O‘zbekiston | 11:38 / 28.03.2024
9513
2 daqiqa o‘qiladi

Kuchli shamol vaqtida qanday xavfsizlik choralari ko‘rilishi kerak? – FVV tavsiyalari

28 mart kuni Toshkent shahrida bo‘layotgan shamol natijasida ayrim ko‘pyillik daraxtlar sinib qulab tushdi. Favqulodda vaziyatlar vazirligi kuchli shamol vaqtida nima qilish kerakligi bo‘yicha tavsiyalarini e’lon qildi.

28 mart kuni ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan rasmlarda daraxt Cobalt’ni bosib qolgani ko‘ringan.

Shuningdek, yana bir videoda Toshkent shahri Chilonzor tumani ekani aytilayotgan hududda katta daraxt ko‘p qavatli uylar yuza qismini tirnab o‘tib, piyodalar o‘tish yo‘lagi ustiga qulab tushgani ko‘rinadi.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi kuchli shamol vaqtida quyidagi xavfsizlik choralariga amal qilish kerakligini ma’lum qildi.

– yashash joylarida eshik-derazalar, chordoq va havo aylanish tizimlarini mahkam berkitish;

– elektr va gaz vositalarini o‘chirish;

– ko‘chalarda daraxt va elektr ustunlari tagida turmaslik;

– ko‘p qavatli binolar balkonlarida, deraza tokchalari hamda tashqaridagi buyumlarni imkon qadar xavfsiz joylarga olib qo‘yish yoki mustahkamligini tekshirish;

– shamol kuchayganda, mustahkam qurilgan binolar, yerosti o‘tish yo‘llari va boshqa yashirinish mumkin bo‘lgan joylarda muhofazalanish;

– ochiq maydonda yurgan hollarda pastliklar, chuqurliklar va barcha xavfsiz yerlarga yotgan holda himoyalanish;

– buzilgan binolarga kirish, xavfli ustunlar, reklama ustunlari va daraxtlar ortiga yashirinish taqiqlanadi;

– kuchli shamoldan so‘ng elektr va gaz jihozlaridan ular tekshirilgandan keyin foydalanish talab etiladi.

Shuningdek, vazirlik haydovchilarga avtomobillarni daraxtlar va yengil konstruksiyali qurilmalar ostida qoldirmaslikni tavsiya etgan.

Ma’lumot uchun, O‘zgidromet 28 mart kuni respublikaning aksar hududida yog‘ingarchilik va momaqaldiroq bo‘lishini bildirgan edi. Shu bilan birga, poytaxtda shamol 5-10 m/s tezlikda esib, 12-17 m/s gacha kuchayishi mumkinligini ma’lum qilgan edi.

Mavzuga oid