13:35 / 23.09.2023
32468

SSSRda yashirilgan fojia: sovetlar atom bomba portlatib 55 ming odamni qanday zaharlagan edi?

1954 yil Orenburg viloyatidagi Totskiy poligonida yirik harbiy o‘quv yig‘ini o‘tkaziladi. Unda 45 ming harbiy, 10 ming aholi qatnashadi. Rejaga ko‘ra poligonda atom bombasi portlatiladi va askarlar radiatsiya tarqalgan joyda shartli dushmanga qarshi jang qiladi. Ushbu hodisa 1993 yilgacha sir saqlanadi. Hodisa oshkor bo‘lganda harbiylarning aksariyati radiatsiyada nurlanib, bevaqt o‘lib ketgani, tirik qolganlari nogironga aylangani oshkor bo‘ladi.

Foto: alamy.com

SSSR parchalanib ketgandan so‘ng ma’lum bo‘ldiki, bu davlatda juda ko‘p halokatlar, fojialar yuz bergan va ularning aksariyati ommadan yashirilgan. Bunda ishlar orasida odamlarning sog‘ligiga zarar yetkazadigan ayrim fojialar davlat tomonidan uyushtirilgan.

Jumladan, 1954 yil Orenburg viloyatida joylashgan Totskiy sinov poligonida o‘tkazilgan, bir necha o‘n ming odamning bevaqt o‘lib ketishiga va nogironga aylanishiga sabab bo‘lgan ish ham shular jumlasidan.

Ushbu fojia ham 1990-yillar boshigacha sir tutiladi. Arxiv ma’lumotlari oshkor qilinganda odamlar hayratdan yoqa ushlaydi. Chunki davlat qariyb 60 ming kishini oqibatini bila turib ajal yoqasiga itargan edi.

O‘shanda bu poligonda Ikkinchi jahon urushining afsonaviy qahramonlaridan biri marshal Georgiy Jukov boshchiligida yirik harbiy o‘quv-yig‘ini o‘tkaziladi.

Yig‘in davomida atom bomba portlatiladi va radiatsiya maydonida harbiylar shartli dushmanga qarshi jang qiladi. Aholini esa radiatsiya nurlari tarqaladigan maydonida qoldirishadi.

Oqibatda ularning qariyb barchasi zaharlanadi va ko‘pchiligi bevaqt o‘lib ketadi. Tirik qolganlari esa bir umrga nogironga aylanadi.

Sinovdan avvalgi vaziyat

1945 yil 6 va 9 avgust kunlari amerikaliklar Yaponiyaning Xirosima va Nagasaki shaharlariga atom bomba tashlaydi. Ana shunda dunyo AQSh dahshatli qurolga ega bo‘lganidan xabar topadi.

Oradan 4 yil o‘tib, 1949 yil 29 avgust kuni sovetlar Qozog‘istonning Semipalatinsk shahridagi poligonda dastlabki sinovni o‘tkazishadi. Shu tariqa dunyoning ikki yirik davlati ham dahshatli qurolga ega bo‘ladi.

Shundan keyin ham har ikki davlat ko‘plab yadro sinovlarini o‘tkazadi. Aksariyat sinovlar atom bombalarining kuchini sinash uchun edi.

O‘sha paytda amerikaliklarda Xirosima va Nagasakiga tashlangan atom bombasidan keyingi vaziyatning tadqiqotlari bor edi.

Urushdan so‘ng Yaponiyani o‘ziga vassal qilgan amerikaliklar radiatsiya bilan nurlangan odamlar ustida turli tadqiqotlarni o‘tkazgan, sovetlarda bunday tajriba yo‘q edi.

Shu sababli 1950-yillar boshida sovetlar atom bombasining portlashi odamlarga qanday ta’sir etishini sinab ko‘rishni maqsad qiladi.

Harbiy o‘quv yig‘ini

1954 yilning boshlarida SSSR Mudofaa vaziri Nikolay Bulganin havo hujumiga qarshi kuchlar va dengiz-flotida yirik o‘quv yig‘inlari o‘tkazish haqida buyruq beradi.

Bu o‘quv yig‘inida sovetlar dushman atom quroli bilan hujum qilganda uni qaytarishni mashq qilishni rejalashtiradi. Yig‘inda 1951 yilda sinovdan o‘tkazilgan atom bombasi portlatilib, harbiylar radiatsiya tarqalgan maydonda shartli dushman hujumini qaytarishi kerak edi.

Yig‘inni avvaliga Arxangelsk viloyatidagi Kapustin Yar poligonida o‘tkazmoqchi bo‘lishadi. Ko‘p o‘tmay reja o‘zgaradi va 1954 yilda yig‘in Orenburg viloyatida joylashgan Totskiy poligoniga ko‘chiriladi.

Bunga sabab, sovetlar Totskiy poligonidagi landshaft Yevropanikiga o‘xshash deb topishadi. Yig‘inni o‘tkazishga marshal Georgiy Jukov rahbar etib tayinlanadi va reja juda qattiq sir saqlanadi.

Totskiy poligoniga mamlakatdagi 212 ta harbiy qismdan 45 ming nafar harbiy, 600 ta tank, 500 ta minomyot, 600 ta zirhli transport, 320 ta samolyot, 6 mingta turli rusumdagi harbiy mashinalar chaqiriladi.

Totskiy poligoniga chaqirilgan harbiylar

Bundan tashqari, poligon atrofida yashovchi qizlardan ko‘ngillilar otryadi tuziladi. Biroq ularga va harbiylarga yig‘in davomida atom bombasi portlatilishi mutlaqo aytilmaydi.

Totskiyga chaqirilgan harbiylarning 6 ming nafari turli lavozimdagi zobitlar, qolgani 18-21 yoshdagi majburiy harbiy xizmatni o‘tayotgan yosh yigitlar bo‘lgan.

Rejaga ko‘ra Totskiydagi poligon atrofi beshta hududga bo‘linadi.

1-hudud. Atom bombasi portlatiladigan joydan 8 kilometr radiusdagi joy. Bu hududdan barcha odam chiqariladi.

2-hudud. Episentrdan 8-12 kilometr radiusdagi joylar. Bu hududda yashovchi aholi atom bomba portlashidan 3 soat oldin tabiiy boshpanalarga joylashtiriladi. Berilgan maxsus signaldan so‘ng ular yerga yuztuban yotishadi.

3-hudud. Episentrdan 12-15 kilometr radiusdagi joylar. Bu hududda yashayotgan aholi portlashdan uch soat oldin uylaridan tashqariga chiqariladi. Maxsus signaldan so‘ng ular yerga yuztuban bo‘lib yotishadi.

4-hudud. Episentrdan 15-50 kilometr radiusdagi joylar. Aholi o‘z uyida qolaveradi. Mabodo atom bomba portlashidan so‘ng hosil bo‘ladigan bulutning harakatiga qarab ular xavfsiz joylarga ko‘chiriladi.

5-hudud. Atom bombani tashlaydigan samolyot uchadigan yo‘nalishdagi joylar. Bu hududdagi aholi portlashdan uch soat oldin xavfsiz joyga ko‘chiriladi. Ularga tegishli uy hayvonlari molxonalarga qamab qo‘yiladi.

Totskiy poligoniga eng yaqin qishloqlar Maxovka va Yelshanka 5, Berezovka 10, Pronkino 13, Totskiy 20, Buzulik 40 kilometr masofada joylashgandi.

Atom bombasi portlatilgan joy Samaradan 180, Orenburgdan 170 kilometr uzoqlikda joylashgan

Atom bombasining portlatilishi

O‘quv yig‘inini o‘tkazish 1954 yil 14 sentabrga mo‘ljallangan edi. O‘sha kuni ertalabdan havo ochiq, barcha harbiy xizmatchilar o‘z pozitsiyalarini egallab, Jukovning buyrug‘ini kutishayotgandi.

Mahalliy vaqt bilan soat 9:20 da komandirlar Jukovga yig‘inni boshlash uchun barcha harbiylar va texnikalar shayligini ma’lum qiladi. U atom bombani tashlashga buyruq beradi.

Soat 9:34 da Tu-4 samolyoti uchuvchisi 8 ming metr balandlikdan 44 kilotonna kuchga ega atom bombani belgilangan joyga tashlaydi. Oradan 48 soniya o‘tgach, u Yerdan 350 metr balandlikda portlaydi.

Atom bombasi portlaganda avval chaqnash, so‘ng ko‘zni qamashtiradigan yorqin oq yorug‘lik paydo bo‘ladi.

Portlash tufayli sodir bo‘lgan issiq taft juda katta hududda Yerdagi namlikni bug‘laydi va qurigan tuproqni parchalab havoga ko‘taradi.

 Katta miqdordagi chang raketa portlagan paytda ajralib chiqqan tutun bilan aralashadi va portlashdan 3,6 soniya o‘tib juda katta hududni egallaydi.

Uning bir qismi tepaga ko‘tarilib, atom bomba portlashi tufayli paydo bo‘lgan qo‘ziqorinsimon tutunga qo‘shiladi.

Hodisa guvohlaridan biri keyinchalik shunday eslagandi:

«Turli texnikalar va harbiylar atom bombasi portlatiladigan joydan bor-yo‘g‘i 5 kilometr uzoqlikda joylashtirilgandi. Portlash sodir bo‘lgandan ko‘p o‘tmay hujum qilish buyrug‘i berildi. Texnikalar bilan episentrga qarab harakatlana boshladik. Old qatorda bo‘lganlarga protivogaz berishgandi. Biroq hamma yoq chang bo‘lgani uchun tez orada nafas olib bo‘lmay qoldi va protivogazlarni yechib tashladi. Samolyotlar boshimiz uzra qo‘ziqorinsimon bulut orasida uchardi».

Portlash buluti bir necha soniyada 750 metr, 1 daqiqadan so‘ng 4 kilometr, 7 daqiqadan so‘ng esa 15 kilometr balandlikka ko‘tariladi.

Atom bombasi portlaganda episentrga eng yaqin bo‘lgan Maxovka va Yelshanka qishloqlaridagi barcha uylar, Berezovka, Ivanovka, Orlovka hamda Pronkinodagi uylarning bir qismi yonib kul bo‘ladi.

Shuningdek, episentrdan 25 kilometr masofada joylashgan aholi punktlaridagi uylarning barcha eshik va deraza oynalari sinib tushadi.

Jukov boshchiligidagi qo‘mondonlar portlashni episentrdan 13 kilometr uzoqlikda joylashgan shtabdan turib kuzatishadi. O‘sha kuni Jukovning yonida marshallar Rokossovskiy, Vasilevskiy, Konev, Malinovskiy ham bor edi.

Marshal Jukov (o‘ngdan ikkinchi) harbiylar bilan.

Keyinchalik marshal Jukov o‘z esdaliklarida portlashni shunday tasvirlagandi:

«Men atom bomba portlashini ilk marta Totskiydagi poligonda ko‘rdim. O‘shanda insoniyat qanchalik dahshatli qurol yaratganini va hech qachon uni qo‘llashga imkon berib bo‘lmasligini tushundim. Yig‘inda qatnashgan harbiylar va odamlarning radiatsiyadan nurlanishini taxmin qilgandim. Biroq biz amerikaliklar bilan bo‘layotgan poygada ortda qola olmasdik va shunga majbur edik. Raqiblar atom bombasi bilan hujum qilishlarini aytib shantaj qilishayotganda biz shunchaki qarab turolmasdik».

Bundan tashqari, atom bombasi portlashini kuzatish uchun xitoylik marshal Chju De, shimoliy koreyalik Pen Dexuay, Polsha mudofaa vaziri Marian Spixalskiy va Chexiya mudofaa vaziri Lyudvig Svoboda kelishadi.

Portlashdan 36 daqiqa o‘tgach, soat 10:10 da harbiylar shartli dushmanga jang boshlaydi. Soat 11:00 gacha barcha harbiylar hujumga qo‘shilib bo‘lgandi.

Eng avval motoo‘qchi brigadar, keyin boshqa bo‘linmalar radioaktiv moddalar bilan to‘yingan changni yutib, episentrni kesib o‘tadi. Shuningdek, samolyotlar ham havodan atom bombasi portlaganda hosil bo‘lgan qo‘ziqorinsimon bulutlar orasidan uchishadi.

Yirik ko‘lamdagi harbiy o‘quv yig‘ini va unda 45 ming harbiy va 10 ming aholi vakillari qatnashgani haqida hech qayerda hech qanday ma’lumot berilmaydi.

Piyoda qo‘shinlar atom bombasi portlatilishini kuzatishayapti

Faqat yig‘in o‘tkazilgandan keyin ikki kun o‘tib, 1954 yil 17 sentabrda «Pravda» gazetasida TASS xabari e’lon qilinadi. Xabarda shunday deyilgandi:

«Tadqiqot va eksperimental ishlar rejasiga muvofiq, so‘nggi kunlarda SSSRda atom qurollaridan biri sinovdan o‘tkazildi. Sinovning maqsadi atom portlashining ta’sirini o‘rganish edi. Sinov jarayonida sovet olimlari va muhandislari atom hujumi yuz berganda himoyalanishni muvaffaqiyatli tashkil etishda asqatadigan qimmatli natijalar olishdi».

TASS xabarida tirik odamlar tepasida atom bombasi portlatilgani va 45 ming harbiy, bundan tashqari poligon yaqinidagi aholi punktlarida yashaydigan odamlar radiatsiya bilan zaharlangani haqida hech gap yo‘q edi.

Totskiydagi yig‘inda qatnashgan harbiy poligondagi holatni shunday tasvirlagandi:

«Portlash bizni tiriklay ko‘mgandi. Quroldoshimiz bizni qutqargan. Otryadim bilan episentrdan 6 kilometr uzoqlikda 2,5 metr chuqurlikdagi xandaqqa joylashgandik. Portlashdan so‘ng avvaliga yorqin chaqnash paydo bo‘ldi va juda baland ovoz eshitildi, bir muddat kar bo‘lib qoldik. Bir-ikki daqiqadan so‘ng kuchli issiqni his qildik va terlab, kiyimlarimiz ho‘l bo‘ldi. Nafas olishimiz qiyinlashdi. Portlash sodir bo‘lganda xandaqning devorlari to‘kilib, tuproq ostida qoldik. O‘shanda sal avval bosh kiyimini to‘g‘rilash uchun o‘rnidan turgan yigit tufayli tirik qoldik. Aks holda halok bo‘lardik. U tuproqni qazib, bizni chiqarib oldi».

O‘quv yig‘ini o‘tib bo‘lgandan so‘ng harbiylar to‘liq ust-boshlarini almashtirishadi. Lekin radiatsiya ularning tanasini zaharlab bo‘lgandi.

Totsk poligonidagi harbiylar «protivogaz»lar bilan / Foto: alamy.com

Shu holida ularning bir qismi avval atrofdagi qishloqlarda sodir bo‘lgan yong‘inlarni o‘chirishadi. O‘lib yotgan uy hayvonlarini olib chiqib ko‘mishadi. So‘ng o‘z qismlariga jo‘nab keta boshlashadi.

Odamlar ham qishloqlarga qaytishadi. Faqat butunlay yonib ketgan ikkita qishloq aholisiga boshqa joydan boshpana beriladi. Qolganlar radiatsiya bilan zaharlangan hududlarga qaytadi. Odamlar vayron bo‘lgan uylarni qayta tiklab, yashay boshlaydi.

O‘shanda sovetlar radiatsiya tarqalgan hududda bo‘lgan chorva mollarini tekshirish uchun Moskvaga olib ketadi. Shuningdek, episentrga yaqin joyda bo‘lgan harbiylar tekshiriladi. Hisobot ayanchli edi, hayvonlar va harbiylar radiatsiyada nurlanib bo‘lishgandi.

Hodisaning oshkor bo‘lishi

Totskiyda sodir bo‘lgan fojia haqida ilk bor 1980-yillar oxirida gapirila boshlanadi. Tirik qolganlardan ayrimlari sovet hukumatini dahshatli sinovda tirik odamlardan foydalanganlikda ayblashadi.

Biroq hukumat aybini tan olmaydi. Jabrlanuvchilar hukumat o‘zlarini «Chernobilchi»lar qatoriga qo‘shishni va nafaqa tayinlashni talab qilishadi. Biroq bu ish amalga oshmaydi.

Keyinchalik Rossiya hukumati ularga nafaqa tayinlaydi. Biroq bu paytga kelib yig‘inda qatnashganlarning ozchiligi tirik edi xolos.

Totskdagi sinov paytida jabrlanganni yodga olish uchun yig‘ilgan harbiylar

1991 yilda SSSR parchalanib ketgandan so‘ng bir muddat maxfiy arxivlar ochiladi va ana shunda Totskiy poligonida yuz bergan fojia ommaga oshkor bo‘ladi.

Odamlar sovetlar Totskiyda atom bomba portlatilib, radiatsiya tarqalgan maydonda o‘zlaridan «tajriba quyonlari» sifatida foydalanishganini eshitib dahshatga tushadi.

Keyinchalik o‘tkazilgan surishtiruvlarda Totskiydagi yig‘inda qatnashgan 55 ming odamdan qariyb yarmi uzoq yashamagan va 1960 yilgacha turli og‘ir kasalliklardan vafot etgani aniqlanadi.

Tirik qolganlar esa umrining oxirigacha turli kasalliklardan aziyat chekib yashagan. Totskiyda zaharlanganlardan tug‘ilgan bolalar ham nogiron holda dunyoga kelgan.

Yig‘indan so‘ng uylariga qaytgan odamlar radiatsiya bilan zaharlangan yerda dehqonchilik qilib turli mahsulotlar yetishtiradi. Ularni iste’mol qilgan odamlar har xil kasalliklarga chalinadi.

Totskiydagi sinov paytida harbiylarga shunday maxsus kiyimlar berilgan. Biroq ular harbiylarni radiatsiya bilan zaharlanishdan to‘sib qololmaydi. / Foto: aif.ru

Oradan bir yil o‘tib, Totskiydagi sinovda bo‘lgan harbiylar va radiatsiya tarqalgan hududda yashayotgan odamlarning dastlabkilari vafot etadi. Keyinchalik o‘lim holatlari ko‘payadi. Tirik qolganlarida turli kasalliklar avj oladi. Turmushga chiqqan qizlardan esa nogiron bolalar tug‘iladi.

1960 yilgacha Totskiydagi yig‘inda qatnashgan harbiylar va odamlarning asosiy qismi turli kasalliklardan vafot etib bo‘ladi. O‘shanda ularning aksariyati hali o‘ttizga ham to‘lmagan yigitlar edi.

1994-95 yillarda rossiyalik va amerikalik mutaxassislar Tots poligoni va uning atrofidagi radiatsiya darajasini aniqlash bo‘yicha tadqiqotlar olib boradi.

Shunda 1954 yilda portlatilgan atom bombasi tufayli 200 kilometr radiusdagi hudud radiatsiya bilan zaharlangani va havoga plutoniy, kobalt, seziy, stronsiy zarralari tarqab ketgani aniqlanadi.

Agar harbiy xizmatchilarning radiatsiya bilan zaharlanishi taqqoslansa, Totskiyda amerikaliklar Xirosimaga tashlangan atom bombasidan uch baravar katta bomba portlatilgan.

Xirosimaga tashlangan «Little Boy» deb nomlangan atom bombasi 13-18 kilotonna, Totskiy poligonida portlatilgan bomba esa 44 kilotonna kuchga ega bo‘lgan.

Totskiy poligoniga to‘rnatilgan yodgorlik / Foto: fb.ru

Hodisa oshkor bo‘lgandan so‘ng G‘arb OAVda Stalin vafotidan so‘ng SSSR rahbari bo‘lgan Xrushchyov 1953 kuzda atom bomba portlashi odamlarga qanday ta’sir qilishini sinab ko‘rishni buyurganini yozib chiqishadi.

Ularga ko‘ra, sovetlar Yaponiyaga tashlangan atom bombasi oqibatlarini o‘rgangan amerikaliklardan ortda qolmaslik uchun bu ishni qilgan.

Totskiyda zaharlanganlardan tug‘ilgan insonlar hozir ham hayot va ularning aksariyati turli kasalliklardan aziyat chekib yashamoqda.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid
Top