Jahon | 16:29 / 05.12.2023
3988
3 daqiqa o‘qiladi

Iqlim muammolari bilan kurash: dunyoning rivojlanayotgan davlatlariga har yili buning uchun 2,4 trln dollar zarur

Iqlim sammitining 5-kunida Britaniya, Fransiya, Jahon banki va Yevropa investitsiyalar banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki tabiiy ofat vaqtida ayrim mamlakatlar qarzlariga tanaffus berishini ma’lum qildi. Birlashgan Arab Amirliklari yashil moliya dasturlariga 2030 yilgacha 270 milliard dollar ajratadigan bo‘ldi.

Foto: AP

4 dekabrda Dubayda o‘tayotgan iqlim konferensiyasining 5-kuni yakuniga yetdi. Sammitning bu kuni moliya, savdo, gender tengligi va hisobdorlik mavzulariga bag‘ishlandi. 60dan ortiq mamlakat “Gender-Responsive Just Transitions & Climate Action Partnership” kelishuvini qo‘llab quvvatladi. Bu – iqlim sabab yo‘qolayotgan ish o‘rinlarining ayollar hayotiga salbiy ta’sirini hal etishni maqsad qilgan.

Bundan tashqari, dushanba kuni iqlim o‘zgarishini yumshatish choralarining moliyaviy tomoni ko‘pchilik spikerlarning diqqat markazida bo‘ldi. Grantham tadqiqot instituti rahbari Nikolas Stern va’da qilinayotgan mablag‘lar kerakli joyga yetib bormayotgani yoki kech yetib borayotgani haqida gapirdi.

«Dunyo Parij kelishuvida qo‘yilgan maqsadlarni amalga oshirish yo‘lidan ketmayapti. Bunga rivojlanayotgan va tabiiy ofatlarga duch kelgan joylarda investitsiyaning kamligi sabab bo‘lyapti», – dedi Nikolas Stern.

Ma’lumotlarga ko‘ra, rivojlanayotgan davlatlar iqlim o‘zgarishi sabab yuzaga kelayotgan muammolar bilan kurashish uchun har yili 2,4 trillion dollarga ehtiyoj sezadi.

Barbados Bosh vaziri Mia Mottley xayriya tashkilotlari, xususiy investorlar va’da va iltimoslarni bir chetga olib qo‘yib, iqlimga zarar keltiradigan kompaniyalar soliqlaridan tushadigan pulni iqlim loyihalariga yo‘naltirishni so‘radi.

Britaniya, Fransiya, Jahon banki, Yevropa investitsiyalar banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki o‘z kredit rejalariga iqlimga bardoshli qarz bandini qo‘shishmoqchi. Bu – iqlimdan eng ko‘p zarar ko‘rgan mamlakatlarga qarz to‘lovlarini qaytarishda tanaffus qilish, oyoqqa turib olguncha ularga vaqt berishni anglatadi.

Daniyaning “Copenhagen Infrastructure Partners” investitsiya firmasi qayta tiklanadigan energiya loyihalari uchun rivojlanayotgan mamlakatlarga 3 milliard dollar yo‘naltirishni rejalayotganini e’lon qildi.

Bundan tashqari, Birlashgan Arab Amirliklari ham yashil moliya dasturlariga 2030 yilgacha 270 milliard dollar ajratib, tabiiy ofatlar vaqtida jabrlangan mamlakatlarning qarz to‘lovlariga tanaffus bermoqchi.

Shuningdek, sammit davomida Abu-Dabi amirligi mintaqada moliyalashtirish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida iqlim tadqiqotlari va maslahat markazini ishga tushirgani ma’lum qilindi.

Eslatib o‘tamiz, COP28 30 noyabrda Dubayda boshlangandi, hozirgacha bir nechta davlat va tashkilotlar iqlim o‘zgarishi ta’sirini yumshatish uchun o‘z moliyaviy paketlarini e’lon qilishdi.

Mavzuga oid