14:12 / 14.09.2023
5756

5 yilda qariyb 1 mlrd dollar sarmoya – O‘zbekistonda suv ta’minoti tizimini yaxshilashga harakat qilinmoqda 

Hozirda 25,6 foiz aholiga ichimlik suv maxsus texnikalar yordamida tashib keltiriladi. 2030 yilga kelib markazlashgan ichimlik suv bilan ta’minlanganlik darajasini 90 foizga yetkazish reja qilinmoqda.   

Foto: Senat.uz

Senatorlar tomonidan Jizzax viloyati Zafarobod tumanidagi Birlik va Yorqin mahallalari aholisining ichimlik suv ta’minotini yaxshilash masalasi ko‘tarilgan edi. Mazkur mahallalar hududigacha diametri 450 mm bo‘lgan, uzunligi 13,5 km ichimlik suv quvurlarini yangidan qurish uchun 7 mlrd so‘m ajratish rejalashtirilgan.

Ushbu masala yuzasidan Senatning Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi mas’ul etib belgilanib, tegishli vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda masalaga yechim topish yuzasidan ishlar olib borildi.

Ma’lum qilinishicha, “O‘zsuvta’minot” AJ, Jizzax viloyati hokimligi ishchi guruh tuzib, “Fayz kommunal qurilish” MChJ tomonidan 7,2 mlrd so‘mlik 15 km ichimlik suv tizimlarini qurish ishlari amalga oshirilgan. Natijada har ikki mahalla aholisi ichimlik suv bilan ta’minlangan.

Keyingi yillarda respublikada ichimlik suv ta’minoti tizimini yaxshilashga doir ko‘plab ishlar amalga oshirilyapti. Bu maqsad uchun so‘nggi besh yil ichida qariyb 1 mlrd dollar sarmoya kiritilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2017-2023 yillar mobaynida jami 5 870 ta obektda qurilish ishlari olib borilib, salkam 32 ming km ichimlik va oqova suv tarmoqlari qurilgan va rekonstruksiya qilingan. Ushbu ishlar natijasida 11,8 mln aholining ichimlik suv ta’minoti yaxshilanib, 6,6 mln aholi ilk bor ichimlik suv bilan ta’minlangan.

O‘zbekistonda 2030 yilga kelib markazlashgan ichimlik suv bilan ta’minlanganlik darajasini 90 foizga yetkazish reja qilinmoqda: 2023-2030 yillarda respublika bo‘yicha qariyb 50 ming kmdan ziyod ichimlik suv tarmoqlari hamda 2 000 dona inshoot qurish va rekonstruksiya qilish ko‘zda tutilgan. Ushbu ishlarga 28,5 trln so‘m (18 trln so‘mi xalqaro moliya institutlari ishtirokida) mablag‘ ajratiladi. 

Hozirgi kunda respublikada 25,6 foiz aholiga ichimlik suv maxsus texnikalari yordamida tashib keltiriladi. Mavjud bo‘lgan 10 942 ta suv inshootining har beshtasidan bittasi, 89 ming km markaziy va ichki tarmoqlarning 26,5 foizi ta’mirtalab holatga kelib qolgan. 

Top