19:46 / 07.09.2023
23144

Italiya vaziri Samarqanddan lol, Moldova vazirligi kotibi oziq-ovqat xavfsizligidan tashvishda

Samarqandda o‘tayotgan Xalqaro oziq-ovqat xavfsizligi konferensiyasida xorijiy davlatlar qishloq xo‘jaligi vazirlari va vakillari ham ishtirok etishmoqda. Italiya qishloq xo‘jaligi vaziri Franchesko Lollobrijida va Moldova Respublikasi Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat vazirligi davlat kotibi Yuriy Skripnik jurnalistlarning savollariga javob qaytarishdi.

Italiya qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat va o‘rmon vaziri Franchesko Lollobrijida O‘zbekiston unga juda yoqqanini aytib, kelgusida O‘zbekiston bilan nasldor chorvachilikni rivojlantirish masalasida hamkorlikni kuchaytirish haqida ta’kidlab, kelgusida bu yo‘nalishda birgalikda qo‘shma korxonalar tashkil etish imkoniyati borligini gapirib o‘tdi.

Franchesko Lollobrijida, Italiya qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat va o‘rmon vaziri

 «Italiya O‘zbekistondek tezda rivojlanib borayotgan davlat bilan hamkorlik qilishdan manfaatdor. Men O‘zbekistonni ushbu jug‘rofiy zonadagi ishonchli hamkorlardan, deb bilaman. Bir necha oy avval davlatlarimiz rahbarlarining Italiyada bo‘lib o‘tgan uchrashuvi munosabatlarimizning yangicha shiddat bilan rivojlanishiga turtki bo‘ldi. Jumladan, qishloq xo‘jaligi, jumladan chorvachilik sohasida. Hamkorligimiz qishloq xo‘jaligiga oid ilmiy yo‘nalishlarda ham yo‘lga qo‘yilmoqda.

O‘zbekiston va Italiya boy tarix va madaniyatga ega davlatlar. Bu omillarning barchasi xalqlarimizni birlashtiradi va biz kelgusida ilmiy-tadqiqot ishlarimizda ham mushtaraklikni yo‘lga qo‘ymoqchimiz.

Men muhim tadbirga taklif etgani uchun janob vazir Voitovga tashakkur bildiraman. Italiyadagi uchrashuvimizda ko‘tarilgan masalalar, kelishuvlar Samarqandda ham davom ettirildi.

Italiyaning agrosanoat kompleksida yirik shoxli qoramollar yetishtirish dunyoda yetakchi o‘rin tutadi. O‘zbekiston bilan nasldor chorvachilikni rivojlantirish masalasida hamkorlikni kuchaytiramiz, kelgusida bu yo‘nalishda birgalikda qo‘shma korxonalar tashkil etish imkoniyatini ishga solamiz.

So‘zim yakunida shuni alohida qayd etishim kerakki, menda O‘zbekiston katta taassurot qoldirdi, ayniqsa qadimiy Samarqand shahri juda yoqdi», — dedi Italiya qishloq xo‘jaligi vaziri Franchesko Lollobrijida.

Moldova Respublikasi Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat vazirligi davlat kotibi Yuriy Skripnik xalqaro konferensiyada ishtirok etishdan ko‘zlangan maqsadlari haqida gapirib berdi.

Yuriy Skripnik, Moldova Respublikasi Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat vazirligi davlat kotibi

Ikki-uch yil muqaddam biz oziq-ovqat xavfsizligi masalasi bu qadar dolzarb bo‘lishini xayolimizga ham keltirganimiz yo‘q edi. Orada biz COVID-19 pandemiyasini boshdan kechirdik, bugungi kunda bizning chegaramiz yaqinida — Ukrainada urush bormoqda. Har bir davlat o‘zini qanday qilib oziq-ovqat mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlashni o‘ylab qoldi.

Biz shuning uchun ham ushbu konferensiyada qatnashmoqdamiz. Birgalikda, birlashib oldimizda turgan masalalarni yechishimiz kerak. Har bir davlat alohida o‘zi uchun, shuningdek, butun dunyo davlatlari birlashib yechadigan masalalar bor.

Xususan, Moldovaga tahdidlar haqida gapiradigan bo‘lsam, ilgari mamlakatimizga har besh-olti yilda bir marta qurg‘oqchilik tahdid solib turgan bo‘lsa, endi esa dehqonlarimiz yil oralab suvsizlikdan qiynalishmoqda. Bu bizning kelgusida qanday qilib ko‘proq, sifatliroq mahsulot yetishtirish bo‘yicha strategiyamizni tubdan o‘zgartiradi.

Butun dunyoni oladigan bo‘lsak, har bir mamlakatning alohida ehtiyojini qondiradigan darajaga chiqish uchun hali birgalikda ko‘p mehnat qilishimiz kerak. Chunki yildan yilga sayyoramizda havo isib ketyapti, bunday sharoitda don mahsulotlarini yetishtirish ham, meva-sabzavot yetishtirish ham qiyinlashib boraveradi. Ya’ni biz keyingi o‘n yilliklarda qanday yashashimiz, oziqlanishimiz, qishloq xo‘jaligida nimalar qilishimiz haqida qayg‘urishimiz kerak. Bosh maqsad — xalq dasturxonidan oziq-ovqat mahsulotlari uzilmasligiga erishish.

Ayni paytda birinchi galda ma’lum bir oziq-ovqat mahsulotlariga ehtiyoji bo‘lgan mamlakatlarning talabini qondirish bilan shug‘ullanish kerak. Masalan, Ukrainada mavjud g‘alla zaxiralarini Afrika qit’asiga qanday yetkazish choralarini izlash kerak.

Shuhrat Shokirjonov, Kun.uz muxbiri 

Top