Kollej direktori Shuhrat Qosimovning Kun.uz'ga aytishicha, janjal 14 noyabr kuni Bog‘dod tumani hokimiyati binosida yuzaga kelgan. Tuman hokimining o‘rinbosari boshchiligida ertalab soat 8:00da obuna masalasida yig‘ilish bo‘lib o‘tgan.

Qosimovga ko‘ra, shu vaqtgacha mahalliy hokimliklar tomonidan ijtimoiy soha vakillarining deyarli hammasi, ayniqsa maktab, kollej, litsey xodimlari doimiy ravishda majburiy obunaga jalb etib kelingan.

“Yiliga 3 oy uchun obuna pulini to‘lardik, 5–5,5 mln so‘m bo‘lardi. Lekin bu safargisi juda oshib tushdi, 24 mln so‘mlik plan berishdi”,– deydi u Kun.uz muxbiriga.

Bog‘dod tuman hokimiyati obuna uchun qo‘ygan yillik rejaning gazeta va jurnallar taqsimotidagi summalari / Foto: Shuhrat Qosimov

Har bir gazeta, jurnallar soniga bo‘lib, shu summani chiqarishimiz kerakligi aytilgan. Bu bo‘yicha hech qanday rasmiy hujjat yo‘q, hammasi og‘zaki ravishda aytilgan. Shu ro‘yxatni hammamizga berishgan, endi shu ro‘yxatni bo‘lishga harakat qilib yotibmiz. Yig‘ilishda shu masalalar ko‘tarilib, oxirgi 3- yoki 4-navbatda menga keldi. Soat 8:25lar edi, mendan nimaga “plan”ni bajarmayotganimni so‘rashdi. Men 5,5 mln so‘mlik qilganimni, lekin 24 mln so‘mlikka ulgurmaganimni aytdim. O‘qituvchilarga bu ishni qildira olmasligimni aytdim.

Keyin hokim o‘rinbosari: “O‘qituvchilarga nega qildirmayapsiz, ular ham bittadan to‘lashsa, urinib qolishmaydi, hammasi “premiya” oladi, man “premiya”larini ham tekshirtiraman, bittadan qilishga majbursizlar”, dedi. Men ham bunday qilishga haqqim yo‘qligini aytib turib oldim. Aprel oyida o‘zimda pul bo‘ladi, qolganini mayli qilib beraman deb tushuntirishga urindim. Shunda kostyumini yechdi-da, oldimga kelib: “Siz topshiriqlarni bajarmayapsiz”, dedi. Nima qilib topshiriqlarni bajarmayapman deyishimni bilaman, o‘ng tomon yuzim, jag‘imga musht kelib tushdi.

Yiqilib, hushimdan ketdim. Keyin shu vaqtda oldimga xodimlar kelib, kotibaning xonasiga olib tushib qo‘yishgan ekan. Boshim aylanib, ko‘nglim aynib qolgandi. 4-5 daqiqa tinch o‘tirgach, hokimning oldiga tushdim. Bo‘lgan voqeani aytib berdim, lekin befarq bo‘lishdi”, – deydi Shuhrat Qosimov.

Zarbadan so‘ng o‘sha kuni Qosimovning ahvoli og‘irlashgan, qon bosimi ko‘tarilib, o‘zini yomon his qilgan. Tez yordam chaqirilgach, unga gipertoniya tashxisi qo‘yilib, dastlabki muolajalar qilingan. Shundan keyin shifoxonaga yotqizilgan.