10:20 / 30.09.2023
8532

EastFruit: O‘zbekistonda yanvarda kuzatilgan kuchli sovuq uzum hosiliga jiddiy zarar yetkazgan

Oq, qizil va qora uzumlarning joriy ulgurji narxlari darajasi o‘tgan yillarda qayd etilganidan bir necha barobar yuqori bo‘layotganiga e’tibor qaratildi.

Foto: Getty images

Belgiyaning qishloq xo‘jaligi sohasini yoritishga ixtisoslashgan EastFruit portalida “O‘zbekistonda uzum narxlari o‘sishda davom etmoqda” sarlavhali maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo”.

Nashrda qayd etilishicha, EastFruit ekspertlari joriy mavsumda O‘zbekistonda uzum narxining rekord darajada yuqori bo‘lganiga bir necha bor e’tibor qaratgan. 

“Sentyabr oyining birinchi haftasida qisqa tanaffusdan so‘ng, ushbu mahsulotlarning narxi yana o‘sishni boshladi. Oxirgi ikki hafta ichida “Kishmish” navli uzumining ulgurji narxi 17 foizga, oq uzum 38 foizga, qora uzum 22 foizga oshdi”, - deyiladi maqolada.

EastFruit monitoringiga ko‘ra, 2023 yil 8 sentabrdan 22 sentabrgacha O‘zbekistonda “Sulton” navli uzumning o‘rtacha ulgurji narxi 18 ming so‘mdan 21 ming so‘mga oshdi.

“Ushbu mahsulotlar narxining oshishi bir oydan ko‘proq vaqt oldin boshlanganini inobatga olsak, 2023 yilning 11 avgustidan 22 sentabriga qadar “Kishmish” navli uzumining o‘rtacha ulgurji narxi 2,1 barobarga – 10 ming so‘mdan 21 ming so‘mga yuqorilagan, - deb yozgan elektron portal. - Hozirgi ulgurji narxlar va o‘tgan yillar darajasi o‘rtasidagi farq juda katta. Joriy yil 22 sentabr holatiga ko‘ra, “Sulton” navli uzumning o‘rtacha ulgurji narxi o‘tgan yilning shu sanasiga nisbatan 2,6 barobar, 2021 yilga nisbatan esa 2,3 baravarga ko‘tarilgan”.

Maqolada oq, qizil va qora uzumlarning joriy ulgurji narxlari darajasi o‘tgan yillarda qayd etilganidan bir necha barobar yuqori bo‘layotganiga e’tibor qaratilgan.

“Ekspertlar joriy mavsumda O‘zbekistonda uzum narxining bunday yuqori dinamikasiga yanvar oyida kuzatilgan sovuq natijasida hosilning pastligini sabab qilib ko‘rsatmoqda. O‘zbekistonda yanvar oyining ikkinchi o‘n kunligida kuzatilgan anomal sovuq uzum hosiliga jiddiy zarar yetkazdi”, - deb yozgan EastFruit.

Top