17:00 / 01.12.2023
13678

Shavkat Mirziyoyev: “Iqlim muammolari hatto dunyo geosiyosiy arxitekturasiga ham ta’sir ko‘rsatmoqda”

Iqlim muammolari – barqaror rivojlanish yo‘lida jahondagi eng asosiy tahdid, dedi prezident global iqlim sammitidagi nutqida. Uning so‘zlariga ko‘ra, Markaziy Osiyoda havo haroratining oshishi jahondagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan ikki baravar ko‘p. Mintaqada so‘nggi yillarda favqulodda issiq kunlar soni ikki barobar ko‘payib, muzliklarning uchdan bir qismi erib ketgan.

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev BAAning Dubay shahrida bo‘lib o‘tayotgan BMTning iqlim o‘zgarishiga bag‘ishlangan 2023 yilgi sammitida nutq so‘zladi.

“Hozirgi davrda iqlim muammolari jahondagi barqaror rivojlanish yo‘lida eng asosiy tahdidga aylanib ulgurdi. Bu xavf-xatarlar hatto dunyo geosiyosiy arxitekturasiga ham ta’sir ko‘rsatmoqda.

Iqlim o‘zgarishining salbiy oqibatlari zamonamizning eng ayanchli ekologik inqirozlaridan biri – Orol fojiasi tufayli Markaziy Osiyo va unga yondosh mintaqalarda ayniqsa jiddiy sezilmoqda.

E’tiboringizni quyidagi faktlarga qaratmoqchiman:

  • Mintaqamizda havo haroratining oshishi jahondagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan ikki baravar ko‘pdir. So‘nggi yillarda favqulodda issiq kunlar soni ikki marta ortdi, muzliklar maydonining uchdan bir qismi erib yo‘qoldi.
  • Mintaqamiz hududida tuproq yemirilishi jarayonlari 30 milliondan ziyod aholi turmush tarziga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Kuchli chang va qum bo‘ronlari odatiy holga aylanib bormoqda.
  • Ichimlik suvi taqchilligi, havo ifloslanishi, bioxilma-xillik yo‘qolishi, qishloq xo‘jaligida hosildorlikning keskin pasayishi kabi muammolar tobora avj olmoqda.

Muxtasar qilib aytganda, bu global xavflar keng mintaqamizda o‘zining xatarli nuqtasiga yetib kelmoqda”, – dedi prezident.

Shavkat Mirziyoyev yashil iqtisodiyotga o‘tish va uglerod neytralligiga erishish Yangi O‘zbekistonning ustuvor strategik vazifasi ekanini qayd etdi.

“So‘nggi yillarda yurtimizda muqobil energiya ulushi ikki baravar ko‘paydi. Biz Amirliklar, Saudiya Arabistoni, Qatar, Xitoy, Turkiya va boshqa xorijiy hamkorlarimiz bilan birga 2030 yilga borib 25 gigavatt qayta tiklanuvchi energiya quvvatlarini barpo etamiz. “Yashil” vodorod ishlab chiqarish loyihasi bo‘yicha ilk amaliy qadamlarni tashladik.

“Yashil makon” tashabbusi doirasida har yili mamlakatimizda 200 million tup ko‘chat ekilmoqda. Shaharlarda yashil hududlar maydonini 30 foizga yetkazmoqchimiz. Orol dengizining qurigan tubida mustahkam himoya qalqonini yaratish maqsadida 2 million gektar maydonda o‘rmonlar barpo etdik”, – dedi u.

Top