23:37 / 06.11.2023
12857

Usik va Fyuri o‘rtasidagi boks bo‘yicha «asr jangi» boshqa sanaga qoldirildi 

Og‘ir vazndagi birinchi mutloq chempion 2024 yil yanvar oyida aniqlanishi kerak. 

Foto: Getty Images

Britaniyalik Tayson Fyuri va ukrainalik Oleksandr Usik o‘rtasidagi boks bo‘yicha og‘ir vazn toifasida mutlaq jahon chempioni unvoni uchun jang 2024 yil boshiga ko‘chirildi. Bu haqda ukrainalik bokschi promouteri Oleksandr Krasyuk xabar berdi. 

«Jang 23 dekabr kuni bo‘lishini kutgandik. Bu ikki tomon imzolagan shartnomaga ko‘ra edi. Ammo biz boks bilan anchadan beri shug‘ullanamiz va bilamizki, agar jangchi tayyor bo‘lmasa va ringga chiqishni istamasa, uni majburlab bo‘lmaydi», dedi Krasyuk. Shuningdek, u jangning boshqa muddatga qoldirilgani haqidagi rasmiy ma’lumot kelasi hafta paydo bo‘lishi mumkinligini qo‘shimcha qildi. 

Avvalroq britaniyalik bokschi promouteri Frenk Uorren jang qoldirilgani haqida xabar berib, Fyuriga oktyabr oyida fransiyalik Frensis Ngannu bilan bo‘lib o‘tgan jangdan so‘ng tiklanish va tayyorgarlik ko‘rish uchun vaqt kerakligini tushuntirgan edi. 

Tayson Fyuri va Oleksandr Usik o‘rtasidagi tarixiy bahs Saudiya Arabistonining Ar-Riyoz shahrida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan. 

35 yoshli britaniyalik Fyuri WBC chempioni, 36 yoshli ukrainalik Usik esa WBA, WBO va IBF unvonlari sohibi hisoblanadi. 

G‘olib to‘rtta belbog‘ davrida og‘ir vazndagi birinchi mutloq chempionga aylanadi. 2008 yilda professional bo‘lganidan beri Fyuri 34 ta jangda g‘alaba qozongan va bittasida durang qayd etgan, biror marta yutqazmagan. Usik professional ringdagi 21 ta jangining barchasida g‘alaba qozongan. 

Ma’lumot o‘rnida, Lennoks Lyuis 1999 yilda Evander Holifildni mag‘lub etib, WBA, WBC va IBF chempionlik unvonlarini saqlab qolganidan beri hech kim og‘ir vazn toifasida mutloq chempion bo‘lmagan. 

Mavzuga oid
Top