15:55 / 11.11.2023
7234

Orban Ukraina bilan YeIga a’zolik bo‘yicha muzokaralarga qarshi chiqdi

Budapesht Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishi bo‘yicha Bryussel va Kiyev o‘rtasidagi muzokaralarda aniq pozitsiyani egallaydi, dedi Viktor Orban. Yevropa komissiyasi avvalroq Ukrainaning YeIga a’zoligi bo‘yicha muzokaralarni boshlashni tavsiya qilgan edi.

Foto: AFP / SCANPIX

Vengriya bosh vaziri Viktor Orban Yevropa Ittifoqi va Kiyev o‘rtasida Ukrainaning tashkilotga qo‘shilishi bo‘yicha muzokaralar boshlanishiga qarshi chiqdi. Vengriya hukumati rahbari 10 noyabr, juma kuni davlat televideniyesida «Ukraina YeIga qo‘shilish istagi haqida gapirishga har jihatdan tayyor emas», deb ma’lum qildi va Budapeshtning bu boradagi pozitsiyasi aniq ekanini bildirdi.

8 noyabr kuni Yevrokomissiya Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishi bo‘yicha muzokaralarni boshlashni tavsiya qildi. YeI mamlakatlari davlat va hukumat rahbarlari dekabr oyi o‘rtalarida Bryusselning pozitsiyasi bo‘yicha qaror qabul qilish niyatida, biroq bunday qaror qabul qilish uchun Yevropa Ittifoqining barcha 27 davlati bir xil ovoz berishi talab etiladi. 

Viktor Orban 2010 yilning may oyida Vengriya hukumati tepasiga kelgan. Siyosatchi qonun ustuvorligi, sud tizimi va ommaviy axborot vositalarini nazorat qilish kabi qator mavzularda Yevropa komissiyasi bilan uzoq yillardan beri ziddiyatda. Orban bir necha bor Yevropa Ittifoqining Rossiyaga Ukrainaga qarshi urushi tufayli joriy qilgan sanksiyalarini bloklashga uringan. 

Mavzuga oid
Top