13:10 / 13.09.2023
9085

Rossiya 18 mlrd rublga Boeing va Airbus samolyotlari uchun ehtiyot qismlari sotib oldi

Ukrainaga qarshi urushning bir yili davomida Rossiya chet elda ishlab chiqarilgan samolyotlar uchun 18 milliard rublga ehtiyot qismlari sotib oldi. «Vajnyye istorii» ma’lumotlariga ko‘ra, g‘arb sanksiyalariga qaramay, ba’zi komponentlar Yevropa kompaniyalaridan sotib olingan. 

Foto: Reuters

Ukrainaga qarshi urushning bir yili davomida Rossiya 2022 yilning fevralidan 2023 yilning martigacha 18 milliard rubllik Boeing va Airbus samolyotlari uchun asl ehtiyot qismlarini sotib oldi, deb xabar berdi «Vajnyye istorii» surishtiruv nashri 12 sentabr, seshanba kuni. Xaridlar joriy qilingan sanksiyalarga qaramay amalga oshirilgan

Surishtiruvchilar aniqlashicha, yetkazib berishda 26 mamlakatdan jami 150 ta kompaniya ishtirok etgan. Shu bilan birga, faqat Birlashgan Arab Amirliklaridagi vositachilarning hissasiga 9 milliard rubllik xaridlar to‘g‘ri keladi. Birinchi uchlikka Xitoy (5 milliard) va Turkiya (2 milliard) kompaniyalari ham kiradi. 

Samolyotlar uchun ehtiyot qismlari AQSh, Buyuk Britaniya, Germaniya, Chexiya va Litva kabi «do‘st bo‘lmagan» mamlakatlarda ham sotib olingan. Bu davlatlar bilan rasmiy savdo aloqalari minimallashtirilgan yoki tugatilgan. Yetkazib berish parallel import sxemasi bo‘yicha amalga oshirilgan. Shu bilan birga, ko‘plab yetkazib beruvchi kompaniyalar rossiyaliklarga tegishli. 

Yetkazib beruvchi kompaniyalarning rossiyalik egalari 

Misol uchun, BAAda ro‘yxatdan o‘tgan, 1,2 milliard rubllik ehtiyot qismlarini yetkazib bergan Griffon kompaniyasi Irina Goroxovskaya va Ilya Risevga tegishli. Risev Rossiyada aviatsiya ehtiyot qismlari savdosi bilan shug‘ullanadigan ikkita yuridik shaxsning asoschisi hisoblanadi. 

Barcha xaridlarning deyarli yarmi «Aeroflot», «Rossiya» va «Pobeda» davlat kompaniyalari tomonidan amalga oshirilgan. «Vajnyye istorii» ma’lumotlariga ko‘ra, asosiy xaridorlardan biri Moskvaning «Protektor» kompaniyasi bo‘lib, u 2 milliard rublga teng qismlarni Rossiya aviatashuvchilariga qayta sotgan. 

Ukrainadagi urush tufayli g‘arb sanksiyalari

Rossiyaning Ukrainada harbiy harakatlari boshlanganidan keyin Rossiya aviatsiya sanoatiga qarshi joriy qilingan sanksiyalar Rossiyaga samolyotlar yetkazib berishni taqiqlash, shuningdek, Rossiya avialaynerlarining sanksiyalarda ishtirok etuvchi mamlakatlarga parvozlarini taqiqlashni nazarda tutadi. Sanksiyalar asosida sug‘urta guvohnomalari bekor qilindi, Rossiya aviakompaniyalari tomonidan ijaraga olingan samolyotlar qaytarilishi kerak edi, biroq bu talab bajarilmadi. Ehtiyot qismlari taqchilligi tufayli Rossiya aviakompaniyalarining samolyotlari bilan sodir bo‘layotgan turli hodisalar ko‘paydi.

Boeing jurnalistlar so‘roviga shunday javob berdi: «2022 yil boshida kompaniya Rossiyadagi mijozlar va texnik xizmat ko‘rsatuvchilarga ehtiyot qismlari yetkazib berish, texnik xizmat ko‘rsatish va texnik yordam ko‘rsatishni to‘xtatib qo‘ydi. Biz AQSh sanksiyalari va global qonun-qoidalarga amal qilishda davom etamiz».

Qo‘shma Shtatlar va bir qator Yevropa mamlakatlarida sanksiyalarni buzganlik uchun jinoiy javobgarlik nazarda tutilgan, ammo aslida u juda kam qo‘llanadi. May oyida ikki nafar rossiyalik AQShda eksport nazoratini buzganlikda ayblanib, hibsga olingan edi. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, ular Boeing va Airbus’ga detallar yetkazib berish uchun AQSh va Turkiyada vositachilar tarmog‘ini tashkil qilgan. Ular 20 yilga qamalishi mumkin.

Top