suv havzalari, suv omborlari, muzlagan suv havzalari qirg‘oqlarining o‘pirilib ketishi va boshqa sabablar oqibatida yuz berishi mumkin.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi sel xavfi yuzaga kelganda amal qilish lozim bo‘lgan qoidalarni eslatdi.

Katta hajmga va yuqori tezlikka ega bo‘lgan sel oqimi, yo‘lidagi barcha binolarni, aholi yashaydigan uylarni, gidrotexnik inshootlarni buzib, qishloq xo‘jalik ekinlarini, bog‘larni payhon qiladi. Odamlar va hayvonlarni nobud qilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasidagi barcha tog‘ va tog‘ oldi hududlar, jumladan, Namangan, Farg‘ona, Surxondaryo, Toshkent, Samarkand va Qashqadaryo viloyatlari suv toshqini - sel xavfi yuqori hudud hisoblanadi.

Sel xavfi aprel va may oylarida ko‘proq, bu davrda tog‘ va tog‘ oldi hududlarida yomg‘ir ko‘p yog‘adi.

Sel xavfi bo‘lganda aholining harakati bo‘yicha tavsiyalar quyidagilar:

- Sel xavfi bo‘lgan hududlarda yashovchi har bir kishi «O‘zgidromet», FVV/FVB, hokimiyat vakillari tomonidan berilgan ko‘rsatmalarga amal qilishi lozim;

- sel oqimlaridan faqat qochib qutilish mumkin. Sel xavfi to‘g‘risida xabar berilgach, darhol xavfsiz joyga ko‘chish harakatlarini qilish kerak. Buning uchun vaqt juda tig‘iz ekanini doimo yodda tutish lozim;

- sel oqimidan qochishning iloji bo‘lmasa, balandroq tepalikka, daraxtga yoki biror inshoot ustiga chiqish kerak. Odatda sel 3-5 soat vaqt davom etishi mumkin;

- sel oqimi o‘tgandan so‘ng, devor va ustunlarning holatini, gaz, elektr va suv ta’minotining sozligini tekshirish zarur.

Ko‘pyillik kuzatishlar mobaynida O‘zbekistonda sel kelishi ehtimoli aprel-iyun oylarida faollashuvi qayd etilgan. Sodir bo‘lgan hodisalar quyidagicha taqsimlangan: aprel oyida 30 foiz, may oyida 36 foiz, iyun oyida 14 foiz.

Top