O‘zbekiston | 17:29 / 08.10.2023
45424
6 daqiqa o‘qiladi

Multfilm: SSSRni qulatgan iqtisodiy tuzum va sog‘lom bozor

Kun.uz'ning navbatdagi multfilmida bozor iqtisodiyotiga chala o‘tish, yarim-yortilik qanday oqibat keltirishi haqida so‘z boradi. O‘zi mustaqil “yura olmaydigan” korxonalarni qo‘llash hatto qudratli SSSRni ham tanazzulga uchratgan.

Ikki xil asosiy iqtisodiy tuzum bor.

Birida hammasini davlat boshqaradi: nima, qancha, qayerda ishlab chiqarishni korxonalarga buyurib turadi, reja belgilaydi va reja bajarilishini o‘zi nazorat qiladi. Mahsulot ishlab chiqarishni ham davlat budjetidan ta’minlab turadi. Keyin tayyor mahsulotni o‘zi taqsimlaydi ham.

Bu tuzumning “tozasi” – SSSR muvaffaqiyatsizlikka uradi, chunki samarasiz, o‘zi mustaqil yura olmagan korxonalarni qo‘llayverib, qo‘llayverib, oxiri tanazzulga uchradi.

“Yurolmaydigan” korxonalar

Har qanday korxonani samarali qiladigan omillar bor. Asosiy omil – korxonani rivojlantirish ISTAGI. “I-ye, rivojlanish istagi bo‘lmasligi ham mumkinmi?!” – deysiz siz buni eshitib. Ha, bo‘ladi shunaqasi. Qanday holatda?

Masalan, korxona raqobatsiz muhitda ishlayotgan bo‘lsa. Ya’ni atrofida u bilan raqobatlashadigan hech kim bo‘lmasa. Korxona ishlab chiqargan mahsulotining sotilishi naqd – aniq bo‘lsa yoki, deylik, korxonaga xomashyo yetkazib beruvchilar majburiy biriktirilgan bo‘lsa, unda korxonani rivojlantirishga stimul bo‘lmaydi, axir, shundog‘am sotilyapti mahsulot, shundog‘am kelib turibdi xomashyo. Nega kerak urinish, mahsulot sifatini oshirish, korxona tizimini mukammallashtirish, xaridor ko‘nglini ovlash, xomashyo yetkazib beruvchilar uchun kurashish?! Raqobatchi yo‘q-ku!

Rivojlanmaslikka yana bir sabab – davlat korxonani doimiy qo‘llab turadi, yo‘l qo‘ygan xatolarini budjet hisobidan yopib turadi, natijada korxona o‘z xatolarini tahlil qilmaydi va, tabiiyki, tuzatmaydi. Imkon bo‘ldi deguncha samarasizligini boshqa omillarga to‘nkaydi – davlatdan yordam olish uchun.

Ha, bunday korxonalar ham jamiyatga foyda keltirishi, odamlarni ish bilan ta’minlashi mumkin. Ammo hamma narsaning foydasi taroziga solinganda bilinadi: sun’iy raqobatsizlik muhiti iqtisodiyot rivojlanishiga yo‘l bermaydi – minglab korxonalar ochilishi mumkin bo‘lgan paytda, yakka-yakka korxonalargina, buning ustiga monopol vaziyatda faoliyat yuritadi. Korxonalar kamligi rivoj uchun zarar – ular ko‘p bo‘lishi va o‘zaro raqobat qilishi kerak.

Aynan shunday yomon manzara sodir bo‘lmasligi uchun, bozor munosabatlariga tugal o‘tmoq kerak.

Bozor iqtisodiyoti

Bozor iqtisodiyotida nima, qachon, qancha mahsulot ishlab chiqarishni (ba’zi mahsulotlardan tashqari) davlat belgilamaydi va korxonalarning ishiga aralashmaydi. Bunday sharotida korxonalar o‘zaro raqobat qilib, bir-biridan o‘zishga, yangidan-yangi mahsulot yaratishga, mahsulotni sifatliroq chiqarishga urinadi va shu bilan birga mahsulot narxini oshirib yubormaslikka harakat qiladi, axir, noo‘rin narx oshirishsa, raqobatda yutqizishadi.

Samarali korxona bu – qattiq mehnat va izlanish mahsuli. Bunaqa mehnat va izlanish faqat raqobat muhitida yuz beradi.

Sog‘lom bozor iqtisodiyotida davlat korxonalarni kamdan-kam holatlarda qo‘llaydi, chunki bunaqa qo‘llov ko‘pincha o‘sha korxonani o‘ldirish bilan barobar bo‘ladi: imtiyozli, yordamlar kelib turadigan, bozori bojlar bilan qo‘riqlanadigan, xomashyo yetkazib beruvchisi naqd bo‘lgan korxona hech qachon ko‘ngildagidek rivojlana olmaydi. Davlat budjetidan ularga yillar osha mablag‘lar, imtiyozlar berilaveradi, ammo natija bo‘lmaydi, barchasi havoga uchadi. Aksincha, mahsulot narxini sun’iy oshirish evaziga odamlar cho‘ntagidagi pul ko‘pmiqdorda yakka monopolistlarning cho‘ntagiga tushadi, holbuki bu pullar kerakli ehtiyojlarga sarflanishi, samarali korxonalarni qo‘llashi mumkin edi.

Ayrim korxonalarga alohida davlatdan yordam kelib turadigan iqtisodiyotda bozor mexanizmlari ishdan chiqadi. Chunki bunda e’tibor ostida bo‘lmaganlarning ishi tezda kasod bo‘ladi va maydondan chiqib ketadi. E’tiborda bo‘lganlar esa o‘sha – oqsoqlangan holida yuraveradi, davlat gardaniga o‘tirib olgan holida.

Rivojlanish – qattiq kurash mahsuli. Bu uchun kurash muhiti kerak, uni bizga bozor iqtisodiyoti beradi. Barcha mahsulotlarning narxini talab-taklif belgilashi, har qanday mahsulot bozor yoki birjada sotilishi, narx faqat shu yerda erkin shakllanishi kerak, hech kim narxni boshqaga buyruq yoki zo‘rlash bilan belgilamasligi kerak, zero bu – bozor iqtisodiyoti emas va bu bozorni vayron qiladi.

Yana bir muhim so‘z. Bozorga xilof muhitda qaysidir korxonaning ishi rivojlanib ketishi mumkin emas. Hatto bozori bojlar bilan himoya qilingan, hatto mahsulot yetkazib beruvchisi bog‘lab qo‘yilgan bo‘lsa ham, bunday sharoitda korxonalar rivojlanmaydi, aksincha, tanazzulga yuz tutadi. Chunki bu sog‘lom muhit emas, bu – boyliklarni, urinishlarni, umrni zavolga ketkazuchi muhit.

Sof bozor iqtisodiyoti – o‘z “yura oladigan” samarali korxonalar iqtisodiyoti. Bunaqa iqtisodiyot yuzaga kelishi uchun eskirgan, rivojga teskari amaliyotlardan voz kechish kerak. Bu qanchalik ertaroq tushunilsa, boyliklar, urinishlar va umrni iqtisod qilish mumkin bo‘ladi. Tajribadan ko‘p marotaba o‘tgan xulosa bu.

Shokir Sharipov

Mavzuga oid