Sport | 14:49 / 23.11.2023
45704
9 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston o‘smirlari Angliyani JChdan chiqarib yubordi. Navbatda Fransiya

Fransiya esa jiddiy qoidabuzarlik uchun diskvalifikatsiya qilinishi mumkin, jamoa a’zolaridan biri Niger uchun ham o‘ynagan.

Foto: Getty Images

Indoneziyada bo‘lib o‘tayotgan U17 jahon chempionatida O‘zbekiston vakillari sensatsiya ortidan sensatsiya qayd etmoqda. Jamoa Ispaniya, Mali va Kanada bilan guruhdan pley-offga chiqib, mini-sensatsiya ko‘rsatib bo‘lgandi. Jamoliddin Rahmatullayev shogirdlari guruh bosqichining 3-turida Yevropa jamoasiga qarshi o‘yinda 0:2 hisobidan chiqib ketgan (2:2) va yakunda eng yaxshi uchinchi o‘rin egalari safida nimchorakfinalga o‘tgandi.

Jamoa allaqachon chorakfinalda, qolaversa, avtomatik ravishda yarimfinalga o‘tishi mumkin: navbatdagi raqib Fransiya safida oldin Niger o‘smirlar jamoasi uchun o‘ynagan futbolchi bor.

Eng yaxshi natija takrorlandi: O‘zbekiston yana 1/4 finalda. Angliya qanday mag‘lub etildi?

Angliya – O‘zbekiston – 1:2
Gollar: Amirbek Saidov 4, Lazizbek Mirzayev 67 – Jojl Ndala 36.
Angliya U-17: Tommi Setford, Josh-Kofi Achempong, Jyeyden Megoma, Lekli Samuel, Samuel-Smit, Sam Amo-Ameyav (Jastin Obovaoduo, 80), Joel Ndala, Denni Rays (Finli Mak Allister, 46), Mayls Lyuis-Skelli, Kris Rig (Etan Nvaneri, 63), Metti Verhorst.
O‘zbekiston U-17: Muhammadyusuf Sobirov, Azizbek To‘lqinbekov, Ozodbek O‘ktamov (Yahyo O‘rinboyev, 46), Lazizbek Mirzayev, Behro‘z Shukurullayev, Amirbek Saidov, Behruz Jumatov, Muhammadali Reimov, Ollobergan Karimov, Sherzod Abdulboriyev, Dilshod Abdullayev.

1/8 finalda O‘zbekistonga chempionatning asosiy favoritlaridan biri – Angliya raqib bo‘lgandi. Britaniyaliklar guruh bosqichida Eron (2:1) va Yangi Kaledoniyani (10:0) mag‘lub etgan, Braziliyaga yutqazgan (1:2), yakunda guruhda birinchi o‘rinni egallagandi.

O‘zbekiston Ispaniya, Mali va Kanada bilan bir guruhda uchinchi bo‘lgandi. Dastlabki o‘yinda Maliga yutqazgan (0:3) bo‘lsa-da, keyin Kanada tor-mor etilgan (3:0), so‘nggi turda turnirning yana bir favoriti bo‘lgan ispanlar bilan durang (2:2) o‘ynalgandi. Yakunda oltita guruhdagi eng yaxshi uchinchi o‘rin egalari qatorida Venesuela bilan uchinchi-to‘rtinchi o‘rinlarni bo‘lishgan holda nimchorakfinalga chiqdi.

Va 1/8 finalda O‘zbekiston aynan Angliyaga ro‘para keldi. Ha, o‘zbekistonliklar inglizlarga raqobat ko‘rsatdi, ammo deyarli hech kim ulardan g‘alaba kutmayotgandi. Angliya jamoasi safida «Chelsi» akademiyasidan besh, «Siti»dan to‘rt, «Arsenal»dan ikki, «MYu»dan ham bir futbolchi bor edi. Darvozabon Setford – «Ayaks» vakili.

Ammo uchrashuvning to‘rtinchi daqiqasidayoq o‘zbekistonliklar hisobni ochishdi. Ollobergan Karimovning himoyachilar orasidan kesib bergan pasi birdaniga ikki hujumchini Tommi Setford qarshisiga chiqardi – darvozabon Lazizbek Mirzayevning zarbasini qaytardi, ammo Amirbek Saidov angliyalik himoyachilardan epchilroq bo‘lib chiqdi va boshi bilan to‘pni darvoza to‘riga joyladi. «Bunyodkor» hujumchisi uchun bu jahon chempionatidagi to‘rtinchi gol bo‘ldi – undan ko‘proq golni faqat argentinalik Agustin Ruberto (besh) urgan.

Angliyaliklar o‘zini yo‘qotib qo‘ymadi va tezda tashabbusni qo‘lga olishdi: to‘p nazorat qilindi, vaziyatlar yaratildi va muvaffaqiyat qozonildi. 35-daqiqada o‘zbekistonlik yarimhimoyachining maydon markazidagi xatosidan keyin «Manchester Siti» forvardi Joel Ndala darvozabon bilan yakkama-yakka vaziyatga chiqarib yuborildi. 1:1 – barchasi mantiqiy yakunga qarab ketayotgandek va Angliya baribir g‘alaba qozonadigandek ko‘rinayotgandi.

O‘yin davomida angliyaliklar to‘pga egalik qilishdi, O‘zbekiston esa ko‘proq himoyalandi va omadini tezkor qarshi hujumlardan qidirdi. Va Angliyani to‘xtata oldi. 67-daqiqada jamoa sardori Lazizbek Mirzayev jarima zarbasidan gol urib, raqibni yana bir bor shok holatiga tushirdi.

Angliya hisobni tenglashtirishga urindi va to‘xtovsiz oldinga tashlandi. Ndala o‘yin oxirida qulay imkoniyatga ega bo‘ldi, ammo bu safar to‘p ustunga tegdi. Hakam bo‘limga 10 daqiqadan ortiq vaqt qo‘shib berdi, vaziyatlar va zarbalar bo‘yicha yaqqol ustunlik qildi  (zarbalar bo‘yicha 20:12, darvoza sohasiga aniq borgan zarbalar bo‘yicha 10:6), ammo bu Angliyaga ikkinchi golni urishda yordam bermadi. O‘zbekiston U17 jahon chempionati 1/4 finaliga o‘tdi. 

O‘zbekiston bu bilan o‘smirlar o‘rtiasidagi jahon chempionatlaridagi eng yaxshi natijasini takrorladi – jamoa 2011 yilda Meksikada bo‘lib o‘tgan turnirda ham 1/4 finalga chiqqan, o‘shanda Urugvayga yutqazgandi 0:2 (inglizlar esa 2017 yilgi turnirda jahon chempioni bo‘lishgan).

O‘zbekistonning keyingi raqibi – Fransiya bo‘ldi. Fransuzlar guruh bosqichida AQSh (3:0), Burkina-Faso (3:0) va Janubiy Koreya (1:0) bilan o‘yinlarda uch g‘alabaga erishgan, pley-offning birinchi o‘yinida esa katta qiyinchilik bilan Senegal to‘sig‘idan o‘tgandi (0:0, penaltilar bo‘yicha 5:3), ammo ular turnirdan diskvalifikatsiya qilinishi ham mumkin.

Chorakfinalning boshqa juftliklari esa Mali – Marokash (bu juftlik g‘olibi yarimfinalda Fransiya – O‘zbekiston juftligiga raqib bo‘ladi), Braziliya – Argentina va Ispaniya – Germaniya.

Fransiya safida «Monpele»ning oldin Niger safida o‘ynagan forvardi ikki golga uzatma bergan. Sanksiya qo‘llanishi mumkin

Fransiyaning 1/8 finalda Senegalga qarshi kechadigan uchrashuvi oldidan fransuzlar diskvalifikatsiyaga uchrashi mumkinligi haqida xabar tarqaldi. Gap shundaki, JCh startida jamoa safida «Monpele» hujumchisi Yanis Issufu o‘ynagan – va hatto Burkina-Faso bilan o‘yinda (3:0) ikki golga uzatma bergan.

Issufu Fransiyada tug‘ilgan, ammo Niger va Marokash fuqaroligiga ham ega hisoblanadi. O‘tgan yili u Niger U17 safida Afrika Kubogiga saralash o‘yinlarida qatnashib, to‘rt o‘yinda ikki gol urgan.

Ammo shu bahorda ushbu yigitcha yoshlar o‘rtasidagi Yevropa chempionatida qatnashish uchun Fransiya jamoasi safiga chaqirilgan: u bu turnirda ham ikki gol urib, jamoa bilan finalgacha yetib borgan (nemislarga qarshi hal qiluvchi o‘yinda fransuzlar penaltilar seriyasida mag‘lub bo‘lishgan). Keyin esa Yanisni Fransiya U18 jamoasiga jalb etishgan va u bu jamoada to‘rt o‘yin o‘tkazgan. Oktyabr oyida esa u Liga 1 chempionatida paydo bo‘ldi: «Monpele»ning yuqori diviziondagi eng yosh debyutantiga (16 yoshu 359 kunlik) aylandi.

Shuning uchun Issufu yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatiga chaqirilgani hech kimni ajablantirmagandi. Ammo bir nyuans bor: FIFA qoidalariga ko‘ra, futbolchining bir turnir doirasida ikki jamoa safida o‘ynashi qat’iyan man etilgan. Fransiya futbol federatsiyasidagilar esa Afrika kubogi JCh uchun saralash vazifasini o‘tashini hisobga olishmagan.

Yana bir jihati shundaki, Issufu Afrika millatlar kubogida emas, faqat ushbu turnirga saralash bosqichida ishtirok etgan. FIFA ushbu musobaqalar o‘rtasidagi bog‘liqlikni yetarli deb hisoblaydimi? Foot Mercato nashri yozishicha, avvaliga raqiblardan kimdir (masalan, Burkina-Faso) protest yozishi kerak.

Sport News Africa nashri xabariga binoan, Fransiya futbol federatsiyasi «Monpele» klubi hujumchisi sanalmish Yanisning Niger o‘smirlar jamoasi safida musobaqaning saralash bosqichida maydonga tushganidan xabari bo‘lmagan.

L'Equipe xabariga ko‘ra, Fransiya o‘smirlar jamoasi bosh murabbiy Jan-Lyuk Vannuki aynan diskvalifikatsiya ehtimoli tufayli Yanis Issufuni Senegalga qarshi nimchorakfinal o‘yinidan oldin tarkibdan chiqargan. Ammo forvard turnir startidagi o‘yinlarda qatnashgani hali ham sanksiya uchun sabab bo‘lishi mumkin.

O‘zbekiston yoshlarining Fransiyaga qarshi chorakfinal o‘yini 25 noyabr kuniga belgilangan.

Mavzuga oid