O‘zbekiston | 22:09 / 23.11.2023
15072
2 daqiqa o‘qiladi

Kollej direktorini kaltaklagan Bag‘dod hokimi o‘rinbosari hayfsan oldi

Majburiy obunani ta’minlamagani uchun kaltaklangan kollej direktori bosh miya chayqalishi tashxisi bilan kasalxonaga yotqizilgan edi. Shuningdek, hokim o‘rinbosari - Qahramon Murtazoqulovning harakatlari yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari ham olib borilmoqda.

Foto: Bag‘dod tumani hokimligi axborot xizmati

Farg‘ona viloyati, Bag‘dod tumani hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Qahramon Murtazoqulovga hayfsan intizomiy jazosi berildi. Bu haqdagi farmoyish tuman hokimi Yusufjon Xusainov tomonidan 22 noyabr kuni imzolangan.

Hujjatda qayd qilinishicha, Qahramon Murtazoqulov davlat fuqarolik xizmatchisining odob-axloq qoidalarini «qo‘pol ravishda buzgan». Unga Mehnat kodeksining 312-moddasiga asosan hayfsan berilgan. 

Avvalroq, Bag‘dod tumanidagi pedagogika kollejining zimmasiga gazeta va jurnallarga obuna bo‘lish uchun qariyb 24 mln so‘m reja qo‘yilgani, bu talabni bajara olmagan kollej direktor tuman hokimining o‘rinbosari tomonidan kaltaklangani haqida xabar berilgan edi. Kun.uz manbasining tasdiqlashicha bu o‘rinbosar aynan Qahramon Murtazoqulov bo‘ladi. 

Bag‘dod tumani prokuraturasi xabariga ko‘ra, holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda. 

Mavzuga oid