14:25 / 30.11.2023
6586

Toshkentda fuqaroning bank kartasidan 250 mln so‘m o‘g‘irlagan shaxslar ushlandi

Hozirda ularning fosh etilmay qolgan boshqa shu turdagi jinoyatlarga aloqadorligini tekshirish maqsadida tergov, tezkor-qidiruv harakatlari olib borilmoqda.

Foto: Getty Images

Toshkent shahrida fuqaroning bank kartasidan katta miqdordagi mablag‘ni o‘g‘irlagan uch nafar shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda IIV TQD Kiberxavfsizlik markazi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Toshkent shahar Yashnobod tumanida yashovchi 38 yoshli G.O. IIOga murojaat qilib, bank kartasidan 250 mln so‘m mablag‘ noma’lum shaxs tomonidan firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirilganligini bildirgan.

O‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida mazkur jinoyatni Yashnobod tumanida yashovchi 26 yoshli N.G., Andijon viloyati, Jalaquduq tumanida yashovchi 18 yoshli T.X. hamda Mirzo Ulug‘bek tumanida yashovchi 26 yoshli I.M. sodir etganligi aniqlangan.

N.G. jabrlanuvchining qo‘l telefoniga qo‘ng‘iroq qilgan hamda o‘zini Click operatori sifatida tanishtirib, SMS xabarnoma yuborish orqali bank kartasining boshqaruv huquqini qo‘lga kiritgan. So‘ngra kartadan jami 250 mln so‘m miqdoridagi pulni o‘tkazib olib, o‘z ehtiyojlari uchun ishlatib yuborgan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘rilik) 4-qismi bandi bilan N.G., T.X. va I.M.ga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda ularning fosh etilmay qolgan boshqa shu turdagi jinoyatlarga aloqadorligini tekshirish maqsadida tergov harakatlari davom ettirilmoqda.

Top